Koronavirusdan tuzalgan bemorlarda maʼlum muddatdan keyin eshitish qobiliyati yomonlashadi

18:55 02 Avgust 2020 Dunyo
384 0

Britaniyaning Manchester universiteti olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlarga koʻra, koronavirusdan tuzalgan bir qancha bemorlar kasalxonadan chiqqanlaridan sakkiz hafta oʻtgach, ularning eshitish qobiliyatlari yomonlashgan. Bu esa COVID-19 ga chalingan va undan tuzalgan bemorlarning sogʻliklarida ancha vaqt oʻtgandan keyin ham muammolar davom etishini koʻrsatmoqda.Bu haqida Daily Mail xabar bergan.

Manchester universitetining tadqiqot markazi olimlari ushbu ilmiy izlanishlar davomida koronavirusdan tuzalgan 121 kishini oʻrganishdi. Bemorlar kasalxonadan chiqqanida boshlab sakkiz hafta mobaynida shifokorlar bilan telefon orqali suhbatda boʻldi. Ulardan eshitishdagi oʻzgarishlar haqida soʻralganda virusga chalinishdan oldin ham qulogʻida muammosi boʻlgan bemorlarning 16 tasi (tadqiqotda qatnashganlarning 13.2 foizi) oʻzida bu qobiliyat yana-da yomonlashganini aytgan. Shuningdek, COVID-19ni boshdan kechirishdan oldin eshitishi yaxshi boʻlgan 8 kishida muammolar paydo boʻlgan, yana 8 kishining qulogʻida doimiy shangʻillash yuzaga kelgan.

“Bizga oldindan maʼlumki, tepki, qizamiq va meningit kabi viruslar eshitish qobiliyatining yoʻqolishiga sabab boʻlishi mumkin. Koronavirus ham quloqlar va miya oʻrtasida axborotni tashuvchi asab tolalariga zarar yetkazadi. COVID-19 eshitish tizimiga muammolar tugʻdirishi, jumladan, oʻrta quloq yoki ichki quloqqa zarar yetkazishi ehtimoli bor”, deydi ushbu tadqiqotda qatnashganlardan biri professor Kevin Munro.

Manchester universiteti olimlari oʻzlarining ilmiy ishlari bayonotida koronavirusning eshitish bilan bogʻliq muammolarga olib kelishi mumkinligining sabablarini aniqlash uchun yana bir qancha tadqiqotlar olib bormoqchi va bu hali oxirgi xulosa emas.

"COVID-19 dan boshqa faktorlar ham eshitishning yoʻqolishi va quloqda shangʻillashning yuzaga kelishiga taʼsir qilishi mumkin” deydi Munro.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?