Koʻp bolalar koronavirus kasalligidan vafot etayotgani rostmi? — dolzarb savollarga aniq javoblar berildi

14:45 15 Sentyabr 2020 Jamiyat
477 0

AOKAda Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Nurmat Otabekov ishtirokida brifing oʻtkazildi.

Brifingda aholidan kelgan murojaat va savollarga javob qaytarildi.

Savol: Koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganda koʻz bilan bogʻliq kasalliklar ham kelib chiqadimi?

Javob: Tadqiqotchi olimlarning aniqlashicha, konyunktivit yaʼni koʻz shilliq pardasining yalligʻlanishi koronavirus kasalligining belgilaridan biri boʻlishi mumkin.

Italiyalik olimlar koronavirus burun shilliq qavatida aniqlangandan bir hafta oʻtib koʻz shilliq qavatida ham uchrashini tadqiqotlarida taʼkidlashgan. Shuning uchun koronavirus kasalligini davolayotgan shifokorlar nafaqat burun va ogʻiz, balki koʻzlarni ham himoya qilish borasida ham ogohlantiriladi.

Xitoy shifokorlarining tajribasida ham koronavirus bilan davolanayotgan bemorlarda 1 foiz holatda konyunktivit aniqlangan.

Savol: Koʻp bolalar koronavirus kasalligidan vafot etayotgani rostmi?

Javob: Respublikamizda koronavirusdan zararlangan va shu kasallikdan vafot etayotgan bemorlar yoshi, lavozimidan qatʼiy nazar shu kungacha aniq maʼlumotlar berilib kelinyapti.

Koʻp yosh bolalar kasallanib oʻlib ketayotganligi haqidagi maʼlumotlar yolgʻon.

Buning ustiga taʼkidlash joizki, koronavirus kasalligi yosh bolalarda yengil oʻtadi va aksariyat hollarda jiddiy asoratlarsiz sogʻayishadi.

Savol: Bolalar koronavirus bilan kasallansa kelajakda salomatligiga taʼsir koʻrsatishi, masalan bepushtlikka olib kelishi mumkinmi?

Javob: Koronavirus kasalligi mutlaqo yangi kasallik boʻlib, hali u haqida yetarli maʼlumotga ega emasmiz. Alohida bu borada ilmiy izlanishlar amalga oshirilmagan.

Qolaversa kasallik yosh bolalarda juda yengil formada oʻtyapti, shuning uchun kelajakda biror bir jiddiy asorat qoldirishi haqida bashorat qilish notoʻgʻri boʻladi.

Fikrimizcha, COVID-19 kelajakda farzand koʻrmaslik (bepushtlik) kabi holatlarni keltirib chiqaradigan kasalliklar sirasiga kirmaydi.

Savol: Otamda surunkali qandli diabet kasalligi bor. Qayerga borsa Covid 19 bilan kasallanganlar yotibdi deyishmoqda, davolanish uchun qayerga murojaat qilsak boʻladi?

Javob: Dunyo miqyosida pandemiya boshlanganidan keyin respublikamizda ham karantin tufayli koʻpgina shifoxonalar faoliyati (profili) oʻzgartirildi.

Otangizni davolatish uchun yashash joyingiz boʻyicha poliklinikaga murojaat qilsangiz hozirda faoliyat koʻrsatayotgan shifoxonalar toʻgʻrisida aniq maʼlumot olishingiz mumkin.

Buning ustiga keyingi paytlarda profilini oʻzgartirgan muassasalar, birin-ketin qaytadan oʻzlarining avvalgi faoliyatini tiklamoqda.

Savol: Qoʻshni davlatlar bilan chegara qachon ochiladi?

Javob: Bugungi kunda Tashqi ishlar vazirligi, Transport vazirligi bilan birgalikda barcha turdagi xalqaro qatnovlarni tiklash boʻyicha xorijiy mamlakatlar bilan muzokaralar olib borilmoqda va qatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash boʻyicha zarur choralar koʻrilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?