Konsertga biletni majburlab sotgan maktab direktori lavozimidan ozod etildi

09:46 15 May 2019 Jamiyat
178 0

Xalq taʼlimi vazirining Huquqiy-nazorat xizmati tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda chop etilgan “35 000 soʻmlik majburiy bilet” va “Oʻqituvchilarga sotilayotgan majburiy bilet” nomli maqolalarida keltirilgan maʼlumotlar oʻrganildi. Bu haqda Xalq taʼlimi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Mazkur jarayonda Qashqadaryo viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi, Qarshi shahar xalq taʼlimi boʻlimi rahbariyati, umumtaʼlim maktablari direktorlari hamda konsert dasturi tashkilotchilari shaxsiy manfaatlarini koʻzlab pedagog-xodimlarni majburiy ravishda konsertga jalb qilganliklari aniqlandi.

Jumladan, Qarshi shahri XTB tasarrufidagi 23-sonli umumtaʼlim maktabi direktori v.v.b. R.N va 19-sonli umumtaʼlim maktabi direktori S.A 35 000 soʻmlik har bir chipta sotuvidan 5000 soʻmdan oʻzlariga qolishi borasida konsert tashkilotchisi bilan oʻzaro kelishgan. Soʻngra 100 dona konsert chiptasini oʻqituvchilarga majburan sotishgan.

Huquqiy-nazorat xizmati xodimlarining aralashuvidan soʻng maktab direktorlari shu kungacha oʻqituvchilarga sotilgan konsert chiptalari pullarini qaytarib berishgan.

Yuqorida qayd etilgan holatlar yuzasidan Qarshi shahar XTB mudiri oʻrinbosari R.Jga hayfsan intizomiy jazo chorasi berildi. 23-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori v.v.b. R.N egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 19-umumtaʼlim maktabi direktori S.A. joriy yilning 8 mayidan buyon sogʻligʻi yaxshi emasligi tufayli davolanayotgani bois unga nisbatan intizomiy jazo chorasi koʻrish keyinga qoldirilgan.

Hozirda Qashqadaryo viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari B.U. va Qarshi shahar xalq taʼlimi boʻlimi mudiri B.E.ga intizomiy jazo berish masalasi koʻrilmoqda.

Hurmatli pedagoglar! Siz faoliyat yuritayotgan taʼlim muassasasida ham shu kabi holatlar yuzaga kelsa, Xalq taʼlimi vazirligining “Ustoz ovozi” virtual inspektor tizimining telegram boti yoki +99899 988 10 06 raqami orqali murojaat qilishingiz mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?