Koreya Respublikasi adliya vaziri: “Yurtingizdagi yangilanishlarga oʻz hissamizni qoʻshishdan behad mamnunmiz”

07:44 17 Yanvar 2019 Jamiyat
183 0

Pak San Gi

Shu kunlarda mamlakatimizda Koreya Respublikasi adliya vaziri Pak San Gi boshchiligidagi delegatsiya mehmon boʻlib turibdi. Tashrif davomida turli idora va tashkilotlarda uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida delegatsiya aʼzolari bilan kechgan muloqotda keyingi yillarda ikki davlat oʻrtasidagi aloqalar mustahkamlanib, jadal rivojlanib borayotgani qayd etildi. Pak San Gi bu haqda quyidagilarni soʻzlab berdi:

— Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekistonni har tomonlama rivojlantirish boʻyicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilyapti. Albatta, Koreya Respublikasi va Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstlik munosabatlari yuqori pogʻonaga koʻtarilib bormoqda. Yurtingizdagi yangilanishlarga oʻz hissamizni qoʻshishdan behad mamnunmiz. Bu — biz uchun faxr.

Ishonchim komilki, tashrifimiz davomida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan Koreya Respublikasi Adliya vazirligi oʻrtasida imzolangan bitim prokuratura sohasidagi hamkorligimizni yangi bosqichga koʻtarishga turtki beradi. Mazkur hujjat oʻz ichiga jinoyatchilikning oldini olishda istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish hamda amaliyotga tatbiq etish, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash kabi muhim masalalarni qamrab olgan. Shuningdek, tajriba almashinuvi hamda ilmiy tadqiqotlar olib borishda ham aloqalarni yanada kuchaytiramiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?