Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida

10:28 08 Noyabr 2019 Hujjatlar
7973 0

Oʻzbekiston Respublikasining qonuni

Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 6-avgustda qabul qilingan

Senat tomonidan 2019-yil 11-oktyabrda maʼqullangan

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Ushbu Qonunning amal qilish sohasi

Ushbu Qonunning amal qilishi koʻp kvartirali uylardagi turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylarning mulkdorlariga (bundan buyon matnda joylarning mulkdorlari deb yuritiladi), koʻp kvartirali uyni boshqaruvchi tashkilotlar va boshqaruvchilarga, uy-joy mulkdorlarining shirkatlariga, shuningdek faoliyati koʻp kvartirali uylarni boshqarish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.

Ushbu Qonun bitta yuridik yoki jismoniy shaxs koʻp kvartirali uyning mulkdori boʻlganda koʻp kvartirali uyni boshqarish bilan bogʻliq munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

3-modda. Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari

Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.

4-modda. Koʻp kvartirali uylarni boshqarishning asosiy prinsiplari

Koʻp kvartirali uylarni boshqarishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

boshqarish usulini tanlash erkinligi;

oʻzini oʻzi boshqarish;

kollegiallik;

ochiqlik va oshkoralik;

tashkiliy va moliyaviy jihatdan mustaqillik;

joylarning mulkdorlari oldida muntazam hisobdorlik.

5-modda. Koʻp kvartirali uy

Koʻp kvartirali uy – koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasiga yoxud bunday uydagi umumiy foydalaniladigan joylarga mustaqil chiqish yoʻlaklariga ega boʻlgan ikki va undan ortiq kvartiralar majmuidir. Koʻp kvartirali uy ulushli mulk huquqi asosida joylarning mulkdorlariga tegishli boʻlgan umumiy mulk (bundan buyon matnda umumiy mol-mulk deb yuritiladi) elementlarini oʻz ichiga oladi.

6-modda. Umumiy mol-mulk

Koʻp kvartirali uydagi umumiy joylar, tayanch va toʻsiq konstruksiyalar, kvartiralar oraligʻidagi ihotalangan (oʻrama) pillapoyalar, zinapoyalar, liftlar, liftning shaxtalari hamda boshqa shaxtalar, dahlizlar, texnik qavatlar, yertoʻlalar, cherdaklar va tomlar, uy ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari, joylarning tashqarisida yoki ichida joylashgan hamda bittadan ortiq joyga xizmat koʻrsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika uskunalari va qurilmalari hamda boshqa uskuna va qurilmalar umumiy mol-mulkdir.

7-modda. Koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasi

Koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan koʻp kvartirali uydagi joylarning mulkdorlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi. Koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining zimmasiga mazkur yer uchastkasining sanitariya holati va obodonlashtirilishi uchun javobgarlik yuklatiladi.

Har bir koʻp kvartirali uyning kadastr pasportida koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasi toʻgʻrisida maʼlumotlar, shuningdek yer maydonining kadastr rejasi majburiy tartibda boʻlishi shart.

Koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasi boʻlinmasdir va mustaqil yer uchastkalariga ajratilishi mumkin emas.

Yangi qurilayotgan obyektlar uchun koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasi maydonining oʻlchami shaharsozlik normativlarining talablariga muvofiq, binolar oʻrtasidagi eng kam yongʻinga qarshi va sanitar oraliq masofani taʼminlash, mol-mulkning barcha qismlariga kirish sharoitlaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari koʻp kvartirali uyni boshqaruvchi tashkilotning, boshqaruvchining, koʻp kvartirali uy bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan boshqarilgan taqdirda, koʻp kvartirali uy kengashining, uy-joy mulkdorlari shirkati boshqaruvining (bundan buyon matnda koʻp kvartirali uyni boshqarish organi deb yuritiladi) murojaatidan keyin oʻttiz kundan kechiktirilmagan muddatda koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasining chegaralari va oʻlchamlarini belgilashi hamda koʻp kvartirali uyni boshqarish organiga bunday yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini belgilovchi zarur hujjatlarni berishi shart.

8-modda. Koʻp kvartirali uyni boshqarish usuli

Koʻp kvartirali uyni boshqarish istiqomat qiluvchilarning yashash va yashash uchun moʻljallanmagan joylarni foydalanish qulay hamda xavfsiz sharoitlarini taʼminlash, umumiy mol-mulkni lozim darajada saqlash hamda umumiy mol-mulkdan foydalanish masalalarini hal etish boʻyicha chora-tadbirlar majmuini oʻz ichiga oladi.

Koʻp kvartirali uyni boshqarish usuli koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishida belgilanadi.

Koʻp kvartirali uyni boshqarish:

bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan (bundan buyon matnda koʻp kvartirali uyni bevosita boshqarish deb yuritiladi);

yuridik shaxs boʻlgan boshqaruvchi tashkilot tomonidan yoki jismoniy shaxs (yakka tartibdagi tadbirkor) boʻlgan boshqaruvchi (bundan buyon matnda boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi deb yuritiladi) tomonidan shartnoma asosida;

bitta yoki zich joylashgan bir nechta koʻp kvartirali uyda turar joylarning va yashash uchun moʻljallanmagan joylarning mulkdorlarini birlashtiruvchi uy-joy mulkdorlarining shirkati boʻlgan notijorat tashkilot (bundan buyon matnda shirkat deb yuritiladi) tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

2-bob. Koʻp kvartirali uylarni boshqarishda davlat tomonidan koʻmaklashish

9-modda. Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash

Davlat joylar mulkdorlarining, boshqaruvchi tashkilotlar va boshqaruvchilarning, shirkatlarning huquqlari taʼminlanishini hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi, ularni rivojlantirishga va mustahkamlashga koʻmaklashadi.

Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:

uy-joy-kommunal sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan standartlarni takomillashtirish;

koʻp kvartirali uylarda avariya vaziyatlarini bartaraf etishda koʻmaklashish;

kommunal xizmatlar haqini toʻlash tizimini takomillashtirish;

uy-joy-kommunal sohasida xizmatlar koʻrsatishda raqobatni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;

soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar, shuningdek imtiyozli kreditlar berish;

kam taʼminlangan oilalarga koʻp kvartirali uylarni saqlash boʻyicha yordam koʻrsatish;

koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkalarini doimiy foydalanish huquqi asosida berish;

koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasida kadrlar tayyorlashni va ularni qayta tayyorlashni amalga oshirish;

koʻp kvartirali uylardan foydalanishning samarali tizimini yaratish boʻyicha alohida dasturlar qabul qilish va boshqa choralar koʻrish.

10-modda. Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish

Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan quyidagi yoʻnalishlarda amalga oshiriladi:

koʻp kvartirali uylardan va koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalaridan foydalanish hamda ularni saqlash boʻyicha tizimli ishlarni samarali tashkil etish; 

koʻp kvartirali uylarning texnik holati monitoringini oʻtkazish boʻyicha ishlarni tashkil etish;

koʻp kvartirali uylarni saqlash, ulardan foydalanish talablariga va foydalanish xarajatlarini aniqlash talablariga, koʻp kvartirali uylardan texnik jihatdan foydalanish qoidalari va normalariga, koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini sanitariya normalariga, qoidalariga hamda gigiyena normativlariga muvofiq saqlash talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

koʻp kvartirali uylarni mavsumiy foydalanishga oʻz vaqtida va sifatli tayyorlash;

novatorlik faoliyatini va zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etishga koʻmaklashish;

koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining hisobini va ularning faoliyati boʻyicha hisobotlarni yuritish uchun axborot tizimlari hamda axborot resurslarini joriy etish;

koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining koʻp kvartirali uylardagi joylar mulkdorlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari bilan bogʻliq faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirish va yangilab turish;

koʻp kvartirali uylarni boshqarish boʻyicha axborot va maslahat yordami koʻrsatish;

koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining faoliyatini huquqiy hamda uslubiy jihatdan taʼminlash;

koʻp kvartirali uylarni boshqarish boʻyicha normativ-huquqiy bazani takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribasini inobatga olgan holda koʻp kvartirali uylarni boshqarishning zamonaviy shakllari va usullarini ishlab chiqish hamda joriy etish;

koʻp kvartirali uylarni boshqarish boʻyicha mutaxassislar malakasini oshirish kurslarini tashkil etish;

boshqaruvchi tashkilotlarning mansabdor shaxslarini va boshqaruvchilarni, shirkatlar boshqaruvi raislarini attestatsiyadan oʻtkazish hamda ularga koʻp kvartirali uylarni boshqarish uchun malaka sertifikatini berish.

11-modda. Koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasidagidavlat nazorati

Koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasidagi davlat nazorati koʻp kvartirali uydan texnik foydalanish qoidalari va normalariga hamda sanitariya normalariga, qoidalariga va gigiyena normativlariga muvofiq koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasini saqlash boʻyicha talablarga rioya etilishini taʼminlash maqsadida amalga oshiriladi.

Koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasidagi davlat nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Koʻp kvartirali uy-joy fondidan foydalanish sohasini nazorat qilish inspeksiyasi va uning hududiy inspeksiyalari (bundan buyon matnda Uy-joy fondi inspeksiyasi deb yuritiladi) tomonidan oʻrganishlar hamda monitoring oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.

12-modda. Uy-joy fondi inspeksiyasining vakolatlari

Uy-joy fondi inspeksiyasi:

koʻp kvartirali uylarni, koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini sanitariya normalariga, qoidalariga va gigiyena normativlariga muvofiq saqlash boʻyicha talablarga va ulardan texnik foydalanish qoidalari va normalariga rioya etilishi hamda mulkdorlar tomonidan joylarning oʻzboshimchalik bilan qayta qurilishiga va qayta rejalashtirilishiga yoʻl qoʻyilmasligi;

belgilangan qoidalarga rioya etilishi va umumiy mol-mulkni, koʻp kvartirali uylarning old tomonlarini, uylarning ichki muhandislik kommunikatsiyalarini taʼmirlash-tiklash ishlarining tizimli ravishda olib borilishi;

uy-joy-kommunal xizmat koʻrsatish sohasi tashkilotlari tomonidan tegishli xizmatlar koʻrsatishda texnik tartibga soluvchi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi;

koʻp kvartirali uylardagi joylar mulkdorlarining koʻp kvartirali uylarni kapital taʼmirlashni amalga oshirish uchun jamgʻariladigan mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.

Uy-joy fondi inspeksiyasiga:

koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlariga yoki joylarning mulkdorlariga – koʻp kvartirali uylarni saqlash va ulardan texnik foydalanish qoidalarining hamda koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlarining buzilish hollarini bartaraf etish yuzasidan;

uy-joy-kommunal xizmat koʻrsatish sohasi tashkilotlariga – tegishli xizmatlar koʻrsatishda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi yuzasidan bajarilishi shart boʻlgan koʻrsatmalar berish vakolatlari beriladi.

Uy-joy fondi inspeksiyasining qarorlari, uning mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.

3-bob. Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulk

13-modda. Umumiy mol-mulkka boʻlgan mulk huquqi

Umumiy mol-mulk joylarning mulkdorlariga umumiy ulushli mulk huquqi asosida tegishli boʻladi.

Umumiy mol-mulkdan foydalanish huquqi joy mulkdorining umumiy mol-mulkdagi ulushiga bogʻliq boʻlmaydi. Joylarning mulkdorlari umumiy mol-mulkdan hamda uyga tutash yer uchastkasidan foydalanishda teng huquqlarga ega.

Umumiy mol-mulkning ayrim qismlari, bundan ushbu moddaning yettinchi va sakkizinchi qismlarida koʻrsatilganlari mustasno, joylarning mulkdorlariga yoki boshqa shaxslarga joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishi qarorida belgilangan tartibda foydalanishga berilishi mumkin.

Umumiy mol-mulkning ayrim qismlaridan faqat oʻz manfaatlari uchun foydalanuvchi joy mulkdori joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishi qarorida belgilangan miqdorda umumiy mulkni saqlash uchun haq toʻlashi shart.

Joy mulkdorining umumiy mol-mulkdagi ulushi natura holida ajratilishi mumkin emas.

Umumiy mol-mulkning ayrim qismlari, bundan ushbu moddaning yettinchi va sakkizinchi qismlarida koʻrsatilganlari mustasno, umumiy ulushli mulkning barcha ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan qaror asosida boshqa shaxsga berilishi mumkin.

Umumiy mol-mulk, agar uning boshqa shaxsga berilishi yoki foydalanish uchun oʻtkazilishi boshqa mulkdorlarning oʻz mulk huquqlarini amalga oshirishini cheklaydigan boʻlsa, boshqa shaxsga berilishi yoxud bir yoki bir nechta mulkdorga yoki boshqa shaxslarga foydalanish uchun oʻtkazilishi mumkin emas.

Tayanch va toʻsiq konstruksiyalarni, kvartiralar oraligʻidagi ihotalangan (oʻrama) pillapoyalar, zinapoyalar, liftlar, liftning shaxtalari hamda boshqa shaxtalar, uy ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari, joylarning tashqarisida yoki ichida joylashgan hamda bittadan ortiq joyga xizmat koʻrsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika uskunalari hamda qurilmalari va boshqa uskuna hamda qurilmalarni boshqa shaxsga berish taqiqlanadi.

14-modda. Umumiy mol-mulkdagi ulushli mulk ishtirokchisi

Har bir mulkdorning umumiy mol-mulkka boʻlgan mulk huquqidagi ulushi mazkur koʻp kvartirali uy barcha mulkdorlarining turar joylar va yashash uchun moʻljallanmagan joylarning umumiy maydonida oʻziga tegishli boʻlgan joy maydoni ulushiga mutanosibdir. Koʻp kvartirali uydagi joyning umumiy maydoni oʻlchami ushbu joyning kadastr hujjatiga muvofiq aniqlanadi.

Agar, alohida joy bir necha mulkdorlarga tegishli boʻlsa, unda ular koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni boshqarishda umumiy majburiyatlardagi solidar javobgarligi bilan birga bitta ulushli mulk ishtirokchisi sifatida qatnashadilar. Bunday mulkdorlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar ular oʻrtasidagi kelishuv bilan tartibga solinadi.

Yozma kelishuv mavjud boʻlmagan taqdirda mulkdorlardan har biri boʻlinmas teng huquqlarga va umumiy mol-mulkdagi koʻrsatilgan ulushga mulkdorlik bilan bogʻliq holda kelib chiqadigan majburiyatlarga ega boʻladi.

Umumiy mulkka boʻlgan mulk huquqidagi ulush turar joylarga hamda yashash uchun moʻljallanmagan joylarga boʻlgan mulk huquqidan ajratilishi mumkin emas va faqat ushbu huquq bilan birga oʻtadi.

15-modda. Umumiy mol-mulkni saqlash

Umumiy mol-mulkni saqlash umumiy mol-mulkning lozim darajadagi texnik va sanitariya holatini taʼminlashga qaratilgandir.

Umumiy mol-mulkni saqlash uning texnik va sanitariya holatini saqlab turishni, unga xizmat koʻrsatishni, taʼmirlashni hamda ushbu mol-mulkni asrashga va undan foydalanish boʻyicha zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan boshqa faoliyatni oʻz ichiga oladi.

Koʻp kvartirali uyni boshqarish organi majburiy normalarga muvofiq, umumiy mol-mulkni saqlash boʻyicha amalga oshirilmasligi koʻp kvartirali uyga, odamlarning hayotiga, sogʻligʻiga, shaxslarning mol-mulkiga va atrof-muhitga bevosita xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan majburiy tadbirlarni hamda ishlarni amalga oshirishi shart.

Majburiy normalar yongʻinga qarshi, sanitariya, shaharsozlik normalarini, koʻp kvartirali uyga xizmat koʻrsatish boʻyicha tadbirlarni oʻz ichiga oladi.

Agar koʻp kvartirali uyda shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga va mol-mulkiga yoki atrof-muhitga haqiqiy xavf tugʻdiradigan holatlar yuzaga kelsa, Uy-joy fondi inspeksiyasi bu haqda joylarning mulkdorlarini va koʻp kvartirali uyni boshqarish organini oldindan xabardor qilgan holda, ushbu xavfni bartaraf etish choralarini koʻrishi shart.

Xavf mavjudligi fakti tegishli davlat organi tomonidan tasdiqlanishi kerak.

16-modda. Umumiy mol-mulkni saqlash boʻyichaumumiy xarajatlar

Joylarning mulkdorlari umumiy mol-mulkni saqlash boʻyicha umumiy xarajatlarni birgalikda zimmasiga olishi shart.

Umumiy mol-mulkni saqlash boʻyicha umumiy xarajatlar umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni taʼmirlash, shuningdek koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish bilan bogʻliq xarajatlardan iboratdir.

Joy mulkdorining umumiy mol-mulkni saqlash boʻyicha umumiy xarajatlarda ishtirok etish ulushi koʻp kvartirali uyning umumiy maydonidagi mulkdorga qarashli joy maydoni ulushiga mutanosib ravishda koʻp kvartirali uyning kadastr pasportiga muvofiq belgilanadi.

Yangi qurilgan koʻp kvartirali uylar foydalanishga topshirilganda realizatsiya qilinmagan joylarning umumiy mol-mulkini saqlash boʻyicha umumiy xarajatlarda ishtirok etish ulushi ushbu joylarga boʻlgan mulk huquqi rasmiylashtirilgan shaxsning zimmasida boʻladi.

Joylarning mulkdorlari umumiy mol-mulkni saqlash boʻyicha xarajatlarni har oyda, qoida tariqasida, pul shaklida toʻlashi shart.

Umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni taʼmirlash hamda koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish uchun joylar mulkdorlari majburiy badallarining yoki toʻlovlarining miqdori umumiy yigʻilish qarori bilan belgilanadi.

Umumiy mol-mulkni boshqarish, unga texnik xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash, shuningdek koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish boʻyicha xizmatlar uy-joy-kommunal xizmat koʻrsatish sohasi tashkilotlari tomonidan koʻrsatilishiga va ishlar bajarilishiga, shuningdek koʻp kvartirali uy bevosita joylar mulkdorlari tomonidan boshqarilganda koʻp kvartirali uy kengashi raisi va aʼzolariga mukofot puli toʻlanishiga, boshqaruv aʼzolariga, taftish komissiyasiga mukofot puli va shirkat xodimlariga ish haqi toʻlanishiga soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq soliq solinishi lozim.

Joylar mulkdorlarining majburiy badallari yoki toʻlovlari miqdorini belgilashda xarajatlarning tarkibini aniqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Ayrim hollarda umumiy yigʻilish mulkdorlar majburiy badallarining yoki toʻlovlarining bir qismini kiritishning pul shaklini, ariza beruvchining yozma bildirishnomasi va umumiy yigʻilishning bayonnomasi asosida ularning umumiy xarajatlardagi ishtirokining boshqa turlariga almashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.

Mulkdorning oʻziga qarashli joydan foydalanmasligi yoxud umumiy mol-mulkdan foydalanishdan voz kechishi uni umumiy xarajatlarda ishtirok etishdan toʻliq yoki qisman ozod etmaydi.

Umumiy mol-mulkni, koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasini saqlash boʻyicha joylar mulkdorlarining majburiy badallarini yoki toʻlovlarini toʻlash yuzasidan yakuniy hisob-kitob joriy yil tugaganidan soʻng amalda bajarilgan ishlarning hajmlari, ularning sifati va bajarilish muddatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi.

Xarajatlarni asoslashda toʻlovlar qayta hisob-kitob qilinadi: yetishmagan mablagʻlar hisobot yilidan keyingi davrda joylar mulkdorlarining majburiy badallarini yoki toʻlovlarini shakllantirishda hisobga olinadi, ortiqcha mablagʻlar esa kelgusi toʻlovlar hisobiga olinadi.

Joy mulkdori umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni taʼmirlash uchun umumiy xarajatlarda ishtirok etish boʻyicha oʻzining majburiyatini shartnoma asosida boshqa shaxsga oʻtkazishi mumkin. Joy mulkdori majburiy badallarni yoki toʻlovlarni toʻlash boʻyicha oʻz majburiyatlari boshqa shaxsga oʻtkazilganligi toʻgʻrisida koʻp kvartirali uyni boshqarish organini xabardor qilishi shart.

Umumiy mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etishdan olingan mablagʻlar ulushli mulk ishtirokchilarining ulushlariga mutanosib ravishda ushbu koʻp kvartirali uyning umumiy mol-mulkini saqlashga yoʻnaltiriladi.

Boshqa mulkdorlarning roziligisiz mulkdorlardan biri tomonidan, boshqaruv organi yoxud boshqa shaxs tomonidan amalga oshirilgan asoslanmagan xarajatlarning oʻrni qoplanmaydi. Bunda yuzaga keladigan nizolar sud tartibida hal qilinadi.

4-bob. Koʻp kvartirali uyning mulkdorlari

17-modda. Koʻp kvartirali uydagi turar joyning va yashash uchun moʻljallanmagan joyning mulkdorlari

Koʻp kvartirali uydagi joyga nisbatan mulk huquqiga ega boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs koʻp kvartirali uydagi turar joyning va yashash uchun moʻljallanmagan joyning mulkdoridir.

Joylarning mulkdorlari umumiy mol-mulkka nisbatan ulushli mulk ishtirokchilaridir va ular umumiy mol-mulkni saqlash boʻyicha umumiy xarajatlarni oʻz zimmasiga olishi shart.

18-modda. Joy mulkdorining huquqlari

Joy mulkdori:

umumiy mol-mulkni boshqarishda ishtirok etish, koʻp kvartirali uyni boshqarish organining faoliyati toʻgʻrisida axborot olish;

koʻp kvartirali uyni boshqarish organining faoliyati toʻgʻrisida hisobot olish;

koʻp kvartirali uyni boshqarish organiga koʻp kvartirali uyni boshqarish boʻyicha takliflar taqdim etish;

joyning belgilangan maqsadiga muvofiq oʻziga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan joyga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish;

oʻziga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan joyni ijara shartnomasi, bepul foydalanish shartnomasi asosida yoki boshqa qonuniy asosda egalik qilish va (yoki) undan foydalanish uchun boshqa shaxsga berish huquqiga ega.

19-modda. Joy mulkdorining majburiyatlari

Joy mulkdori:

oʻziga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan joydan hamda umumiy mol-mulkdan qatʼiy moʻljallangan maqsadda foydalanishi;

oʻziga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan joylarning, umumiy mol-mulk qismlarining va koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasining but saqlanishini taʼminlashi;

joylarni qayta qurish va qayta rejalashtirishni faqat joyning qulayligini oshirish maqsadida, binoning va muhandislik kommunikatsiyalarining konstruktiv sxemasini buzmagan holda, binoning, muhandislik kommunikatsiyalarining old tomoni va tashqi koʻrinishi arxitekturasini yomonlashtirmagan holda amalga oshirishi, bunda binoning tayanch qobiliyati va zilzilaga bardoshliligi pasayishiga yoʻl qoʻymasligi;

joyga, sanitariya-texnika uskunalariga va boshqa uskunalarga (vodoprovod, kanalizatsiya, markaziy isitish, issiq suv taʼminoti, gaz jihozlari va hokazo) nisbatan ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlishi;

elektr va issiqlik energiyasining, suvning, gazning sirqib chiqishiga va behuda sarflanishiga yoʻl qoʻymagan holda ulardan tejamli foydalanishi;

koʻp kvartirali uylardan texnik jihatdan foydalanish qoidalariga, koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini saqlash boʻyicha talablarga sanitariya normalariga, qoidalariga hamda gigiyena normativlariga muvofiq rioya etishi;

joyda, sanitariya-texnika uskunalarida va boshqa uskunalarda nosozliklar aniqlangan taqdirda, shikastlanishlarni bartaraf etish yuzasidan darhol mumkin boʻlgan choralarni koʻrishi hamda zarur boʻlgan hollarda tegishli xizmatga xabar qilishi;

avariya vaziyatlari yuzaga kelgan taqdirda oʻzi egallab turgan joyga avariya-tiklash xizmatlari vakillarining kirishini taʼminlashi;

koʻp kvartirali uydagi joylarda va umumiy foydalanishdagi joylarda uy hayvonlarini saqlashga doir talablarga rioya etishi shart.

Quyidagilarga:

umumiy mol-mulkning, shuningdek har qanday boshqa mulkdor mol-mulkining buzilishiga yoki xavfga duchor etilishiga;

tegishli ruxsatnomasiz har xil imoratlar va inshootlarni oʻzboshimchalik bilan tiklashga;

yongʻinga qarshi oʻtish joylarini, umumiy yoʻlaklarni, ihotalangan (oʻrama) pillapoyalarni, zaxira chiqish joylarini va uyning boshqa umumiy joylarini narsalar hamda uskunalar bilan toʻsib qoʻyishga;

uy hayvonlarini umumiy foydalanishdagi joylarda: zinapoyalarda, cherdaklarda, yertoʻlalarda, shuningdek umumiy foydalanishdagi oshxonalarda, balkonlarda va peshayvonlarda saqlashga;

joylarni qayta qurish va qayta rejalashtirish boʻyicha koʻp kvartirali uyning konstruktiv qismlari tayanch qobiliyatini hamda zilzilaga bardoshliligini buzadigan ishlarni oʻzboshimchalik bilan amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Agar mulkdor yoki u bilan birga yashovchi shaxslar boshqa mulkdorlarning mol-mulkiga yoxud umumiy mol-mulkka zarar yetkazgan boʻlsa, ular yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashi shart.

Agar umumiy mol-mulkning faqat mazkur joydan kirilishi mumkin boʻlgan konstruktiv qismlarini tekshirish, taʼmirlash yoki almashtirish zarur boʻlsa, basharti mulkdor bu haqda oldindan xabardor qilinsa, mulkdor koʻp kvartirali uyni boshqarish organi vakillarining bu joyga kirishiga ruxsat berishi shart. Avariyaning oldini olish yoki uning oqibatlarini tezkor bartaraf etish zarur boʻlgan shoshilinch hollarda oldindan xabardor qilish talab etilmaydi.

5-bob. Koʻp kvartirali uyni boshqarish

20-modda. Koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishi

Koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishi (bundan buyon matnda umumiy yigʻilish deb yuritiladi) koʻp kvartirali uyning yuqori boshqaruv organidir.

Umumiy yigʻilish ushbu Qonunda belgilangan tartibda yiliga kamida bir marta chaqiriladi.

Har yilgi umumiy yigʻilish kalendar yil tugaganidan keyin oltmish kundan kechiktirmay chaqiriladi.

Navbatdan tashqari umumiy yigʻilish koʻp kvartirali uyni boshqarish organining tashabbusi bilan yoki joylar mulkdorlarining kamida oʻn foizining tashabbusi bilan chaqirilishi mumkin.

Koʻp kvartirali uyni boshqarish organi tomonidan qonun hujjatlari buzilishiga yoʻl qoʻyilgan hollarda Uy-joy fondi inspeksiyasining mansabdor shaxsi navbatdan tashqari umumiy yigʻilishni chaqirish tashabbusi bilan chiqishi mumkin.

Joylar mulkdorlarini umumiy yigʻilish oʻtkaziladigan joy, sana, vaqt va uning kun tartibi toʻgʻrisida xabardor qilish yigʻilish tashabbuskorlari tomonidan umumiy yigʻilish oʻtkazilishidan kamida oʻn kun oldin amalga oshiriladi.

Joylar mulkdorlarini umumiy yigʻilishni oʻtkazish toʻgʻrisida xabardor qilish tegishli eʼlonni uylarning har bir kirish yoʻlagiga osib qoʻyish yoki eʼlonni mulkdorlarga imzo qoʻydirib topshirish orqali amalga oshiriladi.

Joylarning mulkdorlari boʻlgan yuridik shaxslarni xabardor qilish tegishli xabarni buyurtma xat bilan yuridik manzilga yuborish, elektron xabar qilish yoki xabarni vakolatli vakilga imzo qoʻydirib topshirish orqali amalga oshiriladi.

21-modda. Umumiy yigʻilishning vakolatlari

Umumiy yigʻilish:

koʻp kvartirali uyni boshqarish usulini belgilaydi;

umumiy mol-mulkni boshqarish, unga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash uchun tanlov asosida yuridik hamda jismoniy shaxslar bilan shartnoma tuzish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;

tijorat banklarining kreditlarini olish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;

koʻp kvartirali uylarning boshqarish organlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;

koʻp kvartirali uylarning boshqarish organlari tomonidan hisobot berish tartibini belgilaydi.

Umumiy yigʻilishda qaror qabul qilinishi uchun barcha joylar mulkdorlarining yoki ular vakillarining ellik foizidan koʻprogʻi hozir boʻlishi kerak. Umumiy yigʻilishning qarori, agar uni yoqlab joylar mulkdorlarining yoki ularning umumiy yigʻilishda hozir boʻlgan vakillarining ellik foizidan koʻprogʻi ovoz bersa, qabul qilingan deb hisoblanadi.

Umumiy yigʻilish qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma joylarning mulkdorlari orasidan saylanadigan yigʻilish raisi va kotibi tomonidan imzolanadi. Bayonnomaga yigʻilishda ishtirok etgan shaxslarning roʻyxati har bir muhokama etilayotgan masala boʻyicha ularning xohish-irodasi aks ettirilgan, ularning imzolari bilan tasdiqlangan holda ilova qilinadi.

Umumiy yigʻilish qarori barcha joylarning mulkdorlari, shu jumladan ovoz berishda ishtirok etmaganlar yoki qarshi ovoz berganlar tomonidan ham bajarilishi majburiydir.

22-modda. Koʻp kvartirali uyni boshqarish usulini tanlash

Joylarning mulkdorlari koʻp kvartirali uy foydalanishga qabul qilingan kundan eʼtiboran uch oy muddatda umumiy yigʻilishda koʻp kvartirali uyni boshqarish usuli toʻgʻrisida qaror qabul qilishi shart. Bunday qaror qabul qilinguniga qadar mulkdorlar umumiy mol-mulkni saqlash bilan bogʻliq majburiyatlar yuzasidan solidar javob beradi.

Koʻp kvartirali uyni boshqarish usulini tanlash toʻgʻrisida ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddatda joylarning mulkdorlari oʻrtasida kelishuvga erishilmagan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining hududiy boʻlinmasi uch oylik muddatda koʻp kvartirali uyni boshqarish organi vazifalarini amalga oshiruvchi boshqaruv tashkilotini yoki boshqaruvchini belgilaydi.

Agar ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan muddat mobaynida joylarning mulkdorlari tomonidan koʻp kvartirali uyni boshqarish usuli toʻgʻrisidagi masala hal etilmagan boʻlsa yoki koʻp kvartirali uyni boshqarish usulini tanlash toʻgʻrisida qabul qilingan qaror amalga oshirilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining hududiy boʻlinmasi koʻp kvartirali uyni boshqarish uchun boshqaruvchi tashkilotni yoki boshqaruvchini tanlash boʻyicha ochiq tanlov oʻtkazadi.

Koʻp kvartirali uyni boshqarish usuli umumiy yigʻilishning qarori asosida istalgan vaqtda oʻzgartirilishi mumkin. Umumiy yigʻilishning boshqaruv usulini tanlash toʻgʻrisidagi qarori mazkur koʻp kvartirali uydagi barcha joylarning mulkdorlari uchun majburiydir.

23-modda. Koʻp kvartirali uyni boshqarish uchun ochiq tanlov oʻtkazish

Koʻp kvartirali uyni boshqarish uchun ochiq tanlov quyidagi prinsiplarga asoslanadi:

tanlovda ishtirok etish uchun teng sharoitlar yaratish;

halol raqobat;

tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi axborotni olish erkinligi.

Koʻp kvartirali uyni boshqarish uchun boshqaruvchi tashkilotni yoki boshqaruvchini tanlash boʻyicha ochiq tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi axborot Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining rasmiy veb-saytiga va boshqa ommaviy axborot vositalariga joylashtiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining hududiy boʻlinmasi koʻp kvartirali uyni boshqarish boʻyicha tanlovning tashkilotchisidir.

6-bob. Koʻp kvartirali uyni bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan boshqarish

 

24-modda. Koʻp kvartirali uyni bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan boshqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilish

Koʻp kvartirali uyni yuridik shaxs tashkil etmasdan bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan boshqarish usulini bittadan koʻp boʻlmagan koʻp kvartirali uydagi joylarning mulkdorlari tanlashi mumkin.

Agar umumiy yigʻilish tomonidan koʻp kvartirali uyni bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan boshqarish usulini tanlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan boʻlsa, shu yigʻilishning oʻzida mazkur uydagi joylarning mulkdorlari orasidan koʻp kvartirali uyning kengashi saylanadi.

Kvorum mavjud boʻlmagan taqdirda tashabbuskorlar umumiy yigʻilish oʻtkaziladigan yangi sanani tayinlaydi, ushbu umumiy yigʻilish boʻlib oʻtmagan paytdan eʼtiboran kamida qirq sakkiz soatdan keyin va oʻttiz kundan kechiktirmay chaqirilishi mumkin.

Joylarning mulkdorlari tomonidan koʻp kvartirali uyni bevosita boshqarish usulini tanlash toʻgʻrisidagi qaror joylar mulkdorlarining yoki ular vakillarining umumiy yigʻilishida hozir boʻlganlarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Agar mulkdor umumiy yigʻilishda shaxsan ishtirok eta olmaydigan boʻlsa, u koʻp kvartirali uyni boshqarish usulini tanlash toʻgʻrisidagi masala yuzasidan umumiy yigʻilish oʻtkazilguniga qadar, yigʻilish tashabbuskoriga mulkdorning mazkur masala boʻyicha fikrini aks ettiruvchi yozma shakldagi arizani topshirish yoʻli bilan ovoz berishga haqli.

Koʻp kvartirali uy bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan boshqarilganda umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni taʼmirlash boʻyicha uy-joy-kommunal sohasidagi tashkilotlar bilan xizmatlar koʻrsatishga doir shartnoma joylar mulkdorlari umumiy yigʻilishining qarori asosida koʻp kvartirali uy kengashining raisi tomonidan tuziladi. Bunda uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda koʻp kvartirali uyning mulkdorlari nomidan joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishi vakolat bergan bir yoki bir necha joy mulkdori ishtirok etishga haqli.

25-modda. Koʻp kvartirali uy kengashi

Koʻp kvartirali uy kengashining aʼzolari soni joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishida kamida uch nafar shaxsdan iborat tarkibda belgilanadi. Koʻp kvartirali uy kengashining aʼzolari soni ushbu uyda mavjud boʻlgan kirish yoʻlaklari, qavatlar, joylar soni hisobga olingan holda umumiy yigʻilish qarori bilan belgilanadi.

Koʻp kvartirali uy kengashi:

umumiy yigʻilish qarorlarining bajarilishini taʼminlaydi;

umumiy mol-mulkdan, shu jumladan koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi takliflarni umumiy yigʻilishga muhokama qilish uchun kiritadi;

koʻp kvartirali uydan foydalanish va unga xizmat koʻrsatishga doir shartnomalar loyihalarining muhokamasini oʻtkazadi;

umumiy mol-mulkni saqlash va taʼmirlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatilishi va (yoki) ishlar bajarilishi sifati ustidan nazoratni amalga oshiradi;

amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida umumiy yigʻilishga hisobot taqdim etadi.

Koʻp kvartirali uy kengashi, agar umumiy yigʻilish qarori bilan boshqa muddat belgilanmagan boʻlsa, umumiy yigʻilishda har yili qaytadan saylanishi lozim. Umumiy yigʻilishda koʻp kvartirali uy kengashini qayta saylash toʻgʻrisidagi qaror belgilangan muddatda qabul qilinmagan taqdirda, koʻp kvartirali uy kengashining vakolatlari yana shu muddatga uzaytiriladi. Koʻp kvartirali uy kengashi oʻz majburiyatlarini lozim darajada bajarmagan taqdirda umumiy yigʻilish tomonidan muddatidan oldin qayta saylanishi mumkin.

26-modda. Koʻp kvartirali uy kengashining raisi

Koʻp kvartirali uy kengashining raisi umumiy yigʻilishda koʻp kvartirali uy kengashining aʼzolari orasidan saylanadi. U koʻp kvartirali uy kengashining joriy faoliyatiga rahbarlik qiladi va umumiy yigʻilishga hisobdordir.

Koʻp kvartirali uy kengashining raisi:

umumiy mol-mulkni saqlash va undan foydalanish shartnomasini tuzish toʻgʻrisida umumiy yigʻilish tomonidan qaror qabul qilinguniga qadar mazkur shartnoma shartlari boʻyicha muzokaralarga kirishishga haqli;

umumiy mol-mulkni saqlash va undan foydalanish shartnomasini tuzish masalalari boʻyicha muzokaralarning natijalarini umumiy yigʻilish eʼtiboriga yetkazadi;

umumiy yigʻilishning bayonnomasi asosida umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni taʼmirlashga doir shartnomalarni tuzadi hamda joylar mulkdorlarining nomidan umumiy mol-mulk bilan bogʻliq boshqa huquqiy munosabatlarga kirishadi;

umumiy mol-mulkni saqlash hamda taʼmirlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish va (yoki) ishlarni bajarishga doir tuzilgan shartnomalar boʻyicha majburiyatlarning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, umumiy mol-mulkni saqlash va joriy taʼmirlash boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar va (yoki) bajarilgan ishlarni qabul qilish dalolatnomalarini, umumiy mol-mulkni saqlash hamda taʼmirlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish va (yoki) ishlarni bajarishning sifat normativlari hamda davriyligi buzilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomalarni imzolaydi;

umumiy yigʻilishning bayonnomasi asosida mazkur koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining vakili sifatida umumiy mol-mulk va kommunal xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq ishlar boʻyicha sudda ishtirok etadi;

umumiy yigʻilish qaroriga muvofiq koʻp kvartirali uy kengashining raisiga hal etish uchun topshirilgan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi.

Umumiy yigʻilish koʻp kvartirali uy kengashining raisiga va aʼzolariga mukofot toʻlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqlidir. Bunday qaror koʻrsatilgan mukofotni toʻlash, shuningdek uning miqdorini belgilash shartlari va tartibini oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak.

 

7-bob. Koʻp kvartirali uyni boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi tomonidan boshqarish

27-modda. Boshqaruvchi tashkilotning va boshqaruvchining faoliyati

Boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi umumiy mol-mulkni saqlashni taʼminlaydigan hamda sifati umumiy mol-mulkni saqlash boʻyicha texnik reglamentlar va belgilangan qoidalar talablariga muvofiq boʻlishi kerak boʻlgan xizmatlarni koʻrsatish va (yoki) ishlarni bajarish uchun joylarning mulkdorlari oldida javobgar boʻladi.

Boshqaruvchi faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxs yakka tartibdagi tadbirkor sifatida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtishi shart va malaka (attestatsiya) sertifikatiga ega boʻlishi kerak.

Boshqaruvchi tashkilot shtatida koʻp kvartirali uyni boshqarish boʻyicha tegishli malaka (attestatsiya) sertifikatiga ega boʻlgan kamida ikki nafar mutaxassis boʻlishi zarur.

Boshqaruvchi tashkilot va boshqaruvchi umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni taʼmirlash boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar hamda bajariladigan ishlar, ularning qiymati haqidagi axborotdan joylar mulkdorlarining, koʻp kvartirali uy kengashining, shirkat boshqaruvi va taftish komissiyasining erkin foydalanishini taʼminlashi shart.

Boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi umumiy mol-mulkni boshqarish, unga texnik xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash, shuningdek koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatilgan va ishlar bajarilgan taqdirda, xizmatlar koʻrsatish va ushbu ishlarni bajarishga taalluqli qism boʻyicha barcha turdagi soliqlarni toʻlashdan ozod etiladi.

28-modda. Koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasi

Koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasi boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi bilan joylarning mulkdorlari oʻrtasida har bir joy mulkdori bilan ushbu Qonun talablariga muvofiq yozma shaklda, umumiy yigʻilish qarorlarida koʻrsatilgan shartlar asosida tuziladi.

Koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasi boʻyicha boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi joylar mulkdorlarining topshirigʻiga koʻra, umumiy mol-mulkni boshqarish, lozim darajada saqlash, undan foydalanish va uni taʼmirlash boʻyicha kelishilgan muddat ichida haq evaziga xizmatlar koʻrsatish va (yoki) ishlarni bajarish, koʻp kvartirali uyni boshqarish maqsadiga erishishga qaratilgan boshqa faoliyatni amalga oshirish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi.

Koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:

oʻziga nisbatan boshqaruv amalga oshiriladigan umumiy mol-mulkning tarkibi, koʻp kvartirali uyning manzili;

umumiy mol-mulkni saqlashga, undan foydalanishga va uni taʼmirlashga oid xizmatlar hamda bajariladigan ishlar roʻyxati, mazkur roʻyxatni oʻzgartirish tartibi;

shartnoma narxini belgilash tartibi, shuningdek toʻlovni toʻlab berish tartibi;

boshqaruv shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi tomonidan bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi;

bajarilgan ishlar hamda koʻrsatilgan xizmatlar uchun hisobot berish tartibi va muddatlari.

Koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasi kamida bir yil, lekin koʻpi bilan besh yil muddatga tuziladi.

Koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasining amal qilish muddati tugaganidan keyin taraflardan birining ushbu shartnomani tugatish toʻgʻrisidagi arizasi mavjud boʻlmagan taqdirda, bunday shartnoma uning oʻzida nazarda tutilgan ayni oʻsha muddatga va xuddi shunday shartlar asosida uzaytirilgan hisoblanadi.

Agar boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi shartnoma shartlarini bajarmasa, koʻp kvartirali uydagi joylarning mulkdorlari umumiy yigʻilish qaroriga asosan koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasini bajarishdan bir tomonlama tartibda voz kechishga va boshqa boshqaruvchi tashkilotni yoki boshqaruvchini tanlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.

Boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasi bekor qilingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida koʻp kvartirali uyning texnik hujjatlarini va uyni boshqarish bilan bogʻliq boshqa hujjatlarni, qoldiq pul mablagʻlarini, umumiy mol-mulk tarkibiga kiradigan joylarning kalitlarini hamda koʻp kvartirali uydan foydalanish va uni boshqarish uchun zarur boʻlgan boshqa texnik vositalarni hamda asbob-uskunalarni yangi tanlangan boshqaruvchi tashkilotga yoki boshqaruvchiga yoxud umumiy yigʻilish qarorida belgilangan koʻp kvartirali uydagi joy mulkdoriga topshirishi shart.

29-modda. Boshqaruvchi tashkilotning yoki boshqaruvchining hisoboti

Agar koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi oldingi yil uchun shartnomaning bajarilganligi toʻgʻrisida har yili umumiy yigʻilishda hisobot berishi shart.

Boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi joylarning mulkdorlariga oʻz moliya-xoʻjalik faoliyatining asosiy koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi, umumiy mol-mulkni saqlash va taʼmirlash boʻyicha koʻrsatilayotgan xizmatlar hamda bajarilayotgan ishlar haqidagi, xizmatlar koʻrsatish va ishlarni bajarish tartibi hamda shartlari toʻgʻrisidagi, ularning qiymati haqidagi axborotdan erkin foydalanishni taʼminlashi shart.

8-bob. Koʻp kvartirali uyni shirkat tomonidan boshqarish

 

30-modda. Shirkat

Shirkat joylar mulkdorlarining tashabbusiga koʻra tashkil etiladi va oʻz ustaviga muvofiq oʻzini oʻzi boshqarish asosida faoliyat koʻrsatadi.

Shirkat yuridik shaxsdir va u oʻz mulkida oʻzining mustaqil balansida hisobga olinadigan alohida mol-mulkka ega boʻladi, oʻz nomidan mulkiy hamda shaxsiy nomulkiy huquqlarni olishga va ularni amalga oshirishga, majburiyatlarni bajarishga, sudda daʼvogar va javobgar boʻlishga haqli.

Shirkat belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran yuridik shaxs huquqiga ega boʻladi. Shirkat, agar uning ustavida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, uning faoliyati muddati cheklanmagan holda tashkil etiladi.

Shirkat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqiqlanmagan har qanday faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin. Shirkat oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga tegishli barcha mol-mulk bilan javob beradi va oʻz aʼzolarining majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.

Shirkatning aʼzolari koʻp kvartirali uydagi joylarning mulkdorlari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslardan iboratdir.

Joy boshqa shaxsga oʻtkazilgan taqdirda shirkat aʼzosi boʻlgan uning mulkdori yangi mulkdorni oʻzining shirkat aʼzosi ekanligi hamda shirkat ustavida belgilangan, yangi mulkdorga oʻtadigan huquq va majburiyatlarga ega ekanligi toʻgʻrisida xabardor qilishi shart.

Shirkat tashkil etilgan koʻp kvartirali uydagi joyni sotib oluvchi shaxslar oʻzida joyga boʻlgan mulk huquqi yuzaga kelgan paytdan eʼtiboran shirkat aʼzosiga aylanadi.

Shirkat aʼzosi shirkatning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.

Shirkat oʻzining ustavida nazarda tutilgan oʻz faoliyati maqsadlariga muvofiq fuqarolik huquqiy layoqatiga ega.

Shirkat joylashgan yer uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan joyi etib belgilanadi. Shirkat pochta manziliga ega boʻladi va u pochta manzili oʻzgargan taqdirda vakolatli davlat organlarini xabardor qilishi shart.

31-modda. Shirkatni tashkil etish tartibi

Shirkatni tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror har bir koʻp kvartirali uydagi barcha joylar mulkdorlarining yoki ular vakillarining ellik foizidan koʻpi hozir boʻlgan joylar mulkdorlarining taʼsis yigʻilishida qabul qilinadi.

Taʼsis yigʻilishi har bir koʻp kvartirali uyning shirkatga birlashish istagida boʻlgan joylar mulkdorlarining kamida oʻn foizi tashabbusiga koʻra chaqiriladi.

Taʼsis yigʻilishi oʻtkaziladigan joy, sana, vaqt va uning kun tartibi toʻgʻrisida joylarning mulkdorlarini xabardor qilish yigʻilish oʻtkazilguniga qadar oʻn kundan kechiktirmay taʼsis yigʻilishining tashabbuskori tomonidan amalga oshiriladi.

Taʼsis yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisida joylar mulkdorlarini xabardor qilish uylarning har bir yoʻlagida tegishli eʼlonni joylashtirish yoki eʼlonni mulkdorlarga imzo qoʻydirib topshirish orqali amalga oshiriladi. Joylarning mulkdorlari boʻlgan yuridik shaxslarni xabardor qilish tegishli xabarni buyurtma xat bilan yuridik manzilga yuborish yoxud elektron xabar qilish yoki xabarni vakolatli vakilga imzo qoʻydirib topshirish orqali amalga oshiriladi.

Shirkatni tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror, agar taʼsis yigʻilishida ishtirok etayotgan barcha joylar mulkdorlarining yoki ular vakillarining ellik foizidan koʻpi uni yoqlab ovoz bersa, qabul qilingan hisoblanadi.

Bir necha koʻp kvartirali uylardagi joylarning mulkdorlarini birlashtiruvchi shirkatni tashkil etishda ushbu har bir uydagi joylar mulkdorlarining yoki ular vakillarining ellik foizidan koʻpining roziligi olingan boʻlishi kerak. Joylar mulkdorlarining taʼsis yigʻilishiga yozma shaklda berilgan ovozlarini joy mulkdorining shirkatni tashkil etish masalasi boʻyicha qarori va oʻziga qarashli joyning manzili koʻrsatilgan holda hisobga olishga yoʻl qoʻyiladi.

Joylar mulkdorlarining taʼsis yigʻilishi, qoida tariqasida, quyidagi kun tartibi bilan oʻtkaziladi:

shirkatni tashkil etish toʻgʻrisida;

shirkatning ustavini tasdiqlash haqida;

shirkat boshqaruvining raisi va aʼzolarini saylash toʻgʻrisida;

shirkatning taftish komissiyasini saylash haqida.

Joylar mulkdorlarining taʼsis yigʻilishida shirkatni tashkil etish bilan bogʻliq boshqa masalalar ham koʻrib chiqilishi mumkin.

Joylar mulkdorlari taʼsis yigʻilishining ovoz berish natijalari hamda yozma shaklda berilgan ovozlar soni koʻrsatilgan bayonnomasi joylarning mulkdorlari orasidan saylangan yigʻilish raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.

Bayonnomaga yigʻilishda ishtirok etgan shaxslarning har bir muhokama qilingan masala boʻyicha oʻz xohish-istagi ifodalangan holdagi, ularning imzolari bilan tasdiqlangan roʻyxati ilova qilinadi.

32-modda. Shirkatning ustavi

Shirkatning ustavida quyidagilar boʻlishi kerak:

shirkatning toʻliq va qisqartirilgan nomi, joylashgan yeri (pochta manzili);

joylarning mulkdorlari shirkatga birlashtirilgan koʻp kvartirali uylarning manzillari;

faoliyatning predmeti va maqsadi;

shirkatning hamda shirkat aʼzolarining huquqlari va majburiyatlari;

umumiy mol-mulkdan foydalanishdan, tijorat faoliyatini amalga oshirishdan va umumiy mol-mulkning ayrim qismlarini realizatsiya qilish va ijaraga berishdan olingan daromaddan (foydadan) foydalanish va (yoki) uni taqsimlash tartibi;

shirkatning zararlari oʻrnini qoplash tartibi;

zaxira jamgʻarmalarini va boshqa jamgʻarmalarni tashkil etish tartibi;

har bir turar joy va yashash uchun moʻljallanmagan joy mulkdorining umumiy mol-mulkdagi ulushi;

majburiy badallarning miqdorlarini belgilash va ularni shirkat aʼzolari tomonidan toʻlash tartibi;

umumiy mol-mulkni, koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasini va shirkatning mol-mulkini boshqarish tartibi;

shirkat boshqaruvi va taftish komissiyasining son tarkibi hamda saylanish muddati, ularning vakolatlari, ular tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

yillik hisobotlarni tuzish, tekshirish va tasdiqlash tartibi;

shirkatni qayta tashkil etish va tugatish tartibi.

Shirkatning ustavida shirkat faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan, qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa qoidalar ham boʻlishi mumkin.

33-modda. Shirkatning huquqlari

Shirkat quyidagi huquqlarga ega:

umumiy mol-mulkni, koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasini va shirkatning mol-mulkini saqlash usulini belgilash;

shirkatning yillik daromadlar va xarajatlar smetasini belgilash;

umumiy mol-mulkdan, koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasidan va shirkatning mol-mulkidan foydalanish qoidalarini shirkatning ustavida belgilangan tartibda belgilash;

banklarning kreditlaridan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va shartlarda foydalanish;

oʻz mol-mulkini, shu jumladan aylanma mablagʻlarini qonun hujjatlariga muvofiq mustaqil tasarruf etish;

yer uchastkalarini doimiy foydalanish uchun belgilangan tartibda olish;

yer uchastkasida shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq xoʻjalik binolarini hamda boshqa imoratlarni qurish;

mulkdorning joyi ichidagi umumiy mol-mulkning holatini nazorat qilish, unga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash maqsadida mulkdorni oldindan xabardor qilgach, mulkdorning joyiga uning borligida kirish yoki avariya yuz bergan taqdirda darhol kirish;

shirkatning mol-mulkini olish, sotish, topshirish, ayirboshlash, ijaraga berish, balansdan chiqarish;

shirkat aʼzolariga va boshqa shaxslarga ishlarni bajarish hamda qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatish;

mablagʻlaridan shirkat ustavida nazarda tutilgan maqsadlar uchun foydalaniladigan maxsus fondlar tashkil etish.

34-modda. Shirkatning majburiyatlari

Shirkat:

umumiy mol-mulkning, koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarining va shirkat mol-mulkining belgilangan qoidalar, normalar hamda standartlarga muvofiq asralishi va saqlanishini taʼminlashi;

shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining qarorlari bajarilishini taʼminlashi;

majburiy badallar oʻz vaqtida kelib tushishini taʼminlashi;

har yili umumiy mol-mulkni saqlash ishlari rejasini, shu jumladan koʻp kvartirali har bir uy uchun alohida shunday rejani belgilashi va uning ijrosi toʻgʻrisida hisobot tuzishi;

har yili shirkatning daromadlar va xarajatlar smetasini hamda uning ijrosiga doir hisobotni tuzishi, shu jumladan koʻp kvartirali har bir uy boʻyicha shunday smeta va hisobot tuzishi;

umumiy mol-mulkdan foydalanish shartlari va tartibi belgilanayotganda barcha shirkat aʼzolarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlashi;

koʻp kvartirali uyning xavfsizligiga doir talablarga rioya etilishini taʼminlashi;

muhandislik kommunikatsiyalari va umumiy mol-mulk tarkibiga kiruvchi boshqa jihozlarning koʻp kvartirali uylardagi joylar mulkdorlariga kommunal xizmatlar koʻrsatish qoidalariga muvofiq kommunal xizmatlar taqdim etish uchun doimiy shayligini taʼminlashi;

shirkat aʼzolarining talabiga koʻra shirkat aʼzolarining oʻz huquqlariga taalluqli barcha hujjatlardan, shu jumladan elektron shakllaridan foydalanishini, shuningdek erkin foydalaniladigan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining imkoniyatlarini qoʻllagan holda foydalanishini taʼminlashi;

qonun hujjatlarida va shirkat ustavida nazarda tutilgan hollarda, uchinchi shaxslar bilan umumiy mol-mulkni saqlash, unga egalik qilish hamda undan foydalanish, kommunal xizmatlar koʻrsatishga oid munosabatlarda shirkat aʼzolarining manfaatlarini ifodalashi shart.

35-modda. Shirkatga aʼzolikning tugatilishi

Shirkatga aʼzolik quyidagi hollarda tugatiladi:

joyga boʻlgan mulk huquqi bekor qilinganda;

koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining koʻpchiligi tomonidan shirkatdan chiqish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda;

shirkat tugatilganda.

36-modda. Shirkatning mol-mulki

Shirkatning mol-mulki pul mablagʻlaridan, binolar, inshootlar, jihozlar, inventarlar, transport vositalaridan hamda shirkat mablagʻlari hisobidan va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan oʻzga usullar bilan olingan boshqa mol-mulkdan iboratdir.

Shirkatning pul mablagʻlari quyidagilardan iborat:

shirkat aʼzolarining majburiy badallari;

shirkat aʼzolarining ixtiyoriy badallari;

yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy xayriya mablagʻlari;

tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar (foydalar);

boshqa daromadlar va tushumlar.

Alohida koʻp kvartirali uydagi joylarning mulkdorlari shirkatdan chiqqan taqdirda, shirkatning ushbu koʻp kvartirali uyni kapital taʼmirlash maqsadida joylarning mulkdorlari tomonidan toʻplangan mablagʻlar hisobidan shakllantirilgan pul mablagʻlarining tegishli qismi koʻp kvartirali uyni boshqarish boʻyicha yangi tuzilayotgan organga belgilangan tartibda oʻtkazilishi lozim.

37-modda. Shirkatning boshqaruv organlari

Shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi va shirkat boshqaruvi shirkatning boshqaruv organlaridir.

Boshqaruv shirkatning ijro etuvchi organi boʻlib, shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishiga hisobdordir.

Qonunga yoki shirkat ustaviga asosan shirkat nomidan ish yuritadigan shaxs shirkatning manfaatlari yoʻlida vijdonan, oqilona harakat qilishi kerak va shirkatga oʻzi yetkazgan zararning oʻrnini shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining talabiga binoan qoplashi shart.

38-modda. Shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining vakolatlari

Shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining vakolatlariga quyidagilar kiradi:

shirkat ustavini tasdiqlash hamda zarur boʻlgan taqdirda unga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish;

shirkatning boshqaruvini, boshqaruv raisini va taftish komissiyasini saylash hamda ularning vakolatlarini muddatidan oldin tugatish;

umumiy mol-mulkni, koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini va shirkat mol-mulkini saqlashga, ulardan foydalanishga hamda ularni taʼmirlashga doir ishlarning yillik rejasini, uning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni tasdiqlash;

shirkatning yillik daromadlari va xarajatlari smetasini hamda uning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni tasdiqlash;

shirkat aʼzolari majburiy badallarining miqdorini tasdiqlash;

boshqaruvchining yoki boshqaruv tashkilotining nomzodini tasdiqlash;

shirkat boshqaruvi raisiga, aʼzolariga va taftish komissiyasi aʼzolariga toʻlanadigan haq miqdorini belgilash;

shirkat xodimlarining ish haqi miqdorini va ularni mukofotlash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash;

shirkatning maxsus jamgʻarmalarini tuzish va ularning mablagʻlarini sarflash tartibini belgilash;

umumiy mol-mulkdan, koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalaridan va shirkat mol-mulkidan foydalanish qoidalarini tasdiqlash;

shirkat aʼzolarining shirkat boshqaruvi raisi, aʼzolari hamda taftish komissiyasi faoliyatiga taalluqli ariza va shikoyatlarini koʻrib chiqish;

koʻp kvartirali uydagi joylarni rekonstruksiya qilish, qayta qurish va qayta rejalashtirishni kelishib olish tartibini belgilash;

bitta uydagi joylar mulkdorlarining mablagʻlaridan boshqa uyning ehtiyojlari uchun foydalanish tartibini belgilash, mazkur mablagʻlarning va ularni qaytarishning hisobini yuritish;

umumiy mol-mulkni ijaraga berish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;

xoʻjalik binolari va boshqa imoratlar qurish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;

qarz mablagʻlarini, shu jumladan bank kreditlarini olish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi;

shirkatning tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadidan (foydasidan) foydalanish yoʻnalishlarini belgilash;

uyushmalarga (ittifoqlarga) va boshqa birlashmalarga kirish hamda ulardan chiqish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;

shirkatni qayta tashkil etish va tugatish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish.

39-modda. Shirkat aʼzosining shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishidagi vakili

Shirkatning boshqa aʼzosi yoki shirkat aʼzosining oddiy yozma shaklda rasmiylashtiriladigan ishonchnomasiga ega boʻlgan uchinchi shaxs shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishida shirkat aʼzosining vakili boʻlishi mumkin.

Shirkat aʼzosi boʻlgan jismoniy shaxsning nomidan ishonchnoma uning shaxsiy imzosi bilan beriladi. Shirkat aʼzosi boʻlgan yuridik shaxsning nomidan ishonchnoma rahbar imzosi bilan shu yuridik shaxs muhri (mavjud boʻlgan taqdirda) qoʻyilgan holda beriladi.

Ishonchnomada tegishli koʻp kvartirali uydagi ifoda etilayotgan joy mulkdori va uning vakili toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (ismi yoki nomi, yashash joyi yoki turgan joyi, pasport maʼlumotlari) boʻlishi kerak.

Ishonchnoma shirkat aʼzosining vakiliga shirkat aʼzolarining bitta shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishida yoki ishonchnomada koʻrsatilgan vaqt davomida barcha yigʻilishlarida shirkat aʼzosining nomidan va uning manfaatlarini koʻzlab soʻzga chiqish hamda bitta yigʻilish kun tartibidagi masalalar yuzasidan yoxud barcha hollarda ovoz berish vakolatini berishi mumkin.

Shirkat aʼzosining ishonchnomasi uch yildan koʻp boʻlmagan muddatga berilishi mumkin. Agar ishonchnomada muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, u ishonchnoma berilgan kundan eʼtiboran bir yil davomida oʻz kuchini saqlab qoladi. Berilgan muddati koʻrsatilmagan ishonchnoma haqiqiy emas.

Bir shaxs shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishida shirkat aʼzolaridan bir nechtasining vakili boʻlishi mumkin. Agar bir shaxs shirkat aʼzolaridan bir nechtasining vakili boʻlsa, uning ovozlari soni u manfaatlarini ifodalayotgan shirkat aʼzolarining ovozlari soniga koʻpayadi. Bunda shirkat aʼzolarining vakili shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishida oʻzi manfaatlarini ifodalayotgan har bir shirkat aʼzosining nomidan alohida-alohida ovoz berish huquqiga ega.

40-modda. Shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishini chaqirish va olib borish tartibi

Shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi shirkat ustavida belgilangan tartibda yiliga kamida bir marta chaqiriladi.

Shirkat aʼzolarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi boshqaruvning, shirkatda kamida oʻn foiz ovozga ega boʻlgan shirkat aʼzolarining tashabbusiga, shuningdek taftish komissiyasining talabiga binoan chaqirilishi mumkin.

Agar shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi kun tartibiga umumiy mol-mulkni saqlashga doir ishlarning rejalarini, daromadlar va xarajatlar smetalarini, ularning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni, majburiy badallar miqdorlarini koʻrib chiqish hamda tasdiqlash kiritilgan boʻlsa, shirkat boshqaruvi shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishi oʻtkazilguniga qadar shirkat aʼzolariga mazkur hujjatlarning loyihalari bilan tanishib chiqish imkoniyatini taʼminlashi shart.

Shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi, agar yigʻilishda shirkat aʼzolarining yoki ular vakillarining ellik foizidan koʻprogʻi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi. Bittadan ortiq koʻp kvartirali uydagi joylarning mulkdorlarini birlashtirgan shirkatlardagi yigʻilishda koʻp kvartirali har bir uydagi joylar mulkdorlarining yoki ular vakillarining kamida ellik foizi hozir boʻlishi kerak.

Shirkatning har bir aʼzosi shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishida bir ovozga ega boʻladi.

Shirkat aʼzosining eri (xotini), agar ular birga yashayotgan boʻlsa, ushbu aʼzoning nomidan shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishida ishonchnomasiz ishtirok etish va ovoz berish huquqiga ega.

Agar turar joy umumiy mulk huquqi asosida ikki va undan ortiq shaxsga tegishli boʻlsa, shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishida sheriklardan biri boshqalarning roziligi bilan ularning nomidan ishtirok etadi. Bunda ularning har biri shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishida bir ovoz doirasida ovoz berishga haqli.

Shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishini har bir yigʻilishning boshlanishida shirkat aʼzolari orasidan oddiy koʻpchilik ovoz bilan saylanadigan yigʻilish raisi olib boradi. Har bir yigʻilishning boshlanishida shirkat aʼzolari orasidan yigʻilish bayonnomasini yuritadigan yigʻilish kotibi oddiy koʻpchilik ovoz bilan saylanadi.

Shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining qarorlari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma yigʻilish raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.

41-modda. Shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan qarorlar qabul qilish

Shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining vakolatiga kiritilgan masalalar boʻyicha qaror, agar shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishida ishtirok etgan shirkat aʼzolarining yoki ular vakillarining ellik foizidan koʻpi uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan hisoblanadi.

Shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan qarorlar ushbu Qonunda belgilangan tartibda umumiy yigʻilishni chaqirish yoki shirkat aʼzolari oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazish orqali yoxud shirkat ustavida nazarda tutilgan boshqa usulda qabul qilinishi mumkin.

Qarorni qabul qilish chogʻida shirkat aʼzolari tomonidan yozma shaklda berilgan ovozlar yigʻilish kun tartibidagi masalalar yuzasidan shirkat har bir aʼzosining qarori koʻrsatilgan holda hisobga olinishi shirkatning ustavida belgilab qoʻyilishi mumkin.

Shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishida qabul qilingan qaror turar joylarning va yashash uchun moʻljallanmagan joylarning mulkdorlari tomonidan ijro etilishi majburiydir.

42-modda. Shirkat aʼzolari oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazish orqali shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishi tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi

Shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishida soʻrovnoma oʻtkazish orqali qaror qabul qilish uchun yigʻilish tashabbuskori umumiy yigʻilish qarorining loyihasini shirkatning har bir aʼzosiga yuborishi shart.

Qaror loyihasi yagona hujjat tarzida tuzilgan boʻlishi kerak.

Agar shirkat boshqaruvi shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishi tashabbuskori boʻlmasa, shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishi qarori loyihasining koʻchirma nusxasi shirkat boshqaruviga ham maʼlumot uchun qabul qilish maqsadida topshiriladi.

Shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishi qarorining loyihasida yigʻilish tashabbuskori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, qaror yuborilishi lozim boʻlgan joy va manzil, ovoz berish uchun nazarda tutilgan, besh kundan kam boʻlishi mumkin boʻlmagan muddat, shuningdek boshqa zarur axborot koʻrsatiladi.

Shirkat aʼzolari har bir masala boʻyicha qaror loyihasining asliga oʻz imzosini qoʻyish orqali yozma ravishda alohida ovoz berishi (yoqlab, qarshi yoki betaraf) va qarorni yigʻilish tashabbuskori tomonidan koʻrsatilgan joyga yoki manzilga topshirishi shart.

Qaysi qaror loyihasi masalasi boʻyicha ushbu Qonunda nazarda tutilgan tegishli ovozlar soni toʻplangan boʻlsa, oʻsha masala boʻyicha qaror qabul qilingan hisoblanadi.

Qaror loyihasi boʻyicha ovoz berishda unga qoʻshimcha yoki oʻzgartishlar kiritish taqiqlanadi. Agar ovoz berish chogʻida qaror loyihasini oʻzgartirish yoki unga qoʻshimcha kiritish zarurati yuzaga kelsa, yangi loyiha tuzilishi hamda shirkatning har bir aʼzosiga oʻzgartish va qoʻshimchalarning sabablari koʻrsatilgan holda yuborilishi kerak. Oʻzgartishlar yoki qoʻshimchalar bilan qabul qilingan, shirkat aʼzolariga yuborilmagan qaror haqiqiy emas.

43-modda. Shirkatdagi har bir uyning joylari mulkdorlarining yigʻilishi

Bittadan koʻp boʻlgan uyning joylari mulkdorlarini birlashtiradigan shirkatlarda shirkat aʼzolarining har yilgi umumiy yigʻilishi oʻtkazilguniga qadar shirkatdagi har bir uyning joylari mulkdorlarining qaror qabul qilish uchun yigʻilishlari albatta oʻtkazilib, ularda mazkur uydagi barcha joylar mulkdorlarining yoki ular vakillarining ellik foizdan koʻpi hozir boʻlishi kerak.

Shirkatdagi har bir koʻp kvartirali uyning joylari mulkdorlarining qarorlari yigʻilishni chaqirish orqali, soʻrovnoma oʻtkazish yoʻli bilan yoki shirkat ustavida nazarda tutilgan boshqa usulda qabul qilinishi mumkin.

Shirkatdagi har bir uyning joylari mulkdorlarining yigʻilishi quyidagilarni tasdiqlash toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi:

mazkur koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni, koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasini va shirkat mol-mulkini saqlashga doir shirkat ishlar rejasining bir qismi sifatida umumiy mol-mulkni saqlash boʻyicha ishlar rejasini;

shirkatning daromadlari va xarajatlari smetasining bir qismi sifatida ushbu koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni saqlash uchun daromadlar va xarajatlar smetasini;

umumiy mol-mulkni saqlashga doir tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq ushbu uyning joylari mulkdorlarining majburiy badallari miqdorlarini;

oʻtgan yil uchun ishlar rejalarining, umumiy mol-mulkni saqlashga doir daromadlar va xarajatlar smetasining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni.

Joylar mulkdorlarining yigʻilishi joylar mulkdorlarining mablagʻlarini shirkatdagi boshqa uyning ehtiyojlari uchun ishlatish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.

Har bir koʻp kvartirali uyning joylari mulkdorlari yigʻilishining qarorlari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma koʻp kvartirali uyning joylari mulkdorlari orasidan saylangan yigʻilish raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.

Joylar mulkdorlarining yigʻilishi tomonidan qabul qilingan qaror ushbu koʻp kvartirali uyning barcha joylari mulkdorlari uchun majburiydir.

44-modda. Shirkat boshqaruvi

Shirkat boshqaruvi shirkatning joriy faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi.

Shirkat boshqaruvi shirkat aʼzolari orasidan shirkat ustavida belgilangan tarkibda va muddatga umumiy yigʻilish tomonidan saylanadi.

Agar koʻp kvartirali uydagi barcha joylarning 30 foizdan ortiq maydoni bir shaxsning mulki boʻlsa, mazkur shaxs oʻz roziligi bilan shirkat boshqaruvi tarkibiga kiritiladi.

Shirkat boshqaruvi shirkat boshqaruvining raisi tomonidan ustavda belgilangan muddatlarda, ammo bir oyda kamida bir marta chaqiriladi.

Shirkat boshqaruvining majlisi unda boshqaruv aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli deb topiladi.

Shirkat boshqaruvining har bir aʼzosi boshqaruv majlisida bir ovozga ega.

Shirkat boshqaruvining qarorlari boshqaruv aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.

Shirkat boshqaruvining majlislari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.

Shirkat aʼzolari shirkat boshqaruvi majlislarida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etishi mumkin.

45-modda. Shirkat boshqaruvining vakolatlari

Shirkat boshqaruvi shirkat faoliyatining barcha masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilishga haqli, bundan shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar mustasno.

Shirkat boshqaruvining vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishini chaqirish va uni oʻtkazishni tashkil etish;

umumiy mol-mulkni, yer uchastkasini va shirkatning mol-mulkini saqlashga doir ishlar rejasining loyihasini hamda uning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni tuzish;

shirkatning yillik daromadlar va xarajatlar smetasi loyihasini hamda uning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni tuzish;

shirkat ustavi talablarining va shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishi qarorlarining bajarilishini taʼminlash;

umumiy mol-mulkka hamda shirkatning mol-mulkiga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash uchun tanlov asosida pudratchilarni tanlash;

tanlov gʻolibi bilan umumiy mol-mulkni va shirkatning mol-mulkini saqlash, unga xizmat koʻrsatish hamda uni taʼmirlash uchun shartnomalar tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;

umumiy mol-mulkning, yer uchastkasining va shirkat mol-mulkining asralishi hamda saqlanishi ustidan nazorat qilish;

shirkatning asbob-uskunalarini, anjomlarini va boshqa moddiy qimmatliklarini olish hamda sotish, topshirish, ayirboshlash, ijaraga berish, shuningdek ularni shirkatning balansidan chiqarish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;

shirkat aʼzolarining arizalari va shikoyatlarini koʻrib chiqish;

ish yuritish, buxgalteriya hisobini va hisobotini yuritish, mablagʻlarning tushumi hamda sarflanishi hisobini shirkatdagi har bir koʻp kvartirali uy boʻyicha alohida-alohida yuritish;

shirkat aʼzolarining majburiy badallari toʻliq tushishini tashkil etish va taʼminlash;

shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan tasdiqlangan shirkatning daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq shirkat mablagʻlarini tasarruf etish.

Shirkat boshqaruvi shirkat aʼzolari oldida quyidagilar uchun javobgardir:

umumiy mol-mulkka xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash ishlarining tuzilgan shartnomalarga muvofiq tanlov asosida tashkil etilishi;

muhandislik tarmoqlariga va boshqa umumiy mol-mulkka xizmat koʻrsatishning lozim darajadagi sifati taʼminlanishi;

taʼmirlash ishlarini belgilangan normalar va talablarga muvofiq sifatli boʻlishi hamda oʻz vaqtida oʻtkazilishi;

shirkat mablagʻlaridan umumiy mol-mulkni saqlash va taʼmirlash uchun belgilangan maqsadda foydalanilishi;

umumiy foydalanishdagi joylarning va koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarining lozim darajadagi sanitariya holati, ularning obodonlashtirilishi. 

Shirkat boshqaruvi muntazam ravishda, biroq uch oyda kamida bir marta umumiy mol-mulkni saqlash boʻyicha ishlar rejalarining bajarilishi, amalga oshirilgan va rejalashtirilayotgan xarajatlar, majburiy badallarni yigʻish, tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlar (foyda) toʻgʻrisida shirkat aʼzolari oldida hisobot beradi. Hisobotni taqdim etish shakli shirkatning barcha aʼzolari uchun hisobotdan foydalanish imkoniyatini taʼminlashi kerak va u shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining qarori bilan belgilanadi.

46-modda. Shirkat boshqaruvining raisi

Nomzodda tegishli malaka (attestatsiya) sertifikati mavjud boʻlgan taqdirda, shirkat boshqaruvining raisi umumiy yigʻilish tomonidan shirkat aʼzolari orasidan shirkat ustavida belgilangan muddatga saylanadi.

Malaka (attestatsiya) sertifikatiga ega boʻlmagan shirkat aʼzosi boshqaruv raisi etib saylangan taqdirda, yangidan saylangan rais saylangan kunidan eʼtiboran oʻttiz kun ichida belgilangan tartibda tegishli sertifikatni olishi kerak. Agar yangidan saylangan shirkat boshqaruvining raisi belgilangan muddat davomida malaka sertifikatini olmagan boʻlsa, shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi oʻn kun ichida shirkatning boshqa aʼzosini boshqaruv raisi etib saylashi shart.

Shirkat boshqaruvining raisi:

shirkat boshqaruvi faoliyatiga rahbarlik qiladi;

boshqa tashkilotlar va fuqarolar bilan oʻzaro munosabatlarda shirkatning manfaatlarini ifoda etadi;

shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining va shirkat boshqaruvining qarorlari bajarilishini taʼminlaydi;

shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining yoki shirkat boshqaruvining qarorlariga muvofiq moliyaviy hujjatlarni, shartnomalarni imzolaydi;

umumiy mol-mulkni va shirkat mol-mulkini saqlash, ularga xizmat koʻrsatish hamda ularni taʼmirlash usullari boʻyicha boshqaruv tomonidan tayyorlangan takliflarni shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi muhokamasiga kiritadi;

shirkat xodimlarining ish haqi miqdori toʻgʻrisidagi takliflarni va ularni mukofotlash haqidagi nizomlar, shirkatning boshqa nizomlari va qoidalari loyihalarini shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi muhokamasiga kiritadi;

boshqaruvning shirkat aʼzolari oldida muntazam ravishda hisobot berishini taʼminlaydi;

shirkat xodimlari bilan mehnat shartnomalari tuzadi hamda ularni bekor qiladi. 

Shirkat boshqaruvi raisining vakolatlari tugatilganda, shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining qarori qabul qilingan sanadan eʼtiboran uch ish kuni ichida shirkat boshqaruvining raisi koʻp kvartirali uyning texnik hujjatlarini, qoldiq pul mablagʻlarini, shirkat muhrini va shirkatni boshqarish bilan bogʻliq boshqa hujjatlarni, umumiy mol-mulk tarkibiga kiruvchi joylarning kalitlarini hamda koʻp kvartirali uydan foydalanish va uni boshqarish uchun zarur boʻlgan boshqa texnik vositalar hamda jihozlarni shirkat boshqaruvi raisining majburiyatlarini oʻz zimmasiga olgan shaxsga yoki umumiy yigʻilishning qarorida koʻrsatilgan koʻp kvartirali uydagi joy mulkdoriga topshirishi shart.

47-modda. Shirkatning taftish komissiyasi

Shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining qaroriga koʻra shirkat aʼzolari orasidan kamida uch kishidan iborat tarkibda taftish komissiyasi saylanadi.

Shirkat taftish komissiyasining aʼzolari bir vaqtning oʻzida shirkat boshqaruvining aʼzolari boʻlishi mumkin emas.

Shirkatning taftish komissiyasi shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishiga hisobdordir.

Shirkatning taftish komissiyasi shirkatning moliya-xoʻjalik faoliyatini nazorat qilishni amalga oshiradi.

Shirkatning taftish komissiyasi shirkatning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish natijalari toʻgʻrisidagi hisobotni har yili shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishiga taqdim etishi shart.

Shirkat taftish komissiyasining shirkatning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish natijalari toʻgʻrisidagi hisoboti shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishida koʻrib chiqilguniga qadar uchinchi shaxslarga berilishi mumkin emas.

Shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi shirkatning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish uchun belgilangan tartibda auditorlik tashkilotini jalb etishga haqlidir.

48-modda. Shirkatni qayta tashkil etish va tugatish

Shirkatni qayta tashkil etish qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish va ajratib chiqarish shaklida amalga oshirilishi mumkin.

Shirkatni qayta tashkil etish shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi shirkat aʼzolarining ellik foizdan koʻproq ovozi bilan qabul qilgan qaroriga binoan amalga oshiriladi.

Qayta tashkil etilayotgan shirkatning mol-mulkini ajratib chiqarish yoki boʻlish shirkat aʼzolarining shirkat mol-mulkini shakllantirishdagi ishtirokiga mutanosib tarzda amalga oshiriladi.

Shirkat qayta tashkil etilayotganda umumiy mol-mulkka taalluqli texnik va boshqa hujjatlarni qabul qilib olish-topshirish amalga oshiriladi.

Shirkatni tugatish qonun hujjatlarida hamda shirkat ustavida belgilangan hollarda va tartibda amalga oshiriladi.

Shirkat tugatilayotganda kreditorlarning talablari qanoatlantirilganidan keyin shirkatning qolgan mol-mulki shirkat aʼzolari oʻrtasida shirkat aʼzolarining shirkat mol-mulkini shakllantirishdagi ishtirokiga mutanosib tarzda taqsimlanadi.

9-bob. Yakunlovchi qoidalar

 

49-modda. Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlarining mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan oʻzaro munosabatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining va ular mansabdor shaxslarining koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari faoliyatiga aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari tomonidan bank kreditlarini olishda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kafil boʻlishi mumkin.

Koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan koʻp kvartirali uylarga tutash hududlarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirishga doir ishlarni tashkil etish hamda boshqa masalalar boʻyicha hamkorlik qiladi.

 

50-modda. Boshqaruvchi tashkilotlar, boshqaruvchilar va shirkatlarning birlashmalari

Boshqaruvchi tashkilotlar, boshqaruvchilar va shirkatlar oʻz faoliyatini muvofiqlashtirish, tajriba almashish, umumiy manfaatlarni ifoda etish va himoya qilish, davlat boshqaruvi va ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan hamkorlikni taʼminlash, shuningdek faoliyatning boshqa masalalarini hal etish maqsadida assotsiatsiyalarga (ittifoqlarga) birlashishga haqli.

51-modda. Nizolarni hal etish

Koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

52-modda. Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

53-modda. Qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish

Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:

1) Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 12-aprelda qabul qilingan “Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari toʻgʻrisida”gi OʻRQ–32-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 158-modda);

2) Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ–391-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-yil, № 8, 312-modda) 31-moddasi;

3) Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 25-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ–405-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 4, 125-modda) 19-moddasi.

 

54-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash

Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.

55-modda. Huquqiy eksperiment oʻtkazish va qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

2020-yil 1-mayga qadar boʻlgan muddatda Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida, Jizzax va Margʻilon shaharlarida koʻp kvartirali uylarni boshqarishda ushbu Qonun normalarini aprobatsiya qilish yuzasidan huquqiy eksperiment (bundan buyon matnda huquqiy eksperiment deb yuritiladi) oʻtkazilishini taʼminlasin;

bir oy muddatda huquqiy eksperimentni oʻtkazishga doir tegishli qarorni qabul qilsin;

huquqiy eksperimentning mohiyati va vazifalari ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda yoritib borilishini, shuningdek aholi oʻrtasida tushuntirish ishlari oʻtkazilishini taʼminlasin;

huquqiy eksperiment yakunlari boʻyicha 2020-yil 1-iyunga qadar boʻlgan muddatda ushbu Qonun normalarini yanada takomillashtirish va uni respublikaning boshqa hududlarida qoʻllash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga takliflar kiritsin;

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.

56-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun 2020-yil 1-avgustdan eʼtiboran kuchga kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti                                                   Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2019-yil 7-noyabr

№ OʻRQ—581


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?