Korxonaning 4 milliard soʻmga yaqin qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi qaytarildi

11:46 16 Oktyabr 2020 Iqtisodiyot
83 0

Sirdaryo viloyatining 4-sektoriga qarashli Guliston tumanida 1200 dan ziyod xoʻjalik yurituvchi subyektdan 414 tasi qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtgan. Shulardan biri “Mili teks Sirdaryo” korxonasi. Unda 400 nafardan ziyod xotin-qiz ish bilan band. Faoliyat boshlaganiga hali koʻp vaqt boʻlmagan ushbu korxona tomonidan Turkiya, Xitoy kabi davlatlarga 4 million dollarlik ip- kalava mahsulotlari eksport qilindi.

— Joriy yilning aprel oyidan ish boshladik, — deydi korxona rahbari Baxtiyor Shoikromov. — Faoliyat boshlashimizda 4-sektor rahbarlarining amaliy yordami juda katta boʻldi. Jumladan telekommunikatsiya va elektr energiyasi taʼminoti oʻz vaqtida yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, avgust-sentyabr oylarida viloyat davlat soliq boshqarmasining koʻmagida 3 milliard 900 million soʻmlik qoʻshilgan qiymat soligʻining “0” stavkasini qoʻllash hisobiga yuzaga kelgan ortiqcha toʻlovlar korxonamiz hisob raqamiga qaytarildi. Bu esa faoliyatimizni yana-da kengaytirishimiz hamda qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qiladi.

Darhaqiqat, tadbirkorlik subyektlari uchun qulay va shaffof biznes muhiti yaratilishida davlat soliq xizmati organlarining har bir xodimi tomonidan “Soliq xizmati - insofli soliq toʻlovchilarning ishonchli hamkori” degan maqsadli vazifani soʻzsiz bajarilishi belgilangan.

Xususan, viloyat 4-sektor rahbari tomonidan korxonalarga tashrif buyurgan holda amaliy koʻmak koʻrsatilmoqda. Shuningdek, faoliyatini toʻxtatgan yoki rentabelligi tushib ketgan korxonalar rahbarlari ishtirokida viloyat davlat soliq boshqarmasida seminarlar va amaliy uchrashuvlar tashkil etilayotgani biznes vakillari uchun samarali boʻlmoqda. Shuningdek, tizim xodimlari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga tashrif buyurgan holda oʻrganishlarda maʼlum qilingan muammolarini bartaraf etishga ham koʻmak berilmoqda.

— Hozirda jami 3649 ta qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari viloyat davlat soliq boshqarmasida soliq toʻlovchi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan, - deydi Sirdaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi “Qoʻshilgan qiymat soligʻi maʼmurchiligi” boʻlimi boshligʻi Azamat Kuychiyev. – Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 489-sonli qarori qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilarini qoʻllab quvvatlash, ularga soliq xizmati va soliq maʼmurchiligini oshirish hamda sifatli xizmat koʻrsatish uchun qabul qilingan. Har bir QQS toʻlovchisi shaxsiy kabineti orqali QQSni qaytarish uchun 2 ta tartib asosida arizani toʻldirib davlat soliq boshqarmasiga yuboradi. Arizalar tezlashtirilgan 7 kunlik hamda umumbelgilangan 60 kunlik tartibda koʻrib chiqiladi.

Tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, xususan koronavirus pandemiyasining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish maqsadida qator qaror, farmonlar aynan soliq imtiyozlari va yengilliklar berish maqsadida qabul qilindi. Xususan qoʻshilgan qiymat soligʻining “0” stavkada qoʻllanilgani natijasida vujudga keladigan ortiqcha toʻlovlarni korxonalar hisob raqamiga qaytarilishining soddalashtirilishi va tezlashtirilishi tadbirkorlar uchun yana bir imkoniyat boʻldi desak aslo mubolagʻa emas.

Ilgʻor XALILOV,
Sirdaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi
Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi boshligʻi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?