“Konvert” usulida ish haqiga rozi boʻlmang — keksayganda pensiyasiz qolmang

13:13 20 Fevral 2019 Iqtisodiyot
190 0

Illyustrativ foto

Har bir inson qayerda ishlamasin halol mehnat qilib hurmat eʼzoz bilan pensiyaga chiqishni xohlaydi. Qilgan mehnatlari evaziga davlat tomonidan toʻlanadigan pensiyani olib keksalik gashtini surish barchaning orzusi. Ammo bugungi kunda baʼzi fuqarolar rasmiy mehnat shartnomasi tuzmasdan, mehnat huquqlarini himoya qilish kafolatlanmasdan konvert usulida mehnat haqi olib ishlab kelmoqda. Bu kabi ishchilarga ish beruvchi tomonidan shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisob-varaqasiga toʻlov amalga oshirilmaydi, natijada pensiya yoshiga yetgan shaxslarda pensiyaga chiqishda muammolar paydo boʻladi.

Toʻgʻri shu vaqtga qadar xodimlar soni korxona tomonidan toʻlanadigan soliqlarga taʼsir qilgan. Tadbirkorlik subyektlariga yanada qulay sharoit yaratish uchun 2019 yil 1 yanvardan boshlab Soliq kodeksi hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha qabul qilingan qonun hujjatlariga asosan soliq stavkalari keskin kamaytirildi.

Jumladan, aholining real daromadini oshirish, ish oʻrinlari va mehnatga haq toʻlash jarayonlarining shaffofligini taʼminlash maqsadida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining amaldagi 4 ta pogʻonali stavkalari oʻrniga yagona 12 foizlik stavka belgilandi. Pensiya jamgʻarmasiga 8 foizli sugʻurta badali bekor qilindi. Yagona ijtimoiy toʻlov stavkasi 25 va 15 foizdan 12 foizga tushirildi Natijada, ish haqi fondiga soliq yuki oʻrtacha 1,8 marotabaga kamayib, xodimlarining ish haqini oshirish hamda yangi ish oʻrinlarini yaratish imkoniyati yuzaga keldi.

Shuningdek, 2019 yil 1 aprelga qadar xodimlar soni va mehnatga haq toʻlash fondini ixtiyoriy ravishda rasmiylashtirsa, avvalgi hisobot davrlarida xodimlar sonini yashirganlik uchun soliqlarni qoʻshimcha hisoblashdan ozod qilindi.

Shu bilan birga, yagona ijtimoiy toʻlovning kamaytirilishi natijasida boʻshaydigan mablagʻlar hisobidan xodimlar ish haqi miqdorini oshirish imkoni yuzaga keladi.

- Hududlarda olib borilayotgan pasportlashtirish jarayonlari, profilaktik suhbatlar davomida 2019 yil 23 yanvardan 19 fevraliga qadar 2934 ta korxonalarda qonuniy rasmiylashtirmasdan ish haqi toʻlab kelinayotgan 14127 nafar ishchi-xodimlar bilan mehnat shartnomasi rasmiylashtirildi, - deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi boshligʻining 1-oʻrinbosari Nosir Mavlonov.- Shundan, 1449 nafari savdo va umumiy ovqatlanish, 4734 nafari ishlab chiqarish, 6808 nafari qishloq xoʻjalik, 1136 nafari qurilish korxonalari hisobiga toʻgʻri keladi.

Olib borilayotgan bu kabi tadbirlar fuqarolarning huquqiy madaniyati ortishiga, pirovardida oʻz kelajagiga zamin hozirlashini taʼminlamoqda.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?