Koreyalik mutaxassislar O‘zbekistonda startaplarni rivojlantirish siyosatini ishlab chiqishda yordam beradilar

14:19 24 Iyul 2018 Iqtisodiyot
155 0
Koreya axborot jamiyatini rivojlantirish instituti

Koreya axborot jamiyatini rivojlantirish instituti (KISDI), Koreya kichik biznes instituti (KOSBI) va Global tadbirkorlik fondi (GEF) mutaxassislaridan iborat delegatsiya Toshkentga keldi.

Tashrifdan maqsad — O‘zbekistonda startaplar ekotizimini va dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirishga ko‘maklashish. Bu haqda Mirzo Ulugbek Innovation Centre(MUIC) innovatsiya markazi ma’lum qildi.

Dasturdan Koreya Respublikasi elchixonasida, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, MUIC innovatsiya markazida uchrashuvlar o‘rin olgan. Shuningdek, koreyalik ekspertlar “O‘zbekistonda AKT-startaplar va dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirish siyosati” mavzuida amaliy seminar o‘tkazishi belgilangan. Tadbir bugun Inha universitetida bo‘lib o‘tadi. Ishtirokchilar orasida — AKT vazirligi, MUIC innovatsiya markazi, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi, “UZINFOCOM” yagona integratori, “UNICON.UZ” markazi, Inha va TATU universitetlari vakillari o‘rin olgan.

Seminarda taklif etilgan mutaxassislar Koreya Respublikasining startaplar ekotizimi rivojlanishidagi tajribasi va ushbu jarayonni O‘zbekistonda imkoni boricha samarali tashkil etish borasida o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashadilar.

Qayd etish joizki, bu KISDI ekspertlarining mamlakatimizga birinchi tashrifi emas. Joriy yil boshida delegatsiya ilk bor O‘zbekistonga tashrif buyurib, AKT sohasidagi davlat siyosati, yaratilgan shart-sharoitlar va infratuzilma bilan tanishgan edilar. Shundan keyin AKT vazirligi va MUIC xodimlari Koreya Respublikasida javob tashrifi bilan bo‘ldilar. Ular Seuldagi KISDI kompaniyasi ofisiga tashrif buyurdilar, shuningdek, eng muvaffaqiyatli startap-kompaniyalariga bo‘ldilar.

Bu galgi tashrif davomida o‘tadigan uchrashuvlardan biri o‘sha safar taassurotlarini muhokama qilishga bag‘ishlanadi. Tomonlar AKT soha holatidagi sifat o‘zgarishlari, startaplar ekotizimlarini yaratish va rivojlantirish bo‘yicha takliflar bilan almashadilar, shuningdek, bu yo‘nalishda ishlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kirishadilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?