Koreyada Oʻzbekiston fuqarosi koronavirusga chalingani maʼlum boʻldi

18:48 14 Mart 2020 Dunyo
205 0

Foto: www.google.com

Janubiy Koreyada koronavirusga chalingan shaxslarning 60 nafari chet el fuqarolari boʻlib, ulardan kamida 1 nafari oʻzbekistonlikdir. Bu haqda Koreyaning Newsis portali xabar bermoqda.

Oʻzbekiston fuqarosida kasallik qachon aniqlangani, uning ahvoli va qayerda ekani haqida aniq maʼlumot yoʻq. Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu holat boʻyicha axborot bermagan.

Ushbu xabar Janubiy Koreyadagi oʻzbekistonliklarning internetdagi guruhlarida muhokamalarga sabab boʻlgan.

Janubiy Koreyadagi koronavirusga qarshi kurash boʻyicha tuzilgan markaziy shtab maʼlumotlariga koʻra, mamlakatdagi koronavirusga chalingan chet el fuqarolarining 38 nafari xitoylik, 7 nafari esa AQSH fuqarosi.

Bundan tashqari, Moʻgʻuliston, Vyetnam, Argentina, Avstraliya, Tailandning 2 nafardan, Indoneziya, Yaponiya, Polshaning 1 nafardan fuqarolari ham Janubiy Koreyada koronavirusga chalingan.

Avvalroq, Oʻzbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi mamlakatda boʻlib turgan oʻzbekistonliklarni Vatanga qaytish toʻgʻrisidagi qarorlarini jiddiy oʻylab koʻrishni tavsiya qilib, Janubiy Koreya hukumati ilgʻor tibbiyot texnologiyalardan foydalangan holda koronavirus tarqalishining oldini olish uchun barcha zarur choralarni koʻrayotganini, kasallik aniqlangan taqdirda chet el fuqarolariga ham davolash bilan bogʻliq bepul malakali tibbiy xizmat koʻrsatilishini kafolatlanganini maʼlum qilgan edi.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda shu kungacha koronavirus bilan kasallangan bemorlar qayd etilgani yoʻq.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?