Koronavirusdan sogʻaygan Arteta muxlislar ardogʻida

00:08 03 Sentyabr 2020 Sport
548 0

Futboldan ozmi-koʻpmi xabari bor kishiga bu nom yaxshi tanish: Mikel Arteta 1982-yilda Ispaniyaning San-Sebastyan shahrida tugʻilgan. Yarim himoyachi, murabbiy. Laqabi – Artist. Millati bask. Ayni paytda Londonning “Arsenal” jamoasi bosh murabbiyi.

Arteta futbolchilik faoliyatini “Barselona B” klubida boshlagan, ammo Kataloniya klubining birinchi jamoasiga oʻta olmadi. Uni “PSJ”ga ijaraga berishdi. Keyin esa Shotlandiyaning «Reyndjers» klubi toʻlaqonli oʻyinchisiga aylandi. 2002/03 yilgi mavsumda u shu jamoa bilan Shotlandiya chempionati, mamlakat kubogi va shotland liga Kubogi gʻolibi boʻldi. Keyin «Real Sosyedad»ga yoʻl oldi. Ammo omadi yurishmadi. Asosiy tarkibdan joy ololmadi. Shundan soʻng Angliyaning «Everton» jamoasi uni ijara asosida oʻz safiga qoʻshib oldi. Bu yerda ishi oʻngidan keldi. Mazmunli oʻyini bilan nazarga tushdi. Natijada jamoaning toʻlaqonli aʼzosiga aylandi. 2011-yilga qadar u shu jamoa sharafini himoya qildi.

Keyin esa “Arsenal”dan taklif tushdi. Rozi boʻldi. Ammo «Everton» uni qoʻyib yuborish niyatida emasdi. Arteta jamoaning oʻsha vaqtdagi murabbiyi Mozesdan shaxsan ruxsat soʻragach, masala hal boʻldi. Transfer bahosi 10 million funt sterlingni tashkil etdi. Vaqt uning toʻgʻri qaror qabul qilganini koʻrsatdi.Afsonaviy murabbiy Arsen Venger qoʻli ostida ajoyib oʻyin namoyish eta boshladi. Maydonni koʻra bilishi, darvoza tomon qoyilmaqom zarba yoʻllashi, toʻp bilan muomalasi bular — uni boshqalardan ajratib turadigan jihatlar edi. Xususan, raqib jarima maydoniga shiddat bilan kirib kelishi himoyachilarni sarosimaga solib qoʻyardi. Sarosima esa bilishimizcha, magʻlubiyatga yaqin tushunchadir.

Shular haqida oʻylarkanmiz, Artetaning qatorasiga ikki yil «Everton»ning eng yaxshi oʻyinchisi deb topilgani bejiz emas, degan xayolga borasan, kishi. 2014-yilda u “Arsenal” sardori sifatida maydonga tushdi. 2016-yilning 15-mayida shu jamoa safida oxirgi marta maydonga tushdi. Ertasiga esa futbolchilik faoliyatini tugatganini maʼlum qildi. Bunga uning olgan jarohatlari sabab boʻldi. Sal avvalroq esa butsasini mixga ilganidan keyin murabbiylik bilan shugʻullanish niyatida ekanini ham aytgandi.

Farishtalar omin degan ekan.2019-yilning 19-dekabrida Mikel Arteta Londonning “Arsenal” klubini boshqarishga kirishdi. Shartnoma 3,5 yil muddatga tuzildi. Toʻgʻri, u jamoaning turnir jadvalidagi oʻrnini sezilarli darajada yaxshilay olmadi. ”Arsenal” 10-pogʻonadan 8- pogʻonaga koʻtarildi, xolos. Bu jamoaning soʻnggi 25 yilda qayd etgan eng past natijasi sanaladi. Lekin muxlislar bir narsani koʻrib, his etib turishibdi: jamoaning oʻyini yaxshi tomonga oʻzgarmoqda. Bunda murabbiyning qoʻli borligi sezilyapti. Qolaversa, Arteta «kanonirlar»ni Angliya Kubogi gʻolibligiga boshlab keldi. Finalda “Chelsi” magʻlub etildi.Yaqinda esa Angliya superkubogi ham qoʻlga kiritildi. Hal qiluvchi bahsda uning shogirdlari “Liverpul”ga qarshi mardonavor oʻyin koʻrsatishdi. Uchrashuvda durang (1:1) natija qayd etildi. Penaltilar seriyasida esa “Arsenal” futbolchilari sovuqqonlik bilan harakat qilishdi va 5:4 hisobida ustun kelishdi. Bu ikki yutuq Migel Artetaning jamoaviy oʻyinni maydon tashqarisida turib ham artistona tashkil eta olishini koʻrsatmoqda. Arsen Venger davridagi yutuqlarni sogʻingan “Arsenal” muxlislari uchun aftidan yana yorugʻ kunlar boshlanmoqda.

Darvoqe, shu yilning 13-martida Artetaning koronavirusga chalingani maʼlum boʻlgandi. Oʻz vaqtida muolaja olgan murabbiy 10 kunda tuzaldi. Sogʻaygach, jamoasini biz yuqorida tilga olgan tarixiy yutuqlarga boshlab keldi. Bundan uning oilasidagilar ham xursand, albatta. Aytmoqchi, Migel “Ispaniya goʻzali” tanlovining sobiq gʻolibasi Lorene Bernalga uylangan. Uch oʻgʻli bor.

Istam IBROHIMOV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?