Ko‘priksozlik san’atining yangi asari poytaxtimizning Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari kesishmasida barpo etilayapti

11:49 24 May 2018 Jamiyat
140 0
Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so‘zi".​​

Bu ishtibohni bejiz qo‘llayotganimiz yo‘q. Sababi, keyingi yillarda yo‘l qurilishi sohasiga ko‘priksozlik bilan birga, bunyodkorlikning innovatsion yechimlari, tamomila ilg‘or texnologiyalar ham kirib keldiki, natijada yangi inshootga hamohang yaxlit me’moriy yechimga ega infratuzilma paydo bo‘layapti.

Bunda nafaqat haydovchilar, balki yo‘lovchi hamda piyodalarga ham birdek qulaylik yaratilmoqda. Hatto, landshaft dizayni asosida hududlar obodonlashtirilib, yo‘llar atrofiga kishi kayfiyatini ko‘taradigan anvoyi gullar, manzarali daraxtlar o‘tqazilayaptiki, bu yanada ko‘rkamlik baxsh etayotir.

Yaqin kunlarda Toshkent shahrining Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari kesishgan joyda qurilishi jadal olib borilayotgan zamonaviy yo‘lo‘tkazgich hamda uning atrofi ham ana shunday so‘lim va qulay maskanga aylanadi. U “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Ko‘prikqurilish” tresti unitar korxonasining malakali mutaxassislari tomonidan barpo qilinayapti.

Ko‘prikning umumiy uzunligi 667,5 metr, shundan estakada qismi 488,5 metr bo‘lib, balandligi 8 metr, kengligi 24,5 metrga teng. Shuningdek, umumiy uzunligi 124 metrlik ikkita piyodalar o‘tish ko‘prigi ham qurilayapti. Yo‘lovchilar oqimi, qolaversa, nogiron hamda keksalarga qulaylik yaratish maqsadida ularda maxsus lift, eskalator o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.

Chunki piyodalar o‘tish yo‘lagining bittasi o‘afur o‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i bilan “Bunyodkor” stadionini bog‘laydi.

Yangi inshootni loyihalashtirishda yoritish tizimiga ham alohida e’tibor qaratilganini qayd etish joiz. Unga ko‘ra, ko‘prikka jahon standartlariga to‘la javob beradigan energiya tejamkor jihozlar o‘rnatiladi. Qurilishda yaqinda Germaniyadan keltirilgan zamonaviy texnikalardan foydalanilayotgani esa ish unumdorligini oshirmoqda. Bugungi kungacha 256 ta to‘sindan 234 tasi o‘rnatilgani, chiqish-tushish qismlarida tirgak devorlarining 75 foizi mustahkamlangani, 276 ta prizmatik qoziqning barchasi qoqilgani, shuningdek, piyodalar o‘tish yo‘lagidagi tayanch ustunlar to‘liq o‘rnatilgani buning yaqqol dalilidir.

Shu bilan birga, ob’ektda 15 ming kub metrga yaqin tuproq, 22 ming kub metrga yaqin beton ishlari bajarildi.

— Ko‘prikni belgilangan muddatda foydalanishga topshirish maqsadida ish sur’ati bir zum ham susaytirilgani yo‘q, — deydi “Ko‘prikqurilish” tresti unitar korxonasining 67-ko‘prik qurilish otryadi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Ashurov. — Buning uchun zarur materiallar o‘z vaqtida yetkazib berilayapti. Chunki temir-beton konstruksiyalari trestga qarashli sub’ektlarda ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa, bir qator butlovchi qismlarni temir yo‘l tizimidagi sanoat korxonalarida tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa yo‘lo‘tkazgichning mustahkam hamda tez qurilishida qo‘l kelayapti.

“Ko‘prikqurilish” tresti unitar korxonasi tomonidan joriy yilda yettita ko‘prik va yo‘lo‘tkazgich qurilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda poytaxtimizning Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari kesishmasida bunyod qilinayotgan inshoot ular orasida eng yiriklaridan biridir. Tasdiqlangan tarmoq jadvallari ijrosi, bajarilgan ish hajmi mazkur ko‘prikni iyun oyi boshlarida foydalanishga topshirish imkoni borligini ko‘rsatmoqda. Natijada u chorrahada yuzaga kelayotgan avtomobillar tirbandligining oldini olishi barobarida, Toshkent shahri chiroyiga yanada fusunkorlik bag‘ishlaydi.

Said RAHMONOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?