Koreya tajribasi Oʻzbekiston farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirishni jadallashtiradi

15:22 16 May 2019 Jamiyat
122 0

Avval xabar berganimizdek, shu kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Koreya Respublikasida boʻlib turibdi. Tashrifdan koʻzlangan maqsad sogʻliqni saqlash tizimi va farmatsevtika sanoatini rivojlantirishda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.

Tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Koreya Respublikasi Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot vaziri Pak Ning Xu bilan uchrashdi. Muloqot chogʻida tomonlar ikki davlat rahbarlarining yaqinda boʻlib oʻtgan uchrashuvlari mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga katta turtki boʻlganini taʼkidlashdi. Yurtimizdagi farmatsevtika sanoatining investitsion jozibador jihatlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Jumladan, investorlar uchun qulay shart-sharoitlar va imtiyozlar yaratish, xususan, mamlakatimizdagi farmatsevtika erkin iqtisodiy zonalari hududida mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganligi qayd etildi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Shuningdek, uchrashuvda tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi investitsiyaviy loyihalarga eʼtibor qaratildi. Jumladan, Oʻzbekistonda rentgen apparatlarini ishlab chiqaradigan “Listem-Fergana” MCHJ qoʻshma korxonasi tashkil etildi. Shuningdek, Koreya Respublikasining “Dalim Biotech” va “Yuhan” kompaniyalari bilan hamkorlikda dori darmon mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish borasidagi loyihalar ham muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani eʼtirof etildi.

Bundan tashqari, tomonlar Koreya Respublikasining dori vositalari va tibbiy buyumlar uchun “DUR” (DrugUseRecord) markalash tizimi tajribasi bilan tanishdi. Ushbu tizimning noyobligi shundaki, uning yordamida mahsulotning ishlab chiqaruvchidan isteʼmolchigacha yetib borish jarayoni kuzatib boriladi. Shuningdek, Koreya Respublikasining tibbiy sugʻurta va “E-Health” elektron sogʻliqni saqlash tizimi tajribasini mamlakatimizga tatbiq etish masalalari muhokama etildi.

Muzokaralar yakunida ikki mamlakat sogʻliqni saqlash vazirlari tibbiyot sohasida hamkorlik toʻgʻrisida oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladilar. Shuningdek, Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Koreya Respublikasining farmatsevtika va biofarmatsevtika ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjatlar farmatsevtika sanoatini rivojlantirish va sohaga investitsiyalarni keng jalb etish, ishlab chiqarish va ilmiy-tadqiqot markazlarini yurtimizda tashkil qilish borasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga asos boʻladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?