TIV Tailand va Qirgʻizistonga borishni rejalashtirayotgan fuqarolarni ogohlantirdi

09:16 13 Mart 2020 Jamiyat
152 0

Mamlakatimizning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi bergan maʼlumotga koʻra, Tailand Qirolligi Hukumati COVID-19 koronavirusining tarqalishi munosabati bilan 18 ta davlat, jumladan Oʻzbekiston fuqarolari uchun ham mamlakat aeroportlarida kirish vizalarini (Visa on Arrival) rasmiylashtirish tartibini bekor qildi. Bu haqda TIV xabar berdi.

Qayd etilishicha, Tailand tomoni mazkur mamlakatlarning fuqarolariga kirish vizalarini qirollikning xorijdagi diplomatik vakolatxonalaridan birida rasmiylashtirishni tavsiya qilmoqda. Ushbu jarayon nomaʼlum muddatga joriy qilinmoqda va koronavirus tarqalishi darajasining pasayganidan keyin qayta koʻrib chiqiladi.

“Yuqoridagilarni inobatga olib TIV Tailand, Kambodja va Laos hududida boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolariga zarur holatlarda mamlakatimizning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasiga +66-2-675-39-95, +66-2-675-39-96 va +66-9-5502-6770 telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib oʻtadi“ deyiladi xabarda.

Shuningdek, vazirlik mamlakatimiz hududi orqali Qirgʻizistonga borishni rejalashtirayotgan Oʻzbekiston va boshqa davlatlarning fuqarolarini ham ogohlantirdi.

Maʼlum boʻlishicha, Oʻzbekistonning Bishkek shahridagi Elchixonasiga Qirgʻiziston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining notasi kelib tushdi. Unda 2020-yil 1-martdan boshlab soʻnggi 30 kun ichida COVID-19 koronavirusi bilan kasallanishning oʻsishi va uning tarqalishi kuzatilayotgan davlatlarga borgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi yoʻq shaxslarning davlat chegarasidan oʻtkazish punktlari orqali ushbu mamlakatga kirishlari uchun joriy qilingan vaqtinchalik cheklashlar haqidagi Hukumat qarori toʻgʻrisida xabar qilinadi.

“Noqulay epidemiologik holat” kuzatilayotgan davlatlar roʻyxati Qirgʻiziston Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi va muntazam yangilanib boriladi.

Shu munosabati bilan TIV mamlakatimiz hududi orqali Qirgʻizistonga borishni rejalashtirgan Oʻzbekiston va boshqa davlatlarning fuqarolaridan Qirgʻiziston hukumatining yuqorida aytib oʻtilgan qarorini hisobga olishni soʻragan hamda Qirgʻiziston hududida boʻlib turgan fuqarolarimizga zarur holatlarda mamlakatimizning Bishkek shahridagi Elchixonasiga +996-312-986-296 telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib oʻtgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?