Koronavirus tufayli Gonkongda taʼtil 16-martgacha uzaytirildi

22:41 13 Fevral 2020 Siyosat
99 0

Foto: «РИА Новости»

Gonkong hukumati koronavirus tarqalishi sababli maktablardagi taʼtilni 16-martgacha uzaytirishga qaror qildi. Bu haqda Taʼlim masalalari boʻyicha Gonkong administratsiyasi kotibi Yan Junsyun maʼlum qilgan.

Avvalroq, Gonkong administratsiyasi rahbari Kerri Lem taʼtil kamida 2-martgacha davom etishi, ammo vaziyatning qaltisligiga qarab zarur boʻlsa, uzaytirilishini aytgandi.

Yan Junsyunning taʼkidlashicha, hukumat maktabdagi normal oʻquv faoliyatini imkon qadar tezroq qayta tiklash uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladi, ammo oʻqituvchi va oʻquvchilarning xavfsizligi hamda sogʻligʻini taʼminlashning muhimligini hisobga olgan holda yangi oʻquv choragi boshlanishiga tayyorgarlik koʻrish va zarur shart-sharoitlar yaratish kerak.

Shuningdek, agar oʻquvchilar materikda yoki boshqa mamlakatlarda boʻlsa, ularning Gonkongga qaytishiga zarurat yoʻqligini, Gonkongda yashaydiganlar esa imkon qadar uydan kamroq chiqishi va koʻp odamlar toʻplanuvchi joylardan uzoq boʻlishi kerakligini qoʻshimcha qilgan.

U bularning barchasi maktab va bogʻchalar dam olishi kerakligini anglatmasligini, barchaga tezroq onlayn taʼlimga oʻtish tavsiya etilishini taʼkidlagan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?