Koreyalik investorlar Oʻzbekistonda farmatsevtika tarmogʻini rivojlantiradi

11:27 15 May 2019 Jamiyat
104 0

Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasida tibbiyot va farmatsevtika sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyev ayni paytda Janubiy Koreyada tashrif bilan boʻlib turibdi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar bermoqda. 

Tashrifning dastlabki kunida Oʻzbekiston delegatsiyasi Koreya Respublikasi Sanoat, savdo va energetika vaziri Song Yu Mo bilan uchrashdi. Muloqotda vaziri Song Yu Mo koreyalik investorlar Oʻzbekistonda farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirishga tayyor ekanini taʼkidlab oʻtdi.

Maʼlumot uchun, 2018 yilda respublika hududlarida farmatsevtika tarmogʻida umumiy qiymati 96,26 million AQSH dollari miqdorida investitsiya yoʻnaltirilgan holda 34 ta loyiha ishga tushirilib, 1501 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2019 yilga moʻljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan esa joriy yil davomida farmatsevtika tarmogʻida umumiy qiymati 216,5 million AQSH dollari qiymatidagi 20 ta loyiha amalga oshirilishi va natijada 2218 ta yangi ish oʻrni tashkil etilishi rejalashtirilgani diqqatga sazovor.

Eslatib oʻtamiz, mamlakatimizda 159 ta farmatsevtika korxonalari faoliyat yuritmoqda. Ularning 90 tasi dori vositalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, 58 tasi tibbiyot buyumlari, 11 tasi esa tashxis uskunalari ishlab chiqaruvchi korxonalardir. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan 35 farmakoterapiya guruhidan 26 guruhga kiritilgan preparatlar ishlab chiqarilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?