Koronavirus qandli diabetning kelib chiqishiga sabab boʻlishi mumkin — Mutaxassis

21:11 21 Noyabr 2020 Jamiyat
237 0

Tibbiyot fanlari nomzodi Sevara Faxrutdinova qandli diabeti bor insonlarda koronavirus infeksiyasining ogʻir kechish sababi haqida maʼlumot berdi.

"Qandli diabeti boʻlgan insonlar turli xil infeksiyalarga moyil boʻladi va ularda infeksion jarayon ogʻirroq kechadi. Sababi shakar mikroblar uchun ozuqa moddasi hisoblanadi. Inson tanasiga infeksiya tushganida qonda qand miqdorining oshishi kuzatilishi mumkin, shuning uchun kasallikni nazorat qilishga jiddiy eʼtibor qilish lozim.

Agar diabeti bor bemor qonida glyukoza miqdori baland boʻlsa, COVID-19 kasalligi ushbu bemorlarda ogʻir kechishi mumkin. Sababi kasallikda kuzatiladigan “sitokinlar boʻroni” uchun shakar quvvat manbayidir. Ayniqsa, tana vazni ortiqcha boʻlgan insonlarda koronavirus ogʻir kechadi. Bundan tashqari, koronavirus infeksiyasi xam ushbu kasallikning kelib chiqishiga sabab boʻlishi mumkin degan taxminlar bor.

Maʼlumki, koronavirus kasalligini davolashda glyukokortikoidlar guruhiga kiruvchi “Deksametazon” dori vositasi keng qoʻllaniladi. Bu dori qonda qand miqdorini koʻtaruvchi preparatlar qatoriga kiradi, diabetning 2-turiga moyil boʻlgan insonlarda bu dori vositasini qoʻllanishi diabetni rivojlanishiga olib kelishi mumkin, bu koʻpincha ortiqcha tana vazni boʻlgan insonlarda kuzatiladi.

Ushbu dori vositasini qabul qiluvchi insonlar qonda qand miqdorini muntazam oʻlchab borishi va albatta, sogʻlom turmush tarziga rioya qilishlari lozim.

Kasallikka chalingan bemorlarda koronavirusdan davolanish jarayonida qonda qand miqdorini pasaytiruvchi dori vositalari dozasiga boʻlgan ehtiyoj ortishi mumkin. Koronavirus jarayonida qand miqdori oshib ketsa, bu ogʻir asoratlarga olib kelishi mumkin, shuning uchun, COVID-19ning oʻrta va ogʻir holatlarida qandli diabet bemorlariga insulin bilan davolash tavsiya qilinadi. Bu koronavirus infeksiyasidan tezroq tuzalishga yordam beradi, oldin tabletka bilan davolanganlar keyinchalik yana oʻsha davolash rejimiga qaytishi mumkin.

Agar diabeti boʻlmagan, COVID-19 kasalligiga chalingan insonlarda “Deksametazon” va shunga oʻxshash glyukokortikoid dori-vositalari taʼsirida qonda qand miqdori baland boʻlsa, kerak boʻlganda, ular ham insulin bilan davolanishlari shart. Bu dori vositalarida ehtiyoj qolmaganda qonda qand miqdori meʼyorga kelib, insulinga boʻlgan ehtiyoj ham yoʻqoladi", deydi mutaxassis.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?