Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

21:02 30 Iyul 2020 Siyosat
376 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida aholini ijtimoiy himoya qilish va ehtiyojmand oilalarni moddiy qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni va xalqimizning tarixiy va maʼnaviy qadriyatlarini namoyon etgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini yana-da kuchaytirish maqsadida, shuningdek Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha mutasaddi idoralar tomonidan shakllantirilgan moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalarning roʻyxatlariga (“temir daftar”) kiritilgan va aʼzolari 1,7 million nafardan ortiq boʻlgan 400 mingdan koʻproq oilalarga Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan bir martalik moddiy yordam koʻrsatilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy banki bir martalik moddiy yordam pullarini moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalar roʻyxatlariga kiritilgan oilalarga 2020-yil 15-avgustga qadar yetkazilishini taʼminlasin.

2. 2020-yil 1-sentyabrdan boshlab pensiyalar, bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga, zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalar miqdori 1,1 barobar oshirilsin.

2020-yil 1-sentyabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida:

pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 262 470 soʻm;

yoshga doir eng kam pensiyalar – oyiga 513 350 soʻm;

bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan nafaqa – oyiga 513 350 soʻm;

zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa – oyiga 315 030 soʻm etib belgilansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda 2020-yilning yakuniga qadar:

14 yoshgacha bolalari boʻlgan ehtiyojmand nafaqa oluvchi oilalarning amaldagi sonini 2 barobarga oshirib, 700 mingtagacha yetkazishni;

bola 2 yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha nafaqa oluvchi ehtiyojmand onalarning amaldagi sonini 330 mingdan 400 mingtaga oshirish;

moddiy yordam oluvchi kam taʼminlangan oilalarning amaldagi sonini 89 mingdan 100 mingtaga yetkazishni taʼminlasin.

4. Toʻlash muddati 2020-yilning iyul-sentyabr oylarida tugaydigan bolalari boʻlgan oilalarga va bola parvarishi bilan shugʻullanadigan onalarga nafaqa toʻlash navbatdagi 6 oy muddatga (bola tegishlicha 2 yosh va 14 yoshdan oshmagan holatda) davom ettirilsin.

5. Koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yumshatish maqsadida hamda Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan:

moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalarning roʻyxatlariga (“temir daftar”) kiritilgan oilalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasining hududiy boʻlimlariga 200 milliard soʻm;

tez tibbiy yordam brigadalari xodimlariga (vrach, feldsher, sanitar va haydovchilar) bir martalik pul mukofoti berish uchun 100 milliard soʻm mablagʻ ajratilsin.

6. Jamiyatimizda tinchlik, doʻstlik, mehr-oqibat va hamjihatlik gʻoyalarini keng targʻib etib kelayotgan diniy sohada xizmat qilayotgan vakillarni moddiy ragʻbatlantirish hamda joylarda xayru saxovat, muruvvat borasida amalga oshirilayotgan ishlarni, jaholatga qarshi maʼrifat ruhidagi keng qamrovli tadbirlarni yangi bosqichga koʻtarish uchun Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 150 milliard soʻm mablagʻ ajratilsin.

7. Mazkur Farmonning 1, 5 va 6-bandlarida nazarda tutilgan mablagʻlarning yordam va koʻmakka muhtoj oilalarga, tez tibbiy yordam brigadalari xodimlariga maqsadli va manzilli yetkazilishi yuzasidan quyidagilar masʼul etib belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov, mutasaddi vazirlik, idora va tijorat banklari rahbarlari – moddiy yordam, pensiya va nafaqa pullarini toʻliq va oʻz vaqtida ajratish va joylarga yetkazish boʻyicha;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.A. Musayev, Sogʻliqni saqlash vazirligi – tez tibbiy yordam brigadalari xodimlariga beriladigan bir martalik moddiy yordam pullarining manzilli yetkazilishi boʻyicha;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari, sektor rahbarlari hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining hududiy boʻlinmalari rahbarlari – pandemiya davrida yordam va koʻmakka muhtoj oilalar roʻyxatlarining shakllantirilishi hamda ularga moddiy yordam pullarining oʻz vaqtida va manzilli yetkazilishini tashkil etish va nazorat qilish boʻyicha;

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi – zarur mablagʻlarning Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga oʻz vaqtida ajratilishi boʻyicha;

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari bilan birgalikda – moddiy yordam mablagʻlarini tarqatish uchun naqd pul bilan taʼminlash boʻyicha.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari Hisob palatasi bilan birgalikda bir martalik moddiy yordamning oʻz vaqtida va maqsadli amalga oshirilishi ustidan nazorat oʻrnatsin.

9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?