Koreya Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot vaziriga faxriy professor unvoni berildi

15:59 20 Aprel 2019 Jamiyat
232 0

Joriy yilning 20 aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va Koreya Respublikasi Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot vaziri Pak Ning Xu oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Muloqotda qayd etilganidek, ikki mamlakat oʻrtasida koʻplab sohalar, jumladan, sogʻliqni saqlash yoʻnilishida hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda. Jumladan, mamlakatimizda tibbiy sugʻurta va elektron sogʻliqni saqlash tizimini yaratish, telemeditsina, tibbiy turizmni rivojlantirish kabi koʻplab yoʻnilishlarda izchil hamkorlikni alohida taʼkidlash joiz.

Uchrashuvda Sogʻliqni saqlash sohasida Oʻzbekiston-Koreya hamkorligi markazini tashkil etish va faoliyat koʻrsatish toʻgʻrisida oʻzaro anglashuv memorandumi alohida ahamiyat kasb etishi aytib oʻtildi. Mazkur markazning ochilishi ikki mamlakat oʻrtasida sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlikni mustahkamlab, ikki davlat mutaxassislari oʻrtasida bilim va tajriba almashinuv faollashishiga yordam beradi. Shuningdek, Memorandumga koʻra, sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlarni amalga oshirishning bosh rejasi, shu jumladan, sohaning huquqiy asoslari, tibbiyot xodimlarining bilimlarini muntazam takomillashtirish, davlat-xususiy sektor hamkorligi hamda tibbiy turizm va tibbiy sugʻurta sohasida mutaxassislar almashinuvi boʻyicha qoʻshma loyihalar ishlab chiqiladi.

Oʻzbekiston-Koreya forumi doirasida Sogʻliqni saqlashni rivojlantirishga oid oʻzaro anglashuv memorandumi, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi va Koreya Xalqaro hamkorlik jamiyati “KOFIH” oʻrtasida imzolangan shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum, shuningdek, Koreya Respublikasining Kyong Buk universiteti klinikasi va Samarqand Davlat tibbiyot institutining klinikalari oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolangani ham uchrashuvda alohida eʼtirof etildi.

Shu oʻrinda hamkorlik samarasi oʻlaroq, koʻplab yirik loyihalar izchil amalga oshirib kelinmoqda. Misol uchun, Toshkent shahrida koreyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda Mustaqil davlatlar hamdoʻstligida oʻxshash yoʻq toʻrtinchi avlod bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazini bunyod etish jadal olib borilmoqda. Qiymati 130,58 million AQSH dollarini tashkil etgan markazda ishlaydigan xodimlar malakasini oshirish boʻyicha ham qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi va Koreya Respublikasining Milliy salomatlik sugʻurtasi xizmati oʻrtasida mamlakatimizda majburiy tibbiy sugʻurta tizimini joriy etish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida shartnomani ham imzolangan. Koreya Respublikasining koʻplab tashkilotlari, jumladan, “KOICA”, “KOFIH”, “EDCF” jamgʻarmalari bilan hamkorlikda sogʻliqni saqlash sohasida qiymati 190 million AQSH dollaridan ziyod qator sarmoyaviy va grant loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, oʻtgan yili Koreyadagi klinika va taʼlim muassasalarida 35 nafar oʻzbek shifokorlari oʻz malakalarini oshirishgan boʻlishsa, joriy yilda davomida esa yuzga yaqin mutaxassislar malaka oshirish va tajriba almashish uchun Janubiy Koreyaga yuboriladi. Oʻz navbatida, oʻtgan yil Koreya Respublikasining yetakchi klinika va oliy oʻquv yurtlarining 47 nafar mutaxassisi mamlakatimizga tashrif buyurib, ilmiy anjuman, mahorat darslari, amaliy-seminarlar hamda 80 ta yuqori texnologiyali operatsiyalarni oʻtkazishgan.

Doʻstona va koʻtarinki ruhda oʻtgan muloqotda tibbiyot sohasini rivojlantirish yoʻlidagi hamkorlik bundan buyon ham izchil davom ettirishga kelishib olindi.

Uchrashuvdan soʻng Sogʻliqni saqlash vazirligi Markaziy apparati, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va davolash muassasalari rahbarlari, tibbiyot oliy oʻquv yurtlari rektorlari ishtirokida Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov tomonidan Koreya Respublikasi Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot vaziri Pak Ning Xu Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligining “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni hamda Toshkent tibbiyot akademiyasining Faxriy professori unvoni bilan taqdirlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?