Koronavirus haqida ota-onalar bilishi kerak boʻlgan eng muhim maʼlumotlar

16:09 28 Mart 2020 Jamiyat
589 0

Архив сурат

Epidemiya tufayli koʻplab mamlakatlarda maktablar yopildi va ota-onalar bolalarda infeksiya xavfini minimallashtirish uchun oʻz hayotlarini qanday tashkil qilishlari haqidagi savollarga duch kelishdi.

Bolalar infeksiyaga kamroq moyil ekanligi toʻgʻrimi?

Fevral oyida “JAMA” Amerika tibbiyot assotsiatsiyasining jurnalida eʼlon qilingan va Xitoyda 72 ming koronavirusga chalinganlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni birlashtirgan birinchi keng qamrovli tadqiqot shuni koʻrsatdiki, bemorlarning atigi ikki foizi 19 yoshgacha boʻlgan. Taxminan xuddi shunday natija — 18 yoshgacha boʻlganlarning 2,5 foizi haqidagi maʼlumot Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti missiyasining fevral oyida Xitoyga tashrifidan soʻng berildi.

Shu bilan birga, hujjatda: “Ayni damda bolalar orasidagi infeksiya darajasini, shuningdek, ularning kasallikni boshqalarga yuqtirishda qanday rol oʻynashini, haqiqatan ham ular kasallikka kamroq sezgirmi yoki boshqa klinik koʻrinishga ega boʻladimi-yoʻqligini aniqlash mushkul”, deya maʼlum qilingandi.

Ammo hozirda qayd etilishicha, bolalarning aksariyati koronavirusni osonlikcha yenga oladi. Ammo baʼzilari — taxminan olti foizida xastalik jiddiy asoratlar bilan namoyon boʻladi. Olimlarning taʼkidlashicha, xavf ostidagi bolalar qatlami besh yoshdan kichik boʻlgan, zaiflashgan immunitet va oʻpka bilan bogʻliq muammolarni oʻz ichiga olganlarni qamrab oladi.

Hozirda xastalik haqida nimalar maʼlum?

1. COVID-19 pandemiyasini keltirib chiqargan SARS-CoV-2 virusi bolalarga ham, kattalarga ham taʼsir qiladi. Xitoyning Shenchjen shahrida infeksiyaning tarqalishini tahlil qilish natijasida bolalarda yangi koronavirus yuqtirish ehtimoli kattalardagidek bir xil degan xulosaga kelingan.

2. Virusni yuqtirgan bolalarda simptomlar kattalarga qaraganda kamroq uchraydi. Shu bois yaqinda JSST bolalarni koronavirusning yashirin tashuvchilari boʻlishi mumkinligini maʼlum qilishgandi.

3. Bola qanchalik yosh boʻlsa, xavf shunchalik yuqori boʻladi. Xitoydagi 2143 nafar bolalar orasida oʻtkazilgan epidemiologik soʻrov shuni koʻrsatdiki, 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda ogʻirroq alomatlar, shu jumladan, nafas olish muammolari kuzatiladi. Immuniteti hali toʻla rivojlanmagan bir yoshgacha boʻlgan chaqaloqlar esa eng himoyasiz hisoblanadi.

4. Koronavirusni bolalardan ham yuqtirib olish mumkin. Bu kabi holat Uxan shahrida isbotlandi. Maʼlumotlarga koʻra, dastlabki bir hafta ichida hatto tashuvchida alomatlar boʻlmasa ham SARS-CoV-2 oʻta yuqumli boʻladi. Bu vaqtda virus yuqori nafas yoʻllarini berkitib qoʻyadi va yuqtirgan odam yoʻtalganda yoki aksa urganda uni boshqalarga ham yuqtiradi.

Ota-onalar uchun maslahatlar

“Pediatrics” jurnalida chop etilgan maqolada muallif Virjiniya universitetining bolalar yuqumli kasalliklari kafedrasi mudiri Stiven L. Zeyxner muammoni quyidagicha qoʻyadi: “Koʻplab virusni yuqtirgan bolalarda yengil alomatlar kuzatiladi yoki umuman belgilar koʻrinmaydi. Shu bois ijtimoiy masofani, gigiyena va boshqa jarayonlarni kuzatish juda muhimdir. Oila aʼzolari orasida yoshi kattalar hamda surunkali kasallikka chalinganlar eng yuqori xavf ostidagilar hisoblanadi“.

Olimning soʻzlariga koʻra, ota-onalar bot-bot oʻzlaridan: “Men virus tarqalishining oldini olish uchun hamma ishni qilyapmanmi?“ deya soʻrab turishlari kerak.

Bolani infeksiyadan qanday himoya qilish kerak?

1. Boshqa bolalar bilan oʻtkaziladigan barcha oʻyinlarni, qarindoshlar bilan qilinadigan kechki ovqatlarni butunlay bekor qiling, mehmonga bormang va hech kimni uyingizga taklif qilmang, ijtimoiy masofa prinsipiga rioya qiling.

2. Bolalarni kattalar oldiga yaqinlashtirmang. Oʻyin maydonchasida bola bilan yolgʻiz oʻynash ham xavfli. Vaholanki, virus har qanday sirtda 48 soatgacha yashay oladi.

3. Farzandingizga kuniga bir necha marta qoʻllarini yaxshilab yuvishni va yuzlariga tegmaslikni oʻrgating.

4. Farzandingizning kiyimlari va oʻyinchoqlarni iloji boricha koʻproq va tez-tez yuving.

5. Bolani hatto qisqa vaqtga boʻlsa qarab turish uchun birovga, ayniqsa, koronavirusga moyil boʻlgan insonlar qoʻliga bermang.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?