Koronavirus pandemiyasini bartaraf etish uchun har birimizning ishtirokimiz muhim

20:36 25 Mart 2020 Jamiyat
327 0

“Xalq so`zi ONLINE”

“Xalq soʻzi ONLINE”. Ilhom Rahmatov/Surxondaryo. Koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashish, uning talafotlarini kamaytirish maqsadida hukumatimiz tomonidan shu yilning 16-marti kunidan eʼtiboran butun mamlakatimiz boʻylab karantin eʼlon qilindi. Bugunga kelib yurtimizda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar 56 nafarni tashkil etmoqda. Shu bilan birga 20 ming nafardan koʻproq fuqarolarimiz tibbiy kuzatuvga olingan.

Epidemiyani jilovlash maqsadida hukumatimiz tomonidan barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Lekin, biz-chi, ayrim aholi vakillari bu masalaga yetarli darajada eʼtibor qaratyapmizmi? Menimcha,yoʻq, yetarli darajada masʼuliyat bilan yondashmayapmiz... Televideniye, radio, matbuot va internet tarmogʻi orqali har kuni muntazam ravishda tojdor virus pandemiyasi dunyo xalqlarini qattiq sarosimaga solayotgani, jahon miqyosida kasallanganlar soni keskin oshayotgani, afsuski, ayrim davlatlarda koʻplab odamlar bu ofatdan qurbon boʻlayotgani haqidagi xabarlar keng ommaga tarqatilmoqda.

Yuqumli virusni yuqtirib olmaslik, undan himoyalanish haqida uzluksiz tushuntirish, targʻibot ishlari amalga oshirilyapti.

Karantin sharoitida imkon qadar uyda qolish, faqat zaruriyat tufayligina jamoat joylariga chiqish lozimligi, shunda ham sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilinishi qayta va qayta uqtirilmoqda. Xususan, oʻzaro yaqin muloqotdan imkon qadar tiyilish, qoʻl berib salomlashmaslik, tibbiy niqobdan foydalanish kabi foydali maslahatlar, tarqatma materiallar koʻpchilikning eʼtiboriga havola etilayotir.

Bu kabi oʻtkir yuqumli koronavirus tarqalishining oldini olish, aholi salomatligini muhofazalashga doir targʻibot tadbirlari bir soniya ham toʻxtagani yoʻq. Hattoki, karantin sababli yurtimizdagi barcha masjidlarda diniy ibodat amallari cheklandi. Poytaxtimiz va ayrim viloyatlar markazlarida jamoat transportlari harakati vaqtincha toʻxtatildi.

Ammo, “oʻyda qoling, oʻzingiz va yaqinlaringiz sogʻligʻi uchun qaygʻuring” mazmunidagi chaqiriqlarga ayrim aholi vakillari nega jiddiy yondashmayapti?! Bu boradagi befarqlik, mavjud vaziyatni anglamaslik, koʻcha-kuy, bozor va jamoat joylarida odamlarning huda-behudaga yurishi amaldagi karantin talabiga zid-ku axir! Bu holatni qanday izohlash, qanday baholash mumkin?!

Davlatimiz tomonidan oxirgi chora sifatida epidemiyaga qarshi favqulodda holat eʼlon qilishi kerakmi endi? Shundoq ham ogʻir epidemik vaziyat tufayli katta iqtisodiy muammolar yuzaga qalqib chiqayotgan bir paytda ayrim yurtdoshlarimizning bunday beparvoligini sira oqlab boʻlmaydi. Bugungi oʻta ogʻir pandemiya sharoit har bir kishidan voqelik — real vaziyatga ongli yondashuvni, butun xalqimizdan esa oʻzaro hamjihatlik va yakdillikni talab etmoqda. Oʻta ogʻir pandemik vaziyatni bartaraf etish uchun albatta har birimizning ishtirokimiz muhim! Imkon qadar uyda qoling, oʻzingiz, yaqinlaringiz va boshqalarni asrab-avaylang!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?