Koronavirus inson koʻz yoshida uzoq vaqt yashashi mumkin

06:09 18 May 2020 Jamiyat
605 0

Koronavirus yuzaga keltiruvchi koʻpgina kasalliklar burun, ogʻiz va koʻz shilliq qavatlariga xavo – tomchi orqali yuqishi barchaga maʼlum. Biroq uning boshqa jihatlari ham mavjud.

Xususan, virus mavjudligini polimeraza zanjir reaksiyasi (PZR) usulida aniqlash klinik tibbiyotda 2000-yillardan buyon qoʻllanilib kelinmoqda va tekshiruv materiali sifatida burun-halqum, ogʻiz shilliq qavatlari, konyunktiva, koʻz yoshi suyuqliklaridan foydalaniladi. Maʼlum bir sharoitlarda bemor odamdan sogʻ odamga turli xil infeksiyalarning yuqishiga koʻz yoshi suyuqligi sabab boʻlishi isbotlangan.

Inson sogʻligʻiga xavf tugʻdiruvchi yangi COVID-19 virusining yuzaga kelishi, biologik evolyutsiya jarayoniga xarakterli boʻlib, uning oʻzgarmas tarkibiy qismi sifatida nafaqat organizmga, balki koʻzga ham oiddir. COVID-19 da koʻz aʼzolarining holatini oʻrganish, koʻz yoshida PZR informativlik darajasini aniqlash, kasallikni vaqtida tashxislash va atrofdagilarga tarqalishini oldini olishda muximdir.

TTAning koʻp tarmoqli klinikasida 25.04.2020-yil xolatiga koʻra 170 nafar COVID-19 bilan zararlangan bemor davolandi. Ulardan 12 nafarida kasallikning ilk davrida vaqtinchalik koʻrishning xiralashishi, 21 nafarida konyunktiva giperemiyasi kuzatilib, gospitalizatsiyaning 5-6-kuniga kelib maxalliy davolash choralarisiz qizarishlar yoʻqoldi. 2 nafar bemorda koʻz yoshi oqishi qayd etilib, 3 kundan soʻng oʻz – oʻzidan toʻxtagan.

Xorijiy adabiyotlarda keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, Xubey provinsiyasi, Ichan shaxri oftalmologlari tomonidan soʻnggi vaqtlarda COVID-19 bilan bogʻliq 12 nafar bemorda koʻz yoshining koʻp miqdorda oqishi, konyunktiva giperemiyasi va shishi kabi koʻzga oid shikoyatlar qayd etilgan. 2 holatda konyunktiva va koʻz yoshi suyuqligidan olingan ekmalarda koronavirus aniqlangan. Bundan tashqari koʻz yoshida virus uzoq muddat hayotchanligini yoʻqotmagan holatda saqlanishi va koʻz yoshi orqali yuqishi isbotlangan.

Isroil shifoxonasi oftalmologiya boʻlimi professori David Sadok fikricha, yangi virus inson organizmiga konyunktiva orqali kira oladi. Shuningdek Xitoyda COVID-19 bilan ogʻrigan ilk bemorni tekshirgan, natijada vafot etgan birinchi shifokor oftalmolog boʻlganligini aloxida taʼkidlagan.

Amerika oftalmologlari akademiyasi bergan maʼlumotlarga koʻra, koronavirus infeksiyasi konyunktivit chaqirishi mumkin. Yuqoridagi vaziyatga bogʻliq holatda respirator simptomlari bor boʻlgan, konyunktivit kuzatilayotgan bemorlar COVID-19 bilan zararlangan boʻlishlari mumkinligi toʻgʻrisida xabarlar berilmoqda.

Annals of Internal Medicineda chop etilgan izlanish xulosalariga koʻra, Italiya yuqumli kasalliklari instituti olimlari, koʻz yoshida koronavirusni aniqlash testi musbat natijaga bergan bir vaziyatda, tomoqdan olingan surtmada manfiy javob chiqqanligini qayd etishgan va birinchi tekshiruv nisbatan ishonchli degan xulosaga kelishgan.

Ammo Singapur milliy universiteti oftalmologlari bergan maʼlumotlarga koʻra COVID-19 tashxisi qoʻyilgan 17 nafar bemorning shifoxonada davolanishlari davri mobaynida koʻz yoshi suyuqligidan koronavirus topilmagan.

Test natijalariga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan “qizil koʻz” simptomlari, tekshiriluvchilarning barchasida ham kuzatilmaganligi sababini olimlar oʻrganishmoqda.

Health Day News byulletenida chop etilgan adabiyotlar sharhida, muallif COVID-19 bilan ogʻriyotgan bemorda kasallik qanchalik ogʻir kechsa, “qizil koʻz” simptomi yaqqol yuzaga chiqishi ehtimolligi yuqoriligini taʼkidlaydi.

Bu, kasallik bemor yoki uni tekshirayotgan shifokor koʻzini ishqalaganida, teginganida konyunktiva yoki koʻz yoshi suyuqligi orqali boshqalarga yuqishi mumkinligini bildiradi.

Bemorlar va shifokorlar COVID- 19 koʻz qizarishi, shishishi va koʻz yoshi oqishi bilan namoyon boʻlishi mumkinligini bilishlari va bu vaziyatda profilaktik chora sifatida ular atrofdagilarga yuqtirmasliklari uchun tegishli yordamni oʻz vaqtida olishlari lozim (Steven Reinberg, aprel,2020).

Hozirga qadar kam sonli olimlarning tadqiqot natijalarigina COVID-19 tashhisi tasdiqlangan bemorlar konyunktivasi va koʻz yoshi suyuqligida virusning boshqalarga yuqtirish darajasida mavjud boʻlishini tasdiqladi.

Shuningdek koronavirus infeksiyali bemorlarda koʻzga oid belgilar boʻlmagan taqdirda ham, ular virus tashuvchisi sifatida oʻzgalarga kasallikni yuqtirishi sababli xavfli hisoblanishadi.

Muxokama etilayotgan mavzuning koʻpgina jixatlari, jumladan kasallikning koʻzga oid spetsifik shakllari mavjudligi, bemorlar qoni, konyunktivasidagi viruslarning shakli, konsentratsiyasi yoki virusologik yuklamaga qanchalik bogʻliqligi; kasallikning somatik ogʻirlik darajasi bilan koʻzga oid klinik – laborator belgilarning oʻzaro bogʻliqligining mavjudligi; cimptomsiz virus tashuvchisida koʻz yoshi suyuqligini taxlili informativlikka ega yoki ega emasligi; koʻruv aʼzosini anatom – topografik joylashgani hisobga olganda “qizil koʻz” simptomi COVID-19 ning erta namoyon boʻluvchi klinik belgilaridan biri boʻlishi mumkinligi kabilar oʻz yechimini topmagan.

Bunga oʻxshash barcha savollar, kasallikni klinik kechishi, profilaktikasi, uning tarqalishiga oid strategiyalar ishlab chiqishda va ularni oʻrganishda koʻpgina ilmiy izlanishlar olib borishlikni taqozo etadi.

Shunday qilib, virusning yangi shtammlari yuzaga keltirgan epidemik vaziyat, zamonaviy tibbiyot uchun jiddiy sinov boʻlib qolmoqda.

T.f.d., professor Baxritdinova F.A.,

Innovatsion rivojlanish vazirligi “Tibbiyot fanlari” boʻyicha Ilmiy-texnik kengash aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?