Koʻrgazmali vositalar hayotiyligi, sermazmunligi bilan odamlar ongu shuuriga taʼsir koʻrsatadi

19:00 26 Fevral 2019 Jamiyat
294 0

“Xalq soʻzi ONLINE”. Istam Ibrohimov/Buxoro. Qadimiy kentning gavjum koʻchalarini tomosha qilayotgan fransuz sayyohi eʼtiborini yoʻl chetida oʻrnatilgan panno tortdi. Unda Gʻijduvon kulollik maktabi vakillari mahsulotlari tasviri tushirilgan edi. Sayyohda beixtiyor shu maktab ustalari ish jarayoni bilan tanishish istagi tugʻildi. Natijada mehmon Buxoroda yana bir kun qoladigan boʻldi. Ertasiga u gid-tarjimon hamrohligida Buxorodan 50 kilometr uzoqlikda joylashgan Alisher Narzullayevning muzey-ustaxonasi tomon yoʻl oldi.

Shu kichik bir misolning oʻziyoq koʻrgazmali tasviriy vositalar benihoya katta taʼsir kuchiga ega ekanligini koʻrsatadi.

“Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasining Buxoro shahrida boʻlib oʻtgan respublika koʻrgazmali seminari ishtirokchilari ana shunday vositalarning taʼsirchanligini yanada oshirish yuzasidan oʻzaro fikrlashib, maslahatlashib oldilar.

Tadbirning dastlabki kunida respublikamizning barcha hududidan kelgan soha mutaxassislari “Buxoro brilliant silk” korxonasi, 82-maktabgacha taʼlim muassasasi, “Orient house” qurilish shtabi va boshqa bir qator obyektlarda boʻldilar, mazkur maskanlarni tasviriy-targʻibot vositalari yordamida bezash ishlari bilan tanishdilar.

“Yoshlar markazi”da ijodiy uyushma tomonidan oʻtgan yilda amalga oshirilgan ishlar yakuni hamda 2019 yil — Faol investitsiya va ijtimoiy rivojlanish yilida bajariladigan ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Tadbirni “Xalq soʻzi” — “Narodnoye slovo” gazetalari bosh muharriri, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi kengashi aʼzosi Oʻtkir Rahmatov olib bordi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi boshqaruvi raisi Isfandiyor Latipov maʼruza qildi.

Darhaqiqat, bugungi islohotlar mazmun-mohiyati xalqimiz turmush tarzini yaxshilash, mamlakatimizning rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan munosib oʻrin egallashiga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatlidir. Keng miqyosdagi bunyodkorlik ishlari esa yurtimiz qiyofasini oʻzgartirib yubormoqda. Mana shu qamrovli yumushlar mazmun-mohiyatini tasviriy-koʻrgazmali vositalar orqali aholi ongu shuuriga yetkazish dolzarb vazifaga aylanyapti.

Yigʻilishda aholi gavjum joylar, xususan, bozorlarda savdo va turli xizmat koʻrsatish shoxobchalari nomi ajnabiy tillarda yozilgani tanqid ostiga olindi.

Tadbirda Termiz shahrida boʻlib oʻtadigan Xalqaro baxshichilik sanʼati, Qoʻqon shahri mezbonlik qiladigan Xalqaro hunarmandchilik festivallari obyektlarini tasviriy-targʻibot vositalari bilan bezash borasidagi tayyorgarlik ishlari yuzasidan axborot berildi.

— Seminar biz uchun nihoyatda foydali kechdi, — deydi “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi Surxondaryo viloyati boʻlimi boshligʻi Feruza Xolmirzayeva. — Buxoro shahridagi bir qator tashkilot, muassasalarda boʻlib, tasviriy bezash ishlari bilan tanishdik. Menda, ayniqsa, klaster usulida ishlovchi “Buxoro brilliant silk” korxonasi faoliyati katta taassurot qoldirdi. Bilasiz, yaqinda bizda Xalqaro baxshichilik festivali boʻlib oʻtadi. Undagi bezash ishlariga tajribali dizaynerlar, jumladan, buxorolik ijodkorlarni ham taklif etmoqchimiz.

Koʻrgazmali seminar doirasida ijodiy uyushma tomonidan Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yiliga bagʻishlab chiqarilgan “Taraqqiyot yoʻlimizning shiddati oshaveradi” deb nomlangan tavsiya-qoʻllanmaning taqdimoti ham oʻtkazildi.

Shuningdek, ijodiy uyushma faoliyatiga taalluqli bir qator masalalar koʻrib chiqildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?