KOPIA nega aynan Oʻzbekistonni tanladi?

12:05 19 Aprel 2019 Iqtisodiyot
512 0

Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasidagi doʻstona aloqalar samarasi har jabhada oʻz aksini topmoqda. Respublikamizda ushbu mamlakat sarmoyadorlari yoki mutaxassislari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan turli loyihalar fikrimiz tasdigʻidir. Yurtimizda bir necha yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan KOPIA (Korea Program on International Agriculture) markazi shulardan biri.

— Bilasiz, Janubiy Koreya yalpi ishlab chiqarish boʻyicha dunyodagi yetakchi davlatlar sirasiga kiradi, — deydi ushbu markaz direktori, Toshkent davlat agrar universiteti faxriy professori AN Xi Sung. — KOPIA Koreya Respublikasining Qishloq xoʻjaligi taraqqiyoti boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan. U, asosan, qishloq xoʻjaligi texnologiyalari boʻyicha Janubiy Koreya va hamkor davlatlar oʻrtasida oʻzaro manfaatli munosabatlarni yoʻlga qoʻyish bilan shugʻullanadi. Hamkor davlatlardagi tadqiqotchilar bilan bilim va tajriba almashish orqali mahalliy moslashuv va urugʻchilikni rivojlantirish, fermerlarga oʻz tajribalarini oʻrgatish, mahalliy kadrlar tayyorlash tashkilotimizning asosiy faoliyat yoʻnalishidir.

An Xi Sung, KOPIA direktori. Foto: Hakim Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”

Oʻzbekistonda 2009 yilda ish boshlagan boʻlsak, oʻtgan davrda qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashtirilgan bir qator ilmiy institutlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydik. Natijada koʻplab istiqbolli loyihalar ijrosiga kirishdik. Xususan, yurtingizda sifatli kartoshkani yetishtirib, uni eksportga tayyorlash, bugʻdoy va joʻxorini chatishtirish orqali chorva mollari uchun toʻyimli ozuqa boʻladigan yangi donli ekin navini yaratish, sifatli marmar goʻsht yetishtirish loyihalari shular sirasidan. Shu oʻrinda ushbu loyihaga batafsilroq toʻxtalib oʻtsam. Chunki Oʻzbekiston qishloqlaridagi deyarli barcha xonadonda chorva mollari parvarishlanadi.

Mazkur loyiha ikki yilga moʻljallangan boʻlib, joriy yilda nihoyasiga yetkaziladi. Bunda har bir viloyatdan 30 ta xonadonga 3 boshdan qoramol olib berilmoqda. Ular ikki yil davomida Janubiy Koreya texnologiyasiga muvofiq, maxsus ratsion asosida boqilib, doimiy nazoratda boʻladi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad aholi orasida jahon bozorida eng qimmat hisoblanmish marmar goʻsht yetishtirish texnologiyasini targʻib qilishdir.

Qishloq xoʻjaligida olib borilayotgan yirik loyihalar haqida soʻz yuritganda, Andijon viloyatida joriy yildan boshlab yoʻlga qoʻyilgan soya yetishtirish, Toshkent viloyatidagi uzumchilik loyihalarini alohida qayd etish joiz. Bularning har biriga 30 ming AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratiladi. Agar u muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, yanada keng miqyosda davom ettiriladi. Hozir Koreya Respublikasidan kelgan ikki nafar mutaxassis Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filialida soya yetishtirish boʻyicha seminarlar oʻtkazmoqda. Bundan tashqari, achchiq qalampir eksporti boʻyicha ham Qoraqalpogʻiston Respublikasidan tortib barcha viloyatlarda seminarlar tashkil etish barobarida, biz uchun ajratilgan bir gektardan ziyodroq maydonda yetishtirilgan koʻchatlarni ham tarqatyapmiz.

Oʻzbekiston — tabiati betakror yurt. Iqlimi qishloq xoʻjaligiga juda mos. Zamini saxovatli. Mahsulotlar taʼmi oʻzgacha. Foydalanish mumkin boʻlgan yerlari koʻp. Faqat ushbu sohada ilmiy asoslangan ishlar yanada jadallashtirilsa, texnik jihatdan rivojlantirilsa, eksport salmogʻini yanada oshirish mumkin. Shu maʼnoda, bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bu boradagi ishlarga katta eʼtibor qaratilib, bir qator huquqiy hujjatlar qabul qilinayotgani diqqatga sazovor. Masalan, issiqxonalar tashkil etishdagi saʼy-harakatlar shular jumlasidandir. Agar Oʻzbekiston mahsulotlari eksportbop qilib yetishtirilsa, bu mamlakatingiz iqtisodiyoti uchun juda katta foydadir.

Hozirgi kunda Janubiy Koreya Oʻzbekistondan anor, yongʻoq, qovun kabi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini import qiladi. Bizning kelgusi rejalarimiz qatorida marmar goʻsht yetishtirishni nafaqat xonadonlarda yoʻlga qoʻyish, balki yirik chorvachilik fermalarini tashkil etish, soya yetishtirish hamda uni eksportga yoʻnaltirish kabi yumushlar bor.

Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasidagi oʻzaro ishonchga qurilgan aloqalar jadal rivojlanmoqda, deyishga asoslar yetarli. Bunga mashinasozlik, neft-gaz, kimyo sanoatidagi bir qator yirik loyihalarni misol sifatida keltirishimiz mumkin. Va albatta, bizning ishimiz ham ayni shu aloqalar mevasidir.

Dilshod ULUGʻMURODOV


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?