«Koreya mo‘’jizasi»ning siri nimada?

20:47 09 May 2018 Jamiyat
1059 0

Koreya Respublikasi dunyoning eng ilg‘or davlatlaridan biridir. Hosildor yer taqchil, hech qanday yer osti tabiiy boyliklari yo‘q. Ammo shunday sharoitda ham mazkur mamlakat qanday qilib bu darajaga erishdi?! Buning siri nimada?
Biz ushbu diyorga safarimiz davomida ana shu savollarga javob izladik...

“Aqlli shahar”
Dasturimiz turli yo‘nalishlarni qamrab olgan bo‘lib, juda qiziqarli tuzilgan edi. Biz, o‘zbekistonlik jurnalistlar Janubiy Koreyadagi ijtimoiy-siyosiy hayot, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish, ma’naviy-ma’rifiy sohalar, umuman, ko‘pgina jabhalarda olib borilayotgan ishlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rishga muvaffaq bo‘ldik.

Seul — mamlakat poytaxti, salobatli, shu bilan birga, osoyishta shahar. Bugungi kunda megapolisda o‘n milliondan ziyod aholi yashaydi. Umumiy, Seul — Inchxon aglomeratsiyasida esa 23 milliondan ortiq fuqarolar hayot kechiradi. Shahar sizni aslo zeriktirmaydi. Poytaxt ko‘chalari saranjom-sarishta. Seulda 3000 ta chorraha mavjud. Shunga qaramay, avtotransportlar tartib bilan harakatlanadi. Asab buzish degan gap yo‘q. Hamma narsa intizom, o‘zaro hurmat va demokratik asosda shakllangan.

Shahar bo‘ylab 8000 dan ortiq avtobuslar aholiga xizmat ko‘rsatadi. Lekin qulay transport vositasi faqat bu emas. Koreyslar velosipedda yurishni xush ko‘rishadi. Turli oraliq masofalarda ularni ijaraga beruvchi maxsus shoxobchalar tashkil etilgan.

Bugungi globallashuv zamonida innovatsiyalar turmush tarzimizning muhim bo‘lagiga aylanganini Koreya Respublikasida yurgan odam chuqur his qilishi tabiiy. Bu yerda mazkur tarmoq shu darajada taraqqiy topganki, hayotning uzviy bir qismiga aylangan, go‘yo. Masalan, ko‘chalarga o‘rnatilgan kuzatuv kameralarini olaylik. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda shahar bo‘ylab 30 mingta kamera mavjud. Ulardan 8500 tasi faqat mashinalar harakatini nazorat qiladi. Qolganlarining faoliyati aholi xavfsizligi uchun yo‘naltirilgan. Deylik, ko‘cha-ko‘yda ketayotgan odam to‘satdan yiqilib tushsa va u ikki daqiqagacha o‘rnidan turmasa, qisqa muddatda politsiya shu manzilga yetib keladi... Boshqa paytlarda yo‘lda politsiyachini uchratmaysiz... Shahar butunlay kameralar yordamida sinchkovlik bilan kuzatib boriladi.

Muvaffaqiyat kaliti
Koreyslar juda mehnatkash xalq. Kasbiga doimo mehr-muhabbat bilan yondashadi. Shundan kelib chiqibmi, bu yerda ish beruvchi va xodimlar o‘rtasidagi munosabatga havas qilsa arziydi. Tashkilot hamda xizmatchi o‘rtasida, avvalo, o‘zaro hurmat ustuvorlik qiladi. Misol uchun, Janubiy Koreyaning yirik kompaniyalaridan biri — “Daewoo Shipbuilding & Marine Engineering”ning bosh shiori “Ishonch va muhabbat” deb atalib, bu ikki tomonlama munosabatning muhim sharti sifatida qabul qilingan. Ya’ni xodimga nisbatan ishonch hamda uning ishga, kasbiga bo‘lgan muhabbati ifodasidir. Mana shu yondashuvni “Ko‘plab firma va korxonalar muvaffaqiyatining kaliti”, deyish mumkin. Nazarimizda, “Koreys mo‘’jizasi” degan o‘ziga xos bahoning asl mohiyatini shu nuqtalardan izlasak, to‘g‘riroq bo‘ladi. Demak, bizda ham bunday korporativ qadriyatlar tizimi hamda falsafasini yaratish payti keldi.

Qolaversa, vaqt — ular uchun eng qimmat narsa. Ishxonalarda bekor turgan dastgoh yoki mudrab o‘tirgan ishchini uchratmaysiz. Koreyaliklar ertalab soat 8:30 da ishda bo‘lishadi. Har birining o‘z vazifasi bor. “Men charchadim, ko‘p ishlab yubordim”, degan gapni ular deyarli tilga olishmaydi. Tushlik vaqti yaqinlashganida achchiq qahva ichishadi. Aytishlaricha, bu ishga ishtiyoqni oshirar ekan. Umuman, kun davomida ular uch marta qahva iste’mol qilishadi...

Mutolaaga ishtiyoq kuchli
Mutolaa — koreys jamiyatida bizni hayratga solgan hodisalarning biri bo‘ldi. Ko‘cha-ko‘yda kitob o‘qiyotgan yoxud gazeta varaqlayotgan mahalliy aholi vakillari, ayniqsa, turli gadjet va qo‘l telefonlaridan foydalanib, mutolaa qilayotgan yoshlar ko‘p uchraydi. Ularning o‘zlari bu madaniyatni XV asrda Koreyani boshqargan qirol Sejong nomi bilan bog‘lashadi. Ma’lumotlarda keltirilishicha, buyuk qirol boshqa hukmdorlardan farqli o‘laroq, o‘z xalqiga yangi, sodda alifboni joriy etgan. Ularni yozish hamda o‘qishga o‘rgatib, savodli bo‘lishlariga astoydil kurashgan va bunga erishgan.
Shu bois mamlakatdagi qirol Sejong haykali poyi va ostidagi muzey tashrif buyuruvchilar bilan doimo gavjum.

Hokimiyat xalq uchun ishlaydi
Seul shahri ma’muriyati dunyodagi eng samarali boshqaruvni o‘zida mujassam qilgan tuzilmalardan biri sanaladi. Shu sababli oxirgi bir yarim yilda ushbu meriya rahbariyati bilan mamlakatimiz, xususan, poytaxt Toshkent o‘rtasida hamkorlik aloqalari izchil yo‘lga qo‘yildi. Koreyslar bir necha marta yurtimizga tashrif buyurishdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 22 — 24 noyabr kunlari Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida mazkur meriya faoliyati bilan tanishdi, shahar merining juda oddiy hamda qulay, shu bilan birga, “aqlli xona”sini ko‘zdan kechirdi. Bunday katta megapolisni xonadan turib boshqarish, albatta, hammada qiziqish uyg‘otadi.

Biz Seulga kelgan kunimiz shahar meriyasi ro‘parasidagi mehmonxonaga joylashdik. Uch kun davomida shu binoning tarixi, ichi va yon-atrofidagi hayot bilan qiziqdim. Seul meri Van Sun Pakning o‘sha zamonaviy xizmat xonasida ham bo‘ldim. Ishoning, u juda sodda hamda ish yurituv nuqtai nazaridan demokratik usulda jihozlangan. Bu yerda shunday muhit yaratilganki, har qanday vazifani innovatsion tarzda hal etish mumkin. Ishlash uslubida ham samimiyat va kamtarlik ko‘rinib turibdi. Birovga baqirgan, do‘q-po‘pisa qilayotgan rahbarni ko‘rmaysiz — hamma o‘z ishini bilib bajaradi. Bu yerda rahbar o‘ta rasmiy uslubda kiyinsin, degan talabga hojat yo‘q. Hammasi xohishga yarasha, asosan, “casual”, ya’ni qulay uslubda. Meriya xodimlari ishga xohlasa oddiygina va o‘ziga qulay kiyimda kelishi, bu yerdagi qahvaxonada mer bilan birgalikda qahva ichishi mumkin... Shahar rahbari bu, birinchi navbatda, yangilikka intiluvchi menejer, deganidir. Egnida kostyum-shim kiyib olib, xalqdan uzilgan holda qog‘ozbozlikka berilib, ish yuritish ularga mutlaqo begona.

Mer xonasida bir tomon devorini deyarli qoplab olgan katta monitor bor. Hokim butun shahardagi haqiqiy holatni ko‘chalarga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari orqali ko‘rib boradi. Agar biror masala yuzasidan shaharni ko‘zdan kechirmoqchi bo‘lsa, masalan, bir hududdagi qurilish ishlari qanday ketayotganini bilishni istasa, xonasidagi ekran orqali yaqindan ma’lumotga ega bo‘ladi. Bu vaqtdan unumli foydalanishda qo‘l keladi.

Bino tarixi bunday: 1926 yilda uning yer ostidagi to‘rtta qavati va yer ustidagi beshta qavati bunyod etilgan. 2012 yilda esa ma’muriyat uchun yangi 18 qavatli bino qurildi. Uning tomlariga o‘rnatilgan quyosh panellari binodagi elektr energiyasining 28 foizini ta’minlab beradi. Binoning yana bir jihati, u ko‘pgina shahar ma’muriy idoralariga o‘xshamaydi. Muassasaga kirayotganingizda birorta politsiya yoki maxsus kiyimdagi odamlarni uchratmaysiz. 13 qavatli binoning 49 foizida ma’muriyat joylashgan. Qolgan qismi xalq ixtiyorida. Bu yerda oddiy fuqarolar uchun qahvaxona, ko‘rgazma zallari, internet-kutubxona, majlis hamda marosimlar o‘tkaziladigan zallar mavjud.

Koreyaliklar tarixga hurmat bilan yondashishadi. Shu sababli eski binoning ayrim qismlarini muhim tarixiy eksponat sifatida qoldirishgan. O‘sha zamonlarda imoratni tiklashda qanaqa g‘isht, metall ishlatilganining barchasini ko‘zingiz bilan ko‘rishingiz mumkin. Bundan tashqari, shu paytgacha shaharga rahbarlik qilgan 31 mer foydalangan stol-stullar, kreslolar, imzolagan hujjatlar, majlislardan olingan suratlar — barchasi bir joyga jamlangan. Bu o‘ziga xos zamonaviylik va tarix tutashuvi sayyohlarni jalb etishda hamda daromadga ega bo‘lishda qo‘l kelayapti.

Majmua “P” shaklida qurilgan. Binoning bo‘yi bo‘ylab vertikal, ya’ni pastdan yuqoriga qarab yaratilgan bog‘ “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilgan. Bu yerda 65 mingdan ortiq o‘simliklar ajib manzara hosil qilgan. Xullas, dunyodagi eng katta osma bog‘...

Binodan chiqib ketayotganimda, mezbonlarga o‘zimni qiziqtirgan bir savol bilan murojaat etdim: “Seul meriga odamlar turli muammolar bilan murojaat qilmoqchi bo‘lsa, qo‘l ostidagilar biror bahona yoki sabab bilan qarshilik ko‘rsatishmaydimi?” Savolga javobdan hayratda qoldim. Koreyaliklarning aytishicha, aholining muammosi rahbarga yetib bormasligi uchun xodimlar har bir masalani ijobiy hal etib qo‘yishar ekan. Shuning uchun odamlar biror muammo yoki e’tiroz bilan merga kamdan-kam holda murojaat qilisharkan. Biroq bir masalada mer hech qachon qarshilik ko‘rsatmas ekan. Ya’ni u bilan kim esdalik uchun suratga tushmoqchi bo‘lsa, qo‘shimchasiga merdan “selfi” uslubda suratga tushish taklifini oladi...

Koreyaliklar davlatning xalq oldidagi vazifasini yaxshi bilishlari bilan bir qatorda, o‘zlarining davlat oldidagi burch va mas’uliyatlarini ham hech qachon unutishmaydi. Bu soliq to‘lashda, yon-atrofni ozoda saqlashda, yo‘l qoidalariga rioya qilishda yaqqol namoyondir. Biz bir voqeaga juda ko‘p guvoh bo‘ldik. Ko‘cha bo‘m-bo‘sh bo‘lsa-da, odamlar svetoforning qizil chirog‘i yonib turganda yo‘ldan o‘tishmas ekan. Yoki yana bir muhim jihat: Seulda chiqindi soladigan idishlar deyarli yo‘q. Shunga qaramay, hammayoq top-toza. Bu haqda qiziqib so‘raganimizda, seulliklar chiqindilarni yon-atrofga tashlamay, o‘zlari bilan olib ketar ekan. Yoki tamaki mahsulotlari ham faqat belgilangan hududlarda chekilarkan. Buni bizdagi ashaddiy kashandalar bilib olsalar, chakki bo‘lmasdi!

Konteynerda 50 xil mahsulot
Janubiy Koreyaning iqlimi keskin kontinental — qishi juda sovuq, yozi juda issiq va dim havo bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bir oz murakkab. Shu bois ular mazkur muammoning yechimini innovatsiyalardan qidirishmoqda. Va muvaffaqiyatlarga erishishayapti. Jumladan, Seul Shimolida tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqilgan startap faoliyati bir muncha qiziq. Mutaxassislar o‘lchami 40 kub metrga teng uchta “aqlli konteyner”da butun boshli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishayapti. Urug‘lar yogurt qutisi hajmidek keladigan idishlarda gidroponika usulida undiriladi. Bu yerga kirmoqchi bo‘lgan odam maxsus qurilmalar yordamida obdan “tozalanadi”. Bu ichkaridagi sog‘lom muhit uchun zarur. Kirgach LED lampochkalari yog‘dusidan charog‘on ekin “dalasi”dan taralayotgan yoqimli hid qulfu dilingizni qitiqlaydi. Qizig‘i, 50 xildagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, sabzavotlar, ko‘katlar, poliz mahsulotlari yetishtiriladigan maxsus konteynerdagi barcha yumushlar kompyuter orqali boshqariladi.

Loyiha mualliflaridan biri janob Leo Kimdan bunday ixtirolarni amalga oshirish asrori haqida so‘raganimda, uning javobi hayot haqiqatlariga juda yaqin bo‘ldi: “Qiyinchilik kishini o‘ylashga va harakat qilishga majburlaydi”. Mana shu gap butun koreyaliklarning ruhiyatini va koreys mo‘’jizasining yana bir kalitini ifoda etadi, nazarimda.
Ayni paytda ushbu innovatsion loyiha “KOICA” tomonidan moliyalashtirilayapti. Ma’lumotlarga ko‘ra, yaqin vaqt ichida ana shunday “aqlli konteyner”lardan yuz donasi yurtimizga keltiriladi.
Bu yurtdoshlarimizga har qanday ob-havo sharoitida, istalgan vaqtda dehqonchilik bilan shug‘ullanish imkonini beradi.
Bu birgina Seuldagi taassurotlarimiz. Yangi innovatsion g‘oyalar, nou-xau, kreativ yechimlarni Koreya Respublikasining boshqa shaharlari va boshqa davlatlarda ham ko‘rdik. Bu esa alohida mavzu...
Sherzodxon QUDRATXO‘JAYЕV,
Xalqaro press-klub raisi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?