Ko‘p kvartirali uylarning egasi bormi? Deputatlar yangi qonun loyihasini muhokama qilmoqda

15:43 24 Iyul 2018 Jamiyat
839 0

2013-2018 yillarda poytaxtning bir qator ko‘p qavatli uylarida kredit mablag‘lari asosida uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan 590 milliard so‘mlik qurilish, ta’mirlash ishlari olib borildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Toshkent shahar hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Nodirjon Maksumov ma’lumot berdi.

Uning ta’kidlashicha, birgina 2018 yilning o‘zida 153 millard so‘mlik kreditlarni joriy etish nazarda tutilgan.

“Ammo, masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Ko‘p kvartirali uyning atrofini shirkat obod qilib beradi. Oradan ma’lum muddat o‘tganidan keyin o‘sha hududga borsangiz, atrofga umuman qarab bo‘lmaydi. Aholining o‘zi ham bu borada mas’uliyatni bo‘yniga olishi kerak. Yoki shirkatlarning rahbarlari kimlar, qanday mutaxassislar? Bugun biror bir ta’lim muassasasida shunday mutaxassislik o‘qitiladimi? Shaharsozlik tobora rivojlanib borayotganini inobatga olsak, bu kabi mutaxassislarni tayyorlash juda jiddiy masala. Bizga ishning ko‘zini biladigan mutaxassislar kerak”, deydi Maksumov.

Mamlakatimizda 32 ming 400 ta ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi 4 mingdan ortiq ana shunday shirkatlar mavjud bo‘lib, turar va noturar joylardan foydalanish va ularni saqlash mas’uliyati aynan ularning zimmasida. Bir guruh deputatlarning fikriga ko‘ra, uy-joy va kommunal sohada foydalanilmayotgan va to‘liq ishga solinmagan imkoniyatlar mavjud.

Sohadagi muammolar yechimiga xizmat qiladigan qonunchilik normalarini taklif etish maqsadida qo‘mita tomonidan “Ko‘p kvartirali uylarda turar va noturar joylardan, umumiy mulkdan foydalanish va ularni saqlash tartibi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Unda belgilangan me’yorlar va yangiliklar deputatlar, soha mutaxassislari va ekspertlar ishtirokida muhokama etildi.

— 1991 yilda uy-joy bilan ta’minlash ko‘rsatkichi yurtimizda jon boshiga 12,4 kvadrat metrni tashkil etgan bo‘lsa, ayni paytda bu ko‘rsatkich 15, 2 kv.m.ni tashkil etmoqda, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Klara Jumamurotova. — Uy-joy qurilishi sohasi faol rivojlanishi barobarida umumiy mulk va ulardan foydalanish borasida ham yechimini kutayotgan muammolar vujudga kelyapti. Jumladan, ko‘p qavvatli uylarning tashqi fasad arxitekturasini buzilishi, tez tibbiy yordam va yong‘in xavfsizligi texnikalariga xalaqit qiluvchi noqonuniy qurilishlar, ruxsat etilmagan joylarni o‘rab olish kabilar shular jumlasidan.

Qonun loyihasida fuqarolarning yashash sharoitlarini buzilishiga olib keluvchi, shuningdek ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga to‘sqinlik qiluvchi harakatlar oqibatida boshqa mulkdorlarga yoki uyning konstruktiv tuzilishiga zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘yilmaslik masalalariga ham e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, ko‘p kvartirali uylarda umumiy mulkni joriy va mukammal ta’mirlash, muhandislik tizimlari saqlanuvchanligi, sanitar-epidemiologik va texnik talablarga rioya etilishi, uy-joyga tegishli hovlini obodonlashtirish kabi masalalar aks ettirilmoqda. Qurilish ishlarini o‘tkazishda shovqin darajasi ko‘rsatkichlariga rioya etilishi kabi normalar ham loyihada keltirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?