Koronavirus tarqalishi haqida birinchi boʻlib ogohlantirgan shifokor vafot etdi. U oʻshanda yolgʻonchiga chiqarilgan edi

23:18 06 Fevral 2020 Dunyo
2263 0

Foto: Zuma/ТАСС

Xitoyning Uxan shahrida birinchilardan boʻlib koronavirus tarqalishi haqida xabar tarqatgan shifokor oftalmolog vafot etdi.

Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda. 34 yoshli Li Venlyan Uxan shahridagi markaziy kasalxonasida ishlagan va oʻsha yerda koronavirus bilan davolangan. Unda kasallikning birinchi alomatlari 11-yanvar kuni paydo boʻlgan.

Ramblerning yozishicha, Li Venlyan yangi infeksiya tarqalgani haqida birinchilardan boʻlib xabar tarqatgan. Yaʼni, 2019-yilning dekabr oyining oxirida u hamkasblariga Uxan kasalxonasida virusli infeksiya bilan ogʻrigan yetti nafar bemor davolanayotganini maʼlum qilgan.

Xuddi shu kuni Uxan sogʻliqni saqlash boshqarmasi xodimlari shifokorni chaqirib, nima uchun bu maʼlumotni ulashgani uchun tanbeh bergan, oradan uch kun oʻtib esa politsiya shifokordan bu maʼlumot yolgʻon mish-mish ekanligini maʼlum qilishi toʻgʻrisida ariza yozdirib olgan.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, dunyo boʻylab 565 kishi koronavirus tufayli hayotdan koʻz yumgan. Shundan 563 tasi Xitoyda qayd etilgan. Xitoydagi virusni yuqtirganlarning umumiy soni 28 mingdan oshdi, 1153 kishi tuzalgan.

Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 26 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, Amerika Qoʻshma Shtatlar, Germaniya, Vyetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal va Ispaniyada aniqlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?