Koronavirus mehnat munosabatlarini buzilishiga bahona boʻlmasligi kerak

19:47 03 Aprel 2020 Jamiyat
903 0

Illyustrativ foto

Insoniyat paydo boʻlishi va uning taraqqiyoti davrida necha zamonlar oʻtibdiki, mehnat munosabatlari hech qachon oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan. Ayniqsa, korxona, tashkilot va muassasalarda iqtisodiy qiyinchilik yuzaga kelganda, bu jarayonlar yana-da chigallashadi. Ayni kunlarda yurtimizda koronavirus epidemiyasi tufayli eʼlon qilingan karantin bois ushbu sohada turlicha yondashuvlar, qarashlar paydo boʻlishi tabiiy. Ammo bunday vaziyatda uzoqni oʻylab, ham ish beruvchiga, ham xodimga ziyon yetmaydigan mehnat munosabatlarining tashkil etilishi xodimning ish beruvchidan rozi boʻlishida muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq shular bilan bir qatorda bunday holat xodim huquqining poymol qilinishi, daromadining pasayishi, ayrim hollarda esa, yashash sharoitiga salbiy taʼsir koʻrsatishi ham mumkin.

Bugungi kunda koronavirus mamlakatimiz sarhadlariga ham kirib keldi. Bu, oʻz navbatida, yurtdoshlarimizda turli savollar va ayni vaqtda murojaatlarni paydo qilmoqda. Jumladan, “Koronavirus oyligimizga taʼsir qilmaydi deb eshitgan edik, taʼsir qilmasmikan?”, “Taʼlim muassasalari yopilgani uchun taʼtilga chiqarishdi, shu toʻgʻrimi?”, “Maoshimiz toʻxtatilarkanmi?”, “Oʻz hisobimizdan taʼtil deb yozdirib olishdi” kabi mehnat munosabatlari bilan bogʻliq savol yoki murojaatlarni misol qilib keltirish mumkin.

Bu savollarga ayrim berilgan javoblarni qisqa izohlab, koronavirus tufayli mamlakatimizda joriy qilingan holat va unda mehnat munosabatlarining yoritilishi boʻyicha ayrim maʼlumotlarni keltiraylik. Shu asosida oʻz fikrlarimizni va xulosalarimizni shakllantirib oʻtamiz.

2020-yil 20-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilinib, juda katta mablagʻ ajratish bilan birga aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama himoya qilish, jumladan, bank kreditlari, vaqtinchalik soliq imtiyozlari, soliqlarni kechiktirib toʻlashlar va boshqa himoya vositalari qoʻllanilishi belgilab berildi.

Mazkur hujjat bilan inqirozga qarshi jamgʻarma tashkil etilib, pandemiya oqibatlarini aniq moliyalashtirish manbasi belgilab berildi. Kam taʼminlangan aholi qatlamlariga moddiy yordam berish hajmini oshirish chora-tadbirlari orqali ichki istyemolni ragʻbatlantirish va iqtisodiy oʻsish surʼatini saqlab qolish choralari koʻriladi. Ijtimoiy va shu kabi soliq, boshqa majburiy toʻlovlarning kechiktirilishi yoki maʼlum foizda kamaytirilishining joriy etilishi tadbirkorlarga barqaror “moliyaviy taʼtil”ga chiqishini anglatadi. Natijada makroiqtisodiy talab va taklif muvozanatiga erishish uchun sharoit yuzaga keladi. Shuningdek, jalb etilishi nazarda tutilgan tashqi qarz mablagʻlarini isteʼmol yaratuvchi sohalarga yoʻnaltirilishi uzoq muddatli yalpi iqtisodiy qiymatni yaratishga yordam beradi.

Farmonning 16-bandida koronavirus infeksiyasi bilan zararlanishi yoki zararlangan deb gumon qilinishi munosabati bilan karantinga joylashtirilgan ota-onalar (ular oʻrnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar), shuningdek, ularning 14 yoshgacha boʻlgan bolasini parvarish qilayotgan shaxslarga oʻrtacha oylik ish haqining 100 foizi miqdorida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi toʻlanishi, koronavirus infeksiyasi bilan zararlangan yoki karantinga joylashtirilgan, shuningdek, 14 yoshga toʻlmagan bolaning ota-onasi (uning oʻrnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar) boʻlgan xodimlar bilan mehnat shartnomalarini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish taqiqlanishi aniq koʻrsatib berildi. Eʼtibor qaratadigan boʻlsak, bu yordam xodimning 100 foiz ish haqi saqlanib qolishi haqida soʻz yuritilmoqda.

Bundan tashqari, bir qancha xususiy tashkilotlarga ham tegishli tartibda yengilliklar yaratib berish boʻyicha aniq koʻrsatmalar keltirib oʻtildi.

Amaldagi mehnat qonunchiligiga koʻra, xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi mehnat munosabatlari Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi asosida tartibga solinadi. Har qanday boshqa ichki hujjat normalari Mehnat kodeksiga zid boʻlishi mumkin emas, jumladan, taʼtillarni berish ham.

Karantin paytida mehnat taʼtillarini berish boʻyicha ayrim munozarali savollarga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi masʼullari javob berishdi, ular ham aynan mehnat qonunchiligidagi normalar buzilmasligi lozimligiga eʼtibor qaratdi.

Internet tarmoqlarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va fraksiya rahbarlari ham oʻz munosabatlarini bildirib oʻtishdi. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda quyi palata deputatlari mazkur masala boʻyicha oʻz fikrlarini bildirib, aynan karantin paytida xodimga nisbatan nomardlik deya eʼtirof etgan boʻlsa, ayrimlari xususiy korxonalar ham tushunish kerakligini, ammo bu masala ham mehnat huquqining buzilishi hisobiga boʻlmasligini taʼkidlab, umumiy xulosa sifatida tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan, albatta, bu masalaning “savol-javobi” boʻlishini lozimligini taʼkidlashdi.

Umuman olganda, aynan karantin munosabati bilan ayrim tarmoq yoki sohalarda ish tizimli tashkil etilib, oʻz xodimlarini keskin himoyalash, ularni daromadlarini tushirmaslik, xodimni norozi qilmaslik choralari koʻrildi. Jumladan, maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimidagi xodimlar oʻz vazirliklarining tavsiyasi va talabiga koʻra, ish haqi saqlanadigan taʼtilga chiqarish yoki oʻrtacha ish haqini saqlab qolish boʻyicha choralarni eʼlon qilishdi. Bir vaqtning oʻzida biror shaxs mazkur holatda ish beruvchining tashabbusiga koʻra ishdani boʻshatilmasligini taʼkidlashdi. Bu ishlar diqqatga sazovor.

Bir qancha oliy taʼlim muassasalari ham bu borada jonbozlik koʻrsatib, vaziyatni toʻgʻri tushungan holda ishlarni tashkil qilishdi. Chunki oliy taʼlim muassasalarida byudjet mablagʻi qisqartirilishi yoki amalda tahsil olayotgan taʼlim oluvchilarning toʻlov-shartnoma summalari boʻyicha hech qanday oʻzgarish boʻlgani yoʻq. Demak, ayrim ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatish sohalarida yoʻqotish deyarli yoʻq. Aksincha, kundalik qilinadigan anchagina xarajatlar iqtisod qilinishi ham mumkin. Bu boʻyicha Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oliy taʼlim muassasalarida faqat oʻquv jarayoni mavjud emasligi, professor-oʻqituvchilar oʻquv-metodik, ilmiy tadqiqot va boshqa uslubiy ishlari mavjudligini taʼkidlab, ularni mehnat taʼtiliga ham toʻliq chiqarish shartmasligini aytgan edi.

Aksariyat taʼlim muassasalari shunga amal qilganligini koʻrishimiz mumkin. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi tezkorlik bilan ishchi va xodimlarning roziligini olgan holda oʻquv jarayonlarini masofaviy davom ettirish boʻyicha ishni tashkil etib, 16-mart kunidan boshlab ayrim xodimlar, 24-martdan boshlab esa toʻliq xodimlar masofaviy ish rejimiga oʻtkazildi. Bu boʻyicha barcha imkoniyatlar ishga solinib, oʻquv jarayoni masofaviy-onlayn davom ettirishga erishildi. Biror xodim xoh asosiy shtatda xoh tashqi yoki ichki oʻrindoshlik asosida ishlayotgan boʻlsin oʻz hisobidan taʼtil yoki mehnat taʼtiliga chiqarish boʻyicha asossiz qaror qabul qilmadi. Mazkur semestrda dars mashgʻuloti bor professor-oʻqituvchilar dars mashgʻulotlarini onlayn davom ettirishga, darslari asosan birinchi semestrda boʻlgan professor-oʻqituvchilar reja asosida oʻquv-metodik, ilmiy tadqiqot ishlarini bajarishga kirishib ketishdi.

Ammo, ayrim tarmoqlar, sohalar, muassasalarda koronavirus tufayli eʼlon qilingan karantin mehnat munosabatlarida ochiqchasiga xodimning huquqini poymol qilishga “bahona” boʻlayotganligini koʻrish mumkin.

Kuzatuvlarimiz hamda ayrim qilingan murojaatlar shuni koʻrsatmoqdaki, koronavirus bahonasida hech qanday ogʻir yoʻqotishlarga, ayrim hollarda umuman yoʻqotishga uchramagan tashkilot va muassasalar oʻz xodimlariga “ixtiyoriy-majburiy” hamda “majburiy” tarzda oʻz hisobidan taʼtil berishga ulgurgan.

Fikrimizcha, birinchidan, masala shundaki, qaysi tarmoq yoki sohada faoliyat umuman toʻxtatilgan boʻlsa-da, oʻz hisobidan majburiy taʼtil berilishi bu yerda boshqaruvning yetarli darajada samarali tashkil etilmaganligi, uzoq muddatli strategiya asosida ish tashkil qilinmaganligini koʻrsatadi. Aks holda, mazkur sohalar hech boʻlmaganda maʼlum muddat oʻrtacha oylik maoshni saqlab, ishchilarni ijtimoiy himoya qilish, eng kamida mehnat munosabatlarini minimal darajada bajarish choralarini koʻrishi kerak edi. Chunki mehnat qonunchiligimizda ham ishchining aybisiz bekor turib qolishda yoki karantin tufayli ishsiz qolishda birdaniga oʻz hisobidan taʼtil berilmaslik talabi mavjud.

Ikkinchidan, karantin paytida umuman oʻz hisobidan taʼtil berilishi mumkin emasligini bilgan ayrim “chaqqon” tashkilotlar oʻz xodimlariga, xodimlariga 13-16-mart kunlarini koʻrsatgan holda “ixtiyoriy-majburiy” ariza oldirib, oʻz hisobidan taʼtil berib yuborganlari achinarli hol. Xuddi karantin eʼlon qilinishidan oldingi sana bilan ariza olinsa, hech kim eʼtibor qaratmaydi, savol-javobi boʻlganda yoki xodim eʼtiroz qilgandayam, karantin boshlanishidan oldin ariza bergan deyish bilan cheklanadiganday. Yana aybdor koronavirus. Buni tushungan xodimlar ishdan ketishdan qoʻrqib indamaydi, tushunmaganlari koronavirus boʻlgani uchun deb ketaveradi.

Uchinchidan, oʻz hisobidan yoki majburiy mehnat taʼtili judayam ogʻir ahvolga tushib qolgan tashkilotlar tomonidan fors-major holatlarda boʻlsagina tushunish mumkindir. Undayam mehnat qonunchiligini qoʻpol ravishda buzmasdan, xodim bilan kelishilgan holda. Ammo hech qanday yutqazishlarsiz, misol uchun, taʼlim oluvchilarning bir soʻm kontraktini qaytarib bermasligi aniq boʻla turib, qanchadan-qancha xarajatlar iqtisod qilinayotgan ayrim oliy taʼlim muassasalari oʻrindoshlik asosida va ishga kirganiga 6 oydan oshmagan professor-oʻqituvchilarni oʻz hisobidan “ixtiyoriy-majburiy” taʼtilga chiqarib yuborishi, koronavirus bahonasida mehnat munosabatlarini qoʻpol ravishda buzishdan oʻzga narsa emas.

Shu bois, bizningcha, koronavirus boʻyicha karantin eʼlon qilinganda har bir tashkilot, muassasa oʻz xodimlarini astoydil moddiy va maʼnaviy himoya qilishi uchun, shunchaki amaldagi mehnat qonunchiligini buzmasdan ishlashining oʻzi kifoya. Shundagina, xodimlar oʻz ishxonasidan rozi boʻladi, mehnat munosabatlari buzilmaydi, ish joyida albatta baraka boʻladi.

Chunki ish beruvchilarda 2-3 hafta xodimlarni oʻrtacha oyligini toʻlab berish katta muammo keltirib chiqarmasligi mumkin, ammo oylik daromadini uchma-uch yetkazayotgan oilalarning bir nechtasini yashash darajasini pasaytirib, hatto kambagʻallar sonini oshishiga olib kelishi ham mumkin. Bu esa, bugungi kunda hukumat tomonidan olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatga toʻgʻri kelmaydi. Bitta kambagʻalning koʻpayishi ham biz uchun muammo hozirgi kunda.

Fikrimizcha, tezkor qaror qabul qilib mehnat munosabatlarida munozarali savollar vujudga kelgan ayrim tashkilotlarda huquqshunos hamda kasaba uyushmalari oʻz vazifalari sidqidildan bajargan holda vaziyatni ikki tomon ham rozi boʻladigan darajada yumshatadi. Deputatlar, jamoatchilik tomonidan mazkur karantin tugaganidan keyin bugungi kunda kelib tushayotgan murojaatlar oʻrganiladi, bu boʻyicha tegishli tashkilotlar mehnat munosabatlarini amaldagi qonun hujjatlari talablari asosida tashkil etilganligi, har bir holat boʻyicha xodimning roziligi olinganligi boʻyicha asosli hisobini beradi, degan umiddamiz.

Nodir JUMAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

iqtisod fanlari doktori, professor,

Komil HOTAMOV,

Bank-moliya akademiyasi kafedra mudiri,

iqtisodiyot fanlari doktori

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?