Koronavirus tufayli Oʻzbekistonda Navroʻz bayrami tadbirlari bekor qilinadimi?

08:39 11 Mart 2020 Jamiyat
1107 0

Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasi (COVID-19)ning profilaktikasi va uning kirib kelishining oldini olish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan matbuot anjumanida Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov dolzarb masalalar boʻyicha fikrlar bildirdi jurnalistlarning savollariga ham atroflicha javob berdi.
Xususan, u AQSH Davlat kotibi Mayk Pompeoning Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimi koronavirus keng tarqalishiga qarshi tura olishga tayyor emasligi haqidagi soʻzlarini toʻgʻri deb tan oldi. 

Xabaringiz bor, Pompeo jurnalistlarga bergan intervyusida AQSH tomoni bir qator davlatlarda virusdan himoyalanish uchun zarur infratuzilma yoʻqligidan xavotirda ekanligini bildirgandi.

U, jumladan, Xitoy chegarasiga yaqin Oʻzbekiston va unga bevosita chegaradosh boʻlgan Qozogʻistonga tashrifi chogʻida ushbu davlatlar koronavirus kabi yirik miqyosli xatarga qarshi kurashish imkoniyatiga ega emasligini qayd etgandi.

Alisher Shodmonov ham mahalliy sogʻliqni saqlash ilgʻor mamlakatlar koʻrsatkichlaridan ancha ortda ekanligini tasdiqladi.

U Pompeoning Oʻzbekiston va Qozogʻistonga nisbatan aytgan soʻzlari toʻgʻri ekanligini aytdi.

“Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan yaqinda parlamentga yoʻllangan murojaatnomada iqtisodiyotimiz holati toʻgʻri baholandi, — dedi u. — Binobarin, Prezident tomonidan birinchi marta kambagʻallik borligi koʻrsatib oʻtildi. Albatta, ijtimoiy muammolar bor va iqtisodiyot bilan bogʻliq masalalar ham bor. Iqtisodiyotimiz hali ilgʻor emas. Iqtisodiyotimiz ijtimoiy, jumladan, sogʻliqni saqlash sohasiga ham yetarli eʼtibor qarata oladigan barqaror va oʻz-oʻzini taʼminlashga qodir boʻlishi uchun barcha chora-tadbirlarni ishga solyapmiz“ .

U shifoxonalarning hozirgi holati, ularning taʼminoti ilgʻor davlatlarga nisbatan qoloq ekanligini ham tan olgan.

“Biz bu yerga mustaqilligimizning 30 yilligida qilgan ishlarimiz bilan maqtanish uchun yigʻilmadik. Biz oʻzimizni aldadik va hatto bunga ishonib qoldik. Biz uch yil ichida ochiq, shaffof va oshkora mamlakatga aylandik. Biz oʻz xatolarimiz va kamchiliklarimizni tan ola boshladik hamda mazkur realliklardan kelib chiqqan holda oʻz oldimizga aniq hayotiy maqsadlarni qoʻyamiz va shu boʻyicha ish olib boryapmiz”, — dedi vazir.

SSV rahbari Oʻzbekiston tibbiyot niqoblari davlat zaxirasi yaratilayotgani va niqoblar hamda individual himoya vositalari narxlarini tartibga solish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqilayotganini maʼlum qildi.

A.Shodmonov, oʻz navbatida, hukumat koronavirus sababli Navroʻz bayram tadbirlarini bekor qilish boʻyicha hozircha bir toʻxtamga kelmaganini aytib oʻtdi.

Maʼlumot uchun, Tojikiston va Qozogʻistonda Navroʻz bayrami tadbirlari bekor qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?