Koronavirus: Ruhiy salomatlik, asablarni qanday asraymiz?

05:06 23 May 2020 Dunyo
283 0

Koronavirus dunyoni noaniqlik girdobiga tashladi. Pandemiya haqida toʻxtamay kelayotgan yangiliklar har kimni toliqtirishi mumkin.

Ruhiy salomatligi yaxshi boʻlmaganlar uchun bu yomon xabar. Ruhiy salomatlikni qanday qilib asrash mumkin? BBC ushbu savolga eʼtibor qaratdi: Yangiliklardan xavotirga tushishni tushunsa boʻladi, ammo ruhiy nosogʻlom odamlar uchun bu vaziyat keskinlashdi deganidir.

Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti koronavirus tarqashi barobarida ruhiy salomatlikni asrashga doir chiqargan tavsiyanomasi ijtimoiy tarmoqlarda xush qarshilandi.

Anxiety UK xayriya tashkilotidan Niki Lidbetterning aytishicha, nazoratni qoʻldan berish va buning ustiga noaniqlikdan qoʻrqish aksariyat tez xavotirga beriladiganlar uchun ayni vaziyat oʻta bir mushkul holatdir.

“Tez xavotirga beriladiganlar asosan noaniqlikdan aziyat chekishadi, yaʼni, nimadir sodir boʻlishini kutishdan. Koranavirus ana shunday noaniqliklarning eng kattasidir”, deydi Mind xayriya tashkilotidan Rozi Vezerli.

Xoʻp, unda qanday qilib oʻz ruhiy salomatligimizni himoya qilsak boʻladi?

Yangiliklardan ehtiyot boʻling, ularni tanlab oʻqing

Nik Angliyada yashaydi va u koronavirus haqida juda koʻp yangilik oʻqidi. Natijada vahima xurujiga uchradi.

U shundoq ham tez xavotirlanishdan aziyat chekadi.

“Men xavotirlangan paytimda xayollarim biri biriga ulanadi va albatta halokatli oqibatlar haqida oʻylay boshlayman”.

Nik ota-onasi va boshqa keksalardan xavotirda...

“Men odatda xavotirga tushsam...Oʻsha mavzu va yoki oʻsha joyni tark etaman. Ammo bu virus mening nazoratim ostida emas”.

Ammo u yangiliklar veb sahifalaridan va ijtimoiy tarmoqlardan uzoq tanaffus qildi.

Natijada xavotirlari bir qadar aridi.

Shuningdek, ruhiy salomatlik bilan bogʻliq xayriya tashkilotlaridan yordam oldi.

Sizni mamnun qilmaydigan narsalarni oʻqish va koʻrishni cheklang. Balki yangiliklarni kunning faqat bir vaqtida tekshiring

Atrof toʻla yolgʻon yoki notoʻgʻri xabar... Yangiliklari tekshirilgan va ishonchli manbalardan boshqasiga eʼtibor bermang.

Ijtimoiy tarmoqlardan uzoqroq turing, chatlardan tanaffus qiling

Alison 24 yoshda, u Manchesterda yashaydi. Unda ham tez xavotirga tutish holati mavjud va doim shu masala haqida koʻproq axborot olishga harakat qiladi. Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlar uning vaziyatini yana ham yomonlashtirishi mumkinligini yaxshi biladi.

“Bir oy avval men heshteglar ortidan quvardim va konspiratsiya borasida ahmoqona narsalarni oʻqib, rostakamiga xafa boʻlardim, umidsizlikka tushar va yigʻlardim”.

Endilikda u sahifalarni saralaydi va koronavirus haqida heshteglarni ochmaydi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardan uzoqroq boʻlish, oʻrniga TV koʻrish yoki kitob oʻqishga harakat qiladi.

— Twitterʻdagi ayrim soʻzlarni yopib qoʻying, baʼzi sahifalardan tanaffus qiling

— WhatsApp guruhlarni ham “oʻchirib” qoʻying, Facebook dagi oʻzingizga ogʻirlik qiladigan guruhlardan chiqing

Qoʻllaringizni yuvib turing, ammo meʼyoridan ortiq emas

OCD Action yana bir xayriya tashkiloti boʻlib, asosan bir narsaga haddan ortiq berilishdan kelib chiqadigan ruhiy zoʻriqishni anglatadi.

Koronavirus esa...ularning vaziyatini yana ham ogʻirlashtiradi.

Shundoq ham oʻta tozakorlikka moyil boʻlgan bu odamlarga virusga qarshi qoʻl yuvish kerak deb maslahat bersangiz, ularning holatini tasavvur qilish mumkin.

Lili Beyli “Chunki biz yomonmiz” nomli kitob muallifi, u aynan obsessive compulsive disorder yaʼni, bir narsaga oʻta berilish tufayli ruhiy beqarorlikka chalinganlar haqida yozgan.

Uning aytishicha, bu kasallikdan endi oʻnglanayotgan odamlarga qoʻllarni tez-tez yuvish haqida maslahat berish ularni yana oʻsha holatga qaytarishi mumkin.

“Bu juda mushkul...men endi oʻzim aslida kamaytirishni istagan va tom maʼnoda qochib yurgan odatlarimga yana qaytishim kerak. Men uchun sovun va tozalash vositalari bangivor modda kabi edi. Men bangiday edim”, deydi u.

Beyliga koʻra, OCD ga chalinganlar yaxshi boʻlishar ekan, ular endi uydan chiqishga harakat qilishlari, bir maʼnoda havo olishlari kerak boʻladi. Ammo koronavirus tufayli oʻzlarini ihota qilish degani, bu yana kasallikni avj oldirishga barobar boʻlishi mumkin.

“Agar biz uyda oʻtirishga majbur boʻlsak, vaqtimiz koʻp boʻladi va zerikkandan ham yana ashaddiy tozakorlikni boshlaymiz”.

Odamlar bilan muloqotni yoʻqotmang

Koronavirus tufayli koʻproq odamlar ihotalanishga majbur boʻlar ekan, siz oʻzingizga yaqinlarning telefon raqamlari va elektron pochtalarini “gʻamlab” oling.

“Maʼlum bir vaqtda xabarlashishni yoʻlga qoʻying”, deydi Vezerli.

Bu ikki hafta juda ham samarali boʻlishi mumkin. Oʻqish uchun olgan kitoblaringizni nihoyat mutolaa qilish imkoniyati bor.

Toliqishdan ehtiyot boʻling

Koronavirus pandemiyasi haftalar va oylar davom etishi mumkin, bu vaqtda haddan ortiq toliqmaslik muhim.

Mind xayriya tashkiloti quyosh va toza havo muhimligini urgʻulaydi.

Jismoniy mashq qilish, sogʻlom ovqatlanish va yetarlicha suv ichish salomatlik kaliti boʻlishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?