Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tartibi tubdan takomillashtiriladi

11:23 07 Avgust 2019 Jamiyat
114 0

Kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini muhokama qildilar. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, uy-joy mulkdorlari shirkatlarining huquqiy maqomini belgilash, koʻp kvartirali uylar masalalaridagi davlat boshqaruvi va nazorati organlarining munosabatlarini tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining ikkinchi oʻqishdagi muhokamasi ham qizgʻin bahs-munozaralarga boy kechdi.

Mazkur qonun loyihasini maromiga yetkazish jarayonida deputatlar tomonidan qator normalarning amaliyotda ishlashini oʻrganish boʻyicha yurtimizning barcha hududlarida soha vakillari, shirkat rahbarlari va aʼzolari, boshqaruv kompaniyalari xodimlari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Mavjud holatlar oʻrganildi, tegishli takliflar olindi. Ana shu takliflar asosida yanada takomillashtirilgan qonun loyihasi bilan koʻp kvartirali uylarni boshqarish usullariga aniqlik kiritildi.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi sohada uchrayotgan koʻplab muammolarni bartaraf etishga, amaliyotda vujudga kelgan yana bir oʻtkir masala — noturar joy mulkdorlarining shirkat aʼzosi hisoblanmasligiga barham beriladi, ularning huquq va majburiyatlari kengaytiriladi.

Majlisda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?