Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini tashkil etish dasturi ijrosi bugungi kun talabiga javob bermaydi

14:30 14 Dekabr 2018 Iqtisodiyot
295 0

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so'zi"

Munisxon Karimova, “Xalq soʻzi Online”/Toshkent. Senatorlar tomonidan 2019 yilda koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini tashkil etish dasturi toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi. Mazkur Davlat dasturi bajarilishi ustidan parlament nazoratini taʼminlash maqsadida joriy yilning noyabr oyida ishchi guruh tuzilib, Dasturda belgilangan vazifalarning Buxoro viloyatida ijro etilishi oʻrganildi.

Oʻrganish jarayonida 1200 tadan ortiq fermer xoʻjaligida 1400 taga yaqin loyiha amalga oshirilib, koʻp tarmoqli faoliyat yoʻlga qoʻyilgani aniqlandi.

Shuningdek, viloyatda Dasturga muvofiq issiqxonalar, tokzorlar, qoramolchilik va qoʻychilikni tashkil etish hamda goʻshtni qayta ishlash sohalarida belgilangan vazifalar toʻliq bajarilgan.

Shu bilan birga, oʻrganish jarayonida Buxoro viloyatida Dastur ijrosi bilan bogʻliq yoʻl qoʻyilgan qator kamchiliklar aniqlandi.

Jumladan, xizmat koʻrsatish va tegirmon qurishni tashkil etish belgilangan 100 tadan ortiq fermer xoʻjaligida 160 taga yaqin loyiha amalga oshirilmagan.

Muzlatkichli omborxonalarni tashkil etish boʻyicha umumiy hajmi
10 ming tonnalik loyiha ijrosi taʼminlanmagan.

Rejadagi 50 tadan ortiq fermer xoʻjaligida jami 265 gektar maydonda intensiv bogʻ tashkil etilmagan.

Ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalarini tashkil qilish boʻyicha 50 tadan ortiq loyiha amalga oshirilmagan.

Chorvachilik sohasida belgilangan vazifalar oʻrtacha 37 foizga bajarilmagan.

Shuningdek Buxoro viloyatida amalga oshirishi rejalashtirilgan loyihalarni moliyalashtirish ishlari ham talab darajasida emas. Masalan, joriy yil noyabr holatiga koʻra tijorat banklari tomonidan koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish uchun 61 mlrd. 501 mln. soʻmlik tijorat kreditlari ajratilishi rejalashtirilgan boʻlib, amalda 17 mlrd. 220 mln. soʻm (28 foiz) ajratilgan.

Fermer xoʻjaliklarini bosqichma-bosqich koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklariga aylantirish boʻyicha davlat va hududiy Dasturlarni amalga oshirishda belgilangan vazifalarning oʻz muddatida sifatli bajarilishi ustidan nazorat yuritilishi hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha xalq deputatlari tuman Kengashlarining sessiyalarida muhokamalar oʻtkazilishi ham talab darajasida emas.

Shundan kelib chiqqan holda, yakunlanayotgan 2018 yilda Buxoro viloyatida koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini tashkil etish va ularni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni qoniqarli darajada deb boʻlmaydi.

Ammo afsuski, kamchiliklar faqatgina Buxoro viloyatiga tegishli emas, balki boshqa mintaqalarda ham 2018 yilda koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini tashkil etish dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi bugungi kun talabiga javob bermaydi. Vazirlar Mahkamasi taqdim etgan maʼlumotga koʻra, mamlakatimizning birorta hududida ham 2018 yilgi Dastur ijrosi toʻliq bajarilmagan.

Mamlakatimiz boʻyicha joriy yilda jami 18 ming 532 ta fermer xoʻjaligida koʻp tarmoqli faoliyat tashkil etilgan boʻlib, reja 86 foizga bajarilgan xolos.

Masalan, Dastur ijrosi Xorazm viloyatida 95 foizga, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 93 foizga, Fargʻona viloyatida 93 foizga, Navoiy viloyatida
91 foizga, Surxondaryo viloyatida 90 foizga, Qashqadaryo viloyatida 90 foizga, Andijon viloyatida 89 foizga, Namangan viloyatida 84 foizga, Samarqand viloyatida 84 foizga, Toshkent viloyatida 83 foizga, Buxoro viloyatida
82 foizga, Jizzax viloyatida 79 foizga, Sirdaryo viloyatida 77 foizga bajarilgan.

Shuningdek, hududlarda fermer xoʻjaliklariga xizmat qiluvchi tuzilmalar va tijorat banklari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini ham yaxshi deb boʻlmaydi.

Xususan, joriy yilda tijorat banklari tomonidan koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish uchun 595 mlrd. soʻmlik tijorat kreditlari ajratilishi rejalashtirilgan boʻlib, amalda uning 325 mlrd. soʻmi (55 foiz) ajratilgan.

Dasturda belgilangan loyihalarni amalga oshirish boʻyicha fermerlar, ayniqsa yosh fermerlar bilan doimiy muloqot olib borish hamda ularni oʻylantirayotgan masalalar yuzasidan huquqiy, axborot va tashkiliy-uslubiy jihatdan koʻmak berish tizimli tarzda yoʻlga qoʻyilmagan.

Masʼul tashkilotlar tomonidan dasturda nazarda tutilgan loyihalarning oʻz vaqtida toʻliq bajarilishiga toʻsqinlik qilayotgan tizimli masalalarni oʻrganish va chuqur tahlil qilish natijasida ularni hal etish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrilmagan.

Eng achinarlisi shundaki, buning oqibatida 2018 yilga moʻljallangan dastur doirasida qishloq joylarida yaratilishi rejalashtirilgan 14 ming 971 ta yangi ish oʻrni tashkil etilmagan.

Yuqorida bayon etilgan raqamlar 2018 yilda koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini tashkil etish dasturi bajarilmaganidan dalolat beradi.

Oʻz navbatida, shuni ham alohida taʼkidlash lozimki, mazkur dasturning joylarda samarali bajarilishi, koʻp jihatdan izchil parlament, deputatlik va jamoatchilik nazoratini olib borishga bogʻliq. Ammo bu borada mahalliy Kengashlar deputatlarida jonbozlik sezilmayapti.

Qishloq xoʻjaligining barqaror rivojlanishi koʻp jihatdan fermer va dehqonlarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning daromadlarini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga bogʻliq.

Ayni shu maʼnoda bugun muhokamangizga havola etilgan Dastur hududlar kesimida 2019 yilda koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklarini tashkil etishning aniq maqsadlarini ifoda etadi.

Dasturga muvofiq kelgusi yilda 19 ming 875 ta fermer xoʻjaligida
21 ming 81 ta loyiha amalga oshirilib, koʻp tarmoqli faoliyatni yoʻlga qoʻyish va 69 ming 729 ta yangi ish oʻrni yaratish belgilangan.

Shuningdek, 20 tadan ortiq turli yoʻnalishlarni rivojlantirishga qaratilgan ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun 2 mlrd. 199 mln. soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirish rejalashtirilgan.

2019 yil dastur ham toʻliq ijro boʻlmay qolishini oldini olish uchun har bir vazirlik, idoraning oldiga aniq vazifalar qoʻyib, nazorat qilib borish talab etiladi.

Bunda Vazirlar Mahkamasi, masʼul vazirlik va idoralar, mahalliy davlat boshqaruvi va vakillik organlari hamda fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan amaliy muloqot oʻrnatish juda muhim.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?