Koronavirus: insoniyat aql-idrokidan kuchli emas

17:36 26 Iyul 2020 Siyosat
946 0

Darhaqiqat, bugun kelajakka umidvor har bir inson yagona tashvish bilan yashamoqda. Tan olish joiz, insoniyat hayotiga jiddiy xavf solayotgan, taʼbir joiz boʻlsa, XXI asr vabosi nomiga qoʻshtirnoq ichida daʼvogarlik qilayotgan “Koronavirus pandemiyasi”ning dunyo boʻylab tobora tarqalib borayotgani barchaning fikru zikrini, uy-xayolini, kerak boʻlsa tafakkurini band etgani ham bor haqiqat.

Endilikda tojdor virus insoniyatni yana bir bor chuqur mulohaza qilishga, oʻz idrokiga tayangan holda va ongli ravishda ish yuritishga, jamiyatning yana-da jipslashishga chorlamoqda.

Umuman butun dunyo boshi berk koʻchaga kirib qolayotgandek, goʻyo. Garchi dunyo iqtisodiyotiga, geosiyosatiga maʼlum maʼnoda oʻz taʼsirini koʻrsata oladigan, iqtisodiy barqaror, texnologiyalar va tibbiyoti eng yuksak darajada boʻlgan davlatlar ham “shok” holatiga tushib qolgandek, nazarimizda. Jahonning eng qudratli davlatlarining, iqtisodiyoti, tibbiyoti, sanitariya-epidemiologiya tizimi tizimi ham ushbu virusga qarshi kurashga qurbi yetmay qolmoqda. Bugungi amaliyot dunyo bunday favqulodda vaziyatlarga tayyor emasligini oydek ravshan qilib qoʻydi. Toʻgʻri, ayrim davlatlar bu borada maʼlum bir yutuqlarga erishganini eʼtirof etish joiz. Biroq, bu barchasi ortda qoldi degani emas, aslo.

Ushbu tahdid avvalo, insonlar salomatligiga taʼsirini oʻtkazib, ogʻir oqibatlarga olib kelayotgani hech kimni befarq qoldirmayapti. Boz ustiga, infeksiyaga chalinayotganlar soni daqiqa sayin ortib bormoqda. Dunyo boʻyicha shu jumladan, mamlakatimizda ham kuzatilayotgan oʻlimlar soni, raqamlar tashvishli tus olish barobarida barchamizni yana-da ogohlikka va hushyorlikka chorlamoqda. Umuman, butun dunyoda boʻyicha vaziyat yana-da keskin va jiddiy tus olmoqda.

Aslini olganda, voqeʼlik sayyoramizning maʼlum bir hududida sodir boʻlgan har qanday xavf-xatar shubhasiz, boshqa mintaqalarga ham birdek salbiy taʼsir etishini, sanitar-epidemiologik va ekologik muammolar aslo chegara bilmasligini bizga yana bir bor isbotladi. Shu tufayli ham, ayni vaziyatda dunyo hamjamiyati yakdillik va birdamlik bilan xavfni bartaraf etishga harakat qilmoqda.

Eʼtirof etish joizki, ana shunday xavfli damlarda davlatimiz rahbari respublikamiz aholisini hamjihatlik va yuksak intizom bilan bu ofat oldini olishga qaratilgan muhim chora-tadbirlarni aniq belgilangan muddatlarda soʻzsiz bajarishga daʼvat etmoqda.

Umuman, hayotimizga xavf solayotgan bu ofatning oldini olish maqsadida zarur hisoblangan barcha jiddiy tadbirlar rejalashtirilib, karantindan talafotlarsiz oʻtib olishimiz uchun davlat hisobidan juda katta miqdorda mablagʻlar ajratildi va ularning uzluksizligi taʼminlanmoqda.

Xoʻsh, hayotimiz xavfsizligini taʼminlash uchun shuncha imkoniyatlar yaratilayotgan bir paytda biz oʻzimizni qanday tutishimiz kerak, bizning majburiyat va vazifalarimiz nimalardan iborat?, degan oʻrinli savollar yuzaga kelmogʻi lozim. Avvalo, koronavirusning oʻta xavfli ekanligini toʻgʻri anglab olishimiz, u haqdagi maʼlumotlarni olishda faqat rasmiy manbalarga tayanishimiz va aholiga xolis tushuntirishimiz zarur. Eng muhimi, turli mish-mishlardan, yolgʻon xabarlardan, eng asosiysi, vahimadan yiroq boʻlmogʻimiz darkor.

Shifokorlar va mutaxassislarning maslahatlariga amal qilgan holda, shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya etish, tibbiy niqoblardan foydalanish, oʻz vaqtida toʻgʻri va sifatli ovqatlanish, sogʻlom turmush tarziga amal qilish, muntazam ravishda sport bilan shugʻullanish orqali sogʻlom immunitetga ega boʻlish barchamizni koronavirus balosidan asrashini anglamogʻimiz lozim.

Hozirda global muammo koronavirus infeksiyasining oldini olish, uning davosini topish boʻyicha butun dunyo olimlari izlanish olib bormoqda. Ushbu kasallikka qarshi eng yaxshi davo bu – uni oldini olish, yaʼni yuqtirmaslikdir. Demak, ayni paytda bor eʼtiborimizni karantin tartib-qoidalariga toʻla amal qilishga qaratmogʻimiz lozim.

Bundan tashqari qatʼiy tartib-intizom, aholisining hamjihatlik bilan virusga qarshi kurash olib borgan davlatlarning infeksiyani aholi orasiga chuqur kirib borishiga mustahkam toʻsiq qoʻya olgani barchaga ibrat boʻlmogʻi lozim.

Bugun xalqimiz respublika rahbariyatining gʻamxoʻrligini, xalqchil saʼy-harakatlarini his qilib turibdi, albatta. Biroq, bu berilgan imkoniyatning mamlakat taqdiri uchun ahamiyatini chuqur tushunmagan ayrim yurtdoshlarimiz, ayniqsa koronavirus infeksiyasidan talab etilgan qoidalar asosida himoyalanish oʻrniga vaqtini bekorga hamon koʻcha-kuyda oʻtkazayotganini, vaqtinchalik belgilangan tartib-qoidalarga amalga qilmayotgani kechirib boʻlmas holdir. Bu nafaqat oʻz taqdiriga, oila aʼzolari, qolaversa, Vatan taqdiriga befarqlikdir. Shu oʻrinda biz yana-da jipslashgan holda «Oʻz bolangni, oʻz uyingi oʻzing asra» degan shiorni hayotimizning mazmuniga aylantirmogʻimiz, epidemiologik barqarorlikni taʼminlashga xizmat qilayotgan barcha tizimlar mehnatini qadrlashimiz, faoliyatini qoʻllab-qoʻllab quvvatlamogʻimiz lozim.

Eʼtirof etish joizki, tibbiyot xodimlari mamlakatimizda kasallikni oldini olish, koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarimiz sogʻayib ketishlari uchun bor mahoratlarini ishga solgan holda kurashmoqda. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda “...Har bitta insonni hayotini saqlab qolish hech qaysi boylik bilan, hech qaysi mezon bilan teng boʻlmaydi....”. Bu borada shifokorlarning mehnatlari, jasorat va mehnatlari alohida tahsinga loyiq. Ular zamonamizning haqiqiy qahramonlaridir. Shu oʻrinda oʻz hayoti va sogʻligʻini xavf ostiga qoʻyib, kasallikka qarshi mardona kurashayotgan fidoyi shifokorlarimizga har qancha rahmatlar aytsak, arziydi. Koronavirus pandemiyasi sharoitida aholi salomatligini muhofaza qilish va hayotini asrash, yurtimizda infeksiyani jilovlashda ulkan jasorat va fidoyilik namunalarini koʻrsatgan bir guruh tibbiyot, ichki ishlar, mudofaa va favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Milliy gvardiya xodimlarini va boshqa tashkilotchilarini davlat mukofotlari bilan taqdirlangani ularning mehnatiga berilgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlikning yuksak namunasidir. Kelgusida ham bu kurashda oʻzini ayamay mehnat qilayotgan barcha tibbiyot xodimlarining munosib taqdirlanishining davomli boʻlishi, albatta quvonarli hol.

Biz esa shifokorlarni ruhan qoʻllab-quvvatlashimiz, kechayu kunduz matonat bilan mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlarini zahmatini qadrlagan holda, ularning sogʻinchli nigoh ila oila aʼzolari bilan onlayn muloqotda boʻlayotganini, oʻzgalar dardini oʻz dardidek qabul qilayotganini, eng muhimi oʻz sogʻligini katta xavfga qoʻyib boʻlsa-da, boshqalar dardiga malham boʻlayotganini, najot ilinjida moʻltirab turgan nigohlarga termilishga majbur ekanligini, bizni oʻz ota-onamiz qanchalik tushunsa, biz ham ularni shunchalik tushunmogʻimiz lozim.

Albatta, bugungi kunda eng muhim vazifa aholi oʻrtasida virus zanjirini uzish ekanligi, shuningdek, kasallik yuqtirilishining oldini olish, oʻlim holatlarini keskin kamaytirish maqsadida amaldagi karantin cheklovlarini uzaytirilishiga qaror qilingani ham yurtimizda inson manfaatlari yuksak qadriyat ekanligining yaqqol namunasidir. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, endilikda “Pandemiyaga qarshi kurash – har birimizning vijdon ishimiz”, “Oʻzim, oilam, farzandlarim sogʻligʻi uchun avvalo oʻzim javobgarman”, degan gʻoyalar hayotimiz mezoni boʻlmogʻi lozim.

Albatta, pandemiya jahon iqtisodiyotiga, shu jumladan, mamlakatimiz iqtisodiyotiga, ijtimoiy hatto, maʼnaviy hayotiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatmay qolmadi. Yurtimizda kasallikka qarshi amalga oshirilayotgan tezkor tashkiliy choralar–tadbirlar koronavirus pandemiyasi sharoitida xalqimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.

Boz ustiga davlatimiz rahbari rahnamoligida iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini, jumladan, qishloq xoʻjaligini yana-da rivojlantirish, oziq ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholini ijtimoiy himoya qilish, ularni bandligini taʼminlash, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish mexanizmini kengaytirish kabi yoʻnalishlarga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Ammo, pandemiya sharoitida tibbiyot sohasida uzoq yillar davomida yigʻilib qolgan muammolarni yuzaga chiqarib, sohada zudlik bilan hal etilishi lozim boʻlgan vazifalarni kun tartibiga yana-da dolzarb qilib qoʻymoqda

Shu oʻrinda shifoxonalarning mavjud quvvati va jihozlanishi barcha ehtiyojmand bemorlarga zudlik bilan zarur tibbiy yordam koʻrsatish imkonini beradi. Biz hozircha tibbiy yordam koʻrsatish uchun sharoitning yetarli emasligi, reanimatsion boʻsh oʻrinlarning yetishmasligi, IVL apparatlari va boshqa uskunalar yetishmasligi tufayli oʻlim sonining ortib borishi bilan bogʻliq muammoga duch kelmadik.

Qoʻshimcha ravishda yuqumli kasalliklar shifoxonalarini ishga tushirish, mavjudlarini ixtisoslashtirish, yangilarini qurish, shuningdek, ularni tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, zarur mutaxassislarni jalb qilish kasallanishning oʻsishini hisobga olgan holda tibbiy yordamni oʻz vaqtida koʻrsatishni taʼminlaydi.

Shu bilan birga, shifoxonalarining qayta ixtisoslashtirilishi shoshilinch tibbiy yordam talab qiladigan boshqa bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish jarayonini murakkablashtiradi, ularni shifoxonalarga yotqizish va boshqa bemorlarda rejalashtirilgan operatsiyalar bekor qilishga olib keladi.

Koronavirusga qarshi himoya vositalari, dori-darmonlar bilan taʼminlash masalasida ham xuddi shunga oʻxshash muammo mavjud. Isteʼmol bozorda yetishmovchilik bor, chunki ularni toʻliq ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmagan. Dunyo bozorida esa ularga ehtiyoj katta.

Afsuski, hozircha koronavirusga qarshi vaksina yoʻq. JSST vakili Melita Vuyinovichning maʼlumotiga koʻra, hozir dunyoda 20 ta nomzod-vaksina mavjud. Ammo ularning hech biri oxirigacha oʻrganilmagan. Ular tayyor boʻlganda taqdirda ham narxi, oʻsha paytgacha virus mutatsiyaga uchrashga ulgurish yoki ulgurmasligi masalasi hamon javobsiz qolmoqda.

Bugungi kundagi vaziyat aksariyat viloyat va tuman shifoxonalarining jonlantirish (reanimatsiya) boʻlimlarida IVL va boshqa tibbiy jihozlarning yetishmasligi sababli nafas yoʻllari buzilishi bilan ogʻrigan bemorlarga toʻliq malakali tibbiy yordam koʻrsatishga tayyor emasligi koʻrsatmoqda. Bundan tashqari, tez tibbiy yordam avtomobillari hamda xizmat koʻrsatuvchi tibbiyot xodimlarining yetishmasligi natijasida barcha tez yordam chaqiriqlariga xizmat koʻrsatish yana-da ogʻirlashadi.

Maʼlumotlarga qaraganda hozirda Oʻzbekistonda 1513 ta shoshilinch tibbiy yordam stansiyalari mavjud. Amaldagi tartibga koʻra, favqulodda va ogʻir vaziyatlarda tez tibbiy yordam guruhi belgilangan joyga 15-20 daqiqa ichida yetib kelishi lozim. Chaqiriqlar sonining ortishi natijasida bu borada muammolar yuzaga kelmoqda. Aslida dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida sogʻliqni saqlash tizimiga va umuman davlatga bunday bosimlar kuzatilmoqda. Shu sababli diagnostik uskunalar, transport vositalari IVL apparatlari, kislorod berish uskunalari, shaxsiy himoya vositalari va boshqalarni sotib olish bilan bogʻliq yangi xarajatlar vujudga keladi.

Biroq, bu xarajatlarning katta qismini byudjetga zarar emas, balki sohaga investitsiya kiritish sifatida baholash mumkin. Chunki xarid qilingan barcha vositalar sohaga bir necha yillar davomida xizmat qiladi.

Qoʻshimcha xarajatlar guruhi oʻrinlar fondini (koyka) ixtisoslashtirish bilan bogʻliq moliyaviy xarajatlarni qoʻyidagi asosiy guruhlariga ajratish mumkin:

- COVID-19 bilan kasallangan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish uchun shifoxonalarni zarur uskunalar bilan jihozlash va yuqori darajadagi shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlash hamda boshqa xarajatlar uchun mablagʻ;

- tibbiy muassasalarni qayta ixtisoslashtirish davrida tibbiy tashkilotlarni saqlab turish uchun zarur boʻlgan mablagʻlar;

- kutish yoki aksariyat oʻrinlarning boʻsh qolishi natijasida daromad boʻlmaganda yoki qisman daromad olinganda boʻsh oʻrinlar (koyka) fondini saqlab turish uchun mablagʻlar shular jumlasidandir.

Qayd etish joizki, koronavirusning tarqalishi sogʻliqni saqlash tizimidagi milliy loyihalarni amalga oshirishga oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Mamlakatda moliyaviy ahvolning kutilayotgan oqibatlari “Salomatlik” kabi milliy loyihalar parametrlarini qayta koʻrib chiqishni talab etadi. Shu bilan birga, jamiyatda sogʻliqni saqlashning ahamiyati tobora ortib borayotgan bir paytda, ushbu loyihalarning ayrim xarajatlari koronavirusga qarshi kurash boʻyicha joriy xarajatlarga mos kelishini hisobga olsak, sogʻliqni saqlash tizimiga ajratiladigan xarajatlarning qisqarishi kuzatilmaydi.

Joriy holat mamlakatimizda tibbiy muassasalar faoliyatiga oid amaldagi meʼyoriy-huquqiy baza koronavirus holatida tezkor taʼsir koʻrsatishga yetarli emasligini koʻrsatdi.

Jumladan:

- koronavirus tarqalishi sharoitida tibbiy muassasalar faoliyatini qayta ixtisoslashishini tartibga solish;

-tibbiy yordam koʻrsatishga ruxsat beruvchi soha: tibbiy muassasalarni vaqtincha yuqumli, pulmonologik va boshqa kasalliklarga qayta ixtisoslashishi, shuningdek, shifokorlar tomonidan uydan telemeditsina xizmatlarini koʻrsatishi va boshqa holatlarda litsenziyalarga ega boʻlish zarurligi;

- tibbiy xodimlarga qoʻyiladigan malaka talablari: zarur hollarda koronavirus bilan kasallangan bemorlarga boshqa mutaxassis shifokorlar tomonidan tibbiy yordam koʻrsatishda internatura (ordinatura)da taʼlim olgan boʻlishi, kasbiy tayyorgarlik, sertifikatlar va boshqalarning boʻlishi lozimligi;

- masofaviy mehnatga oid qonun hujjatlarining nomuvofiqligi:

- telemeditsina texnologiyalari sohasidagi qonunchilik va boshqalar.

Shu munosabat bilan pandemiya sharoitida boshqa davlatlar tibbiy muassasalari faoliyatining yangi shakl va usullaridan foydalanish boʻyicha tajribalarini hisobga oshish lozim. Xitoylik shifokorlar XXR yetakchi tibbiyot muassasalari bilan videokonferensiya formatida onlayn seminar va vebinarlarni doimiy ravishda oʻtkazadi. Va bu oʻzini oqlayotgan eng yaxshi vosita sifatida eʼtirof etilmoqda.

Shundan kelib chiqib, oʻzbek shifokorlari COVID-19 ni oldini olish va nazorat qilishning Xitoy mexanizmini milliy va mintaqaviy darajada atroflicha oʻrganishdi hamda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolash samaradorligini oshirish boʻyicha tadqiqotlar olib borishdi va oʻzaro fikr almashishdi. Ikki mamlakatning ixtisoslashgan tibbiy muassasalari hamkorligi ham faol rivojlanmoqda. Oʻzbekiston virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti Pekin Genomika instituti bilan imzolangan Memorandum doirasida qator qiziqarli tashabbuslarni amalga oshirmoqda.

Oʻzbekiston va Fransiya mutaxassislari oʻrtasida koronavirusga qarshi kurash boʻyicha oʻz tajribalari, kasallikka qarshi kurashish doirasida olib borilgan tadqiqotlar bilan oʻrtoqlashmoqda. Shu oʻrinda COVID-19ning kuchli qarama-qarshiligida turgan Fransiya ushbu virus bilan kasallanganlarni davolashning taʼsirchan va samarali sxemalarini ishlab chiqayotganini alohida taʼkidlash lozim.

Umuman olganda bugungi kundagi vaziyat tahlillari natijalari asosda qoʻyidagi xulosalarga kelish mumkin.

Avvalo, Oʻzbekistonda koronavirusining tez tarqalishini jilovlashga qator obyektiv omillar yordam beradi va bundan foydalanish lozim.

Ikkinchidan, Oʻzbekiston koronavirus tarqalishiga muvaffaqiyatli qarshi kurashish uchun yetarli iqtisodiy, ilmiy va texnologik salohiyatga ega. Bundan tashqari, sogʻliqni saqlash tizimining moddiy-texnik bazasi sezilarli darajada mustahkamlanib bormoqda.

Uchinchidan, koronavirus bilan bogʻliq vaziyat maxsus tekshiruvlar, rejali tibbiy yordam tibbiy koʻriklarning toʻxtatilishi bilan bogʻliq salbiy natijaga olib kelishi mumkin. Bu esa, oʻz navbatida, kasallikning boshqa turlarida oʻsish hosil qilishi mumkin. Bu boradagi ishlarni qayta koʻrib chiqish lozim boʻladi.

Toʻrtinchidan, iqtisodiyot ham, sogʻliqni saqlashning ham faoliyat yuritishiga oid meʼyoriy-huquqiy baza koronavirus tarqalishi sharoitlarga tayyor emas. Shu qisqa davr mobaynida qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Biroq koronavirusiga qarshi kurash boʻyicha tajriba tahlili natijalari asosida ushbu sohadagi qator huquqiy hujjatlarni qayta koʻrib chiqishni talab etadi. Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisidagi” qonuni shular jumlasidandir.

Beshinchidan, koronavirus bilan kurashish tajribasi mamlakatning kelajakda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan epidemiyalar va pandemiyalarga tayyorgarligini oshirishga xizmat qiladi.

Oltinchidan, bemorlar va shifokorlar xavfsizligini taʼminlaydigan telemeditsina markazini ishga tushirish uchun baza yaratilishi.

Yettinchidan, koronavirusda gumon qilingan bemorlarga aniq tashxis qoʻyish uchun qoʻshimcha ravishda sinovdan oʻtkaziladigan poliklinikalar asosida maxsus maslahat markazlarini yaratish. Bunday yondashuv samarali nazorat tizimni yaratish imkoninin beradi.

Bularning barchasi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi oldiga koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha karantin va profilaktik chora-tadbirlar talablariga soʻzsiz rioya qilish zarurligi haqida aholi xabardorligini oshirish vazifasini dolzarb qilib qoʻyadi. Shuningdek, ekologik dunyoqarash, tibbiy madaniyat va sogʻlom turmush tarzi masalalarida aholi madaniyatini yana-da ortishini qayd etish zarur.

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi va uning koʻp ming sonli faollari xalqimiz farovonligini taʼminlash, insonlar baxtu kamoli yoʻlidagi ezgu ishlarda diomo qamarbasta boʻlishga bor kuch va gʻayratini safarbar etadi.

Mamlakatimizda koronavirus taʼsirining oldini olish uchun eʼlon qilingan karantin davrida karantin talablarni vijdonan va oʻz vaqtida bajarishga oʻz-oʻzimizni safarbar etishimiz barchamizning fuqarolik va vatanparvarlik burchimiz ekanligini unutmaylik, aziz yurtdoshlar.

Har birimiz davlat darajasida qabul qilingan karantin tadbirlariga qatʼiy rioya etishda faollik koʻrsatgan holda, fuqarolik burchimizni ado etaylik!

Unutmang, har birimiz kelajak uchun javobgarmiz!

B.Alixonov,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi
Markaziy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?