Koronavirus bir kunda qariyb yuz kishini hayotdan olib ketdi. Virus yana bir mamlakat fuqarosida aniqlandi

11:37 10 Fevral 2020 Dunyo
477 0

Foto: clutch.ua

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, Xitoyda koronavirusni yuqtirganlar soni 37 558 kishiga yetgan. Mamlakat tashqarisida yana mazkur infeksiya bilan bogʻliq 307 holat qayd etilgan.

Xitoy Milliy sogʻliqni saqlash komissiyasi tasdiqlagan maʼlumotga koʻra mamlakatda koronavirusni yuqtirganlar soni 40,171 kishini tashkil etadi. Mamlakat tashqarisida esa infeksiya bilan bogʻliq 558 holat qayd etilgan. Kasallik tufayli 910 kishi hayotdan koʻz yumgan. Vafot etganlarning 908 nafari Xitoy fuqarolaridir.

Xitoylik shifokorlar tomonidan maʼlum qilinishicha, ayni paytda 35,982 kishi davolanmoqda. Ulardan 6484 nafarining ahvoli ogʻir. 3281 bemor tuzalgan va kasalxonadan chiqarilgan.

Kasallik birinchi marta Ukraina fuqarosi ham aniqlangan. U Yaponiyada, Diamond Princess sayohat kemasi yoʻlovchilaridan biri boʻlgan. Kemada jami 3,5 ming nafar yoʻlovchi boʻlgan, shundan 70 nafariga koronavirus infeksiyasi tashxisi qoʻyilgan.

Bungacha mazkur kasallik Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, Amerika Qoʻshma Shtatlar, Germaniya, Vyetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kambodja, Nepal, Ispaniya, Shimoliy Koreya mamlakatlari fuqarolarida aniqlangan edi.

Xitoy hukumati koronavirusga qarshi kurash uchun 10 milliard dollardan koʻproq mablagʻ sarflagan.

London gigiyena va tropik kasalliklarni oʻrganish maktabi mutaxassislarining taʼkidlashicha, fevral oyining ikkinchi yarmiga kelib virus tarqalish choʻqqisiga chiqadi. Ular matematik modelga asoslanib, kasallikka chalinganlar soni 500 ming kishidan oshishini bashorat qilishmoqda.

Xitoy Milliy sogʻliqni saqlash komissiyasi 2019-nCoV koronavirusi yangi nom bilan atadi — NCP (Novel Coronavirus Pneumonia — yangi tipdagi koronavirus chaqiradigan pnevmoniya”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?