Konsert-tomosha tadbiriga bir martalik ruxsatnoma berish uchun undiriladigan yigʻim bekor qilinadi

13:37 27 May 2020 Hujjatlar
444 0

“Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident Farmoni (PF–6000-son, 26.05.2020-y.) qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, 2021-yil 1-yanvardan boshlab:

konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash, litsenziatlarning davlat reyestrini yuritish, ularning faoliyati va erishgan natijalari haqidagi axborotlarni kiritib borish Konsert-tomosha faoliyati ishtirokchilarining yagona onlayn portali orqali amalga oshiriladi;

konsert-tomosha tadbiriga bir martalik ruxsatnoma berish uchun undiriladigan yigʻim bekor qilinadi;

davlat organlari va tashkilotlarining tashabbuslari bilan oʻtkaziladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlari har yili tasdiqlanadigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining kalendar rejalari asosida oʻtkaziladi;

Prezident, Hukumat va hokimning davlat tadbirlarini oʻtkazishni nazarda tutuvchi qarorlarida ushbu tadbirlarni tashkil etish boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar buyurtmachilari va moliyalashtirish manbalari koʻrsatiladi;

davlat organlari tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarda konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar xizmat koʻrsatganda yozma va haq evaziga shartnoma tuziladi (konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi davlat muassasalari xodimlari bilan tuziladigan mehnat shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bundan mustasno).

Tadbirlarga ijodkorlarni jamoatchilik asosida jalb qilishga yoʻl qoʻyilmaydi

Farmonga muvofiq, Madaniyat vazirligi va boshqa davlat organlari tomonidan davlat tadbirlari va boshqa tadbirlarga ijodkorlar va ijrochilarning jamoatchilik asosida jalb qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

2020/2021 oʻquv yilidan boshlab notalar toʻplamlari va maxsus musiqiy adabiyotlar Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan chop etiladi va ular taʼlim muassasalariga toʻliq yetkaziladi.

2020-yil 1-sentyabrdan davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda toʻliq jonli ijro asosida oʻtkazilgan konsert dasturlari uchun ijara toʻlovidan 50 foiz chegirma berish tartibi joriy etiladi.

Sanʼatkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi tashkil etiladi

Farmonga muvofiq, Sanʼatkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi tashkil etiladi.

Palata mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaradigan tashkilot hisoblanadi.

Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaradigan tashkilotlar huquq egalari tomonidan berilgan vakolat doirasida daʼvo bilan sudga murojaat qilganda davlat bojini toʻlash muddati kechiktirilib, keyinchalik bu boj aybdor tarafdan undiriladi.

Madaniyat vazirligi tomonidan xarid qilingan, ommaviy ijroga moʻljallangan dramatik, musiqali va musiqali-dramatik asarlarni 2020-yil 1-sentyabrdan boshlab xususiy teatrlarda ham sahnalashtirish va ijro etishga ruxsat beriladi.

Farmon bilan Respublika qoʻgʻirchoq teatriga Oʻzbek Milliy qoʻgʻirchoq teatri nomi berildi.

Koʻchma sirk tomoshalari uchun ruxsatnoma olish talab etilmaydi

Farmonga koʻra, “Oʻzbek davlat sirki” davlat muassasasining bino va inshootlari rekonstruksiya qilinadi.

2020-2021-yillar davomida har bir hududda koʻchma sirklar (shapito, dorbozlar guruhlari) hamda hayvonot bogʻlari tashkil etiladi.

2020-yil 1-sentyabrdan boshlab:

  • koʻchma sirklar tomonidan oʻtkaziladigan tomosha tadbirlariga ommaviy tadbir oʻtkazish uchun ruxsatnoma va ruxsat berish xususiyatiga ega boshqa hujjatlarni olish talab etilmaydi, bunda tadbir tashkilotchilari uni oʻtkazish joyi va vaqti toʻgʻrisida ichki ishlar organlarini kamida 10 kun oldin yozma ravishda xabardor qiladi;
  • ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar vazirligi organlari mazkur tomosha tadbirlarida jamoat tartibi va yongʻin xavfsizligini toʻlov undirilmagan holda taʼminlaydi;
  • davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi madaniyat va istirohat bogʻlari, sport inshootlari, sayilgohlar va boshqa ochiq hududlarda koʻchma sirklar tomonidan tomosha tadbirlari oʻtkazish uchun ijara va boshqa turdagi toʻlovlar undirilmaydi;
  • oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarning nomoddiy madaniy meros obyektlarini (dorboz, askiya, lapar) asrash va ulardan foydalanish boʻyicha faoliyatidan olingan daromadlariga soliq solinmaydi.

15-aprel “Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sanʼat xodimlari kuni” deb eʼlon qilindi

Farmon bilan quyidagilar tashkil etildi:

  • maqom ijrochiligi, baxshichilik va katta ashula yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy maktabi muassasasi – Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼat instituti;
  • davlat muassasasi shaklidagi Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti;
  • Madaniyat vazirligi tizimida Respublika musiqa va sanʼat kolleji tashkil etildi.

Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan estrada va sirk maktabi Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk kolleji etib qayta tashkil etildi.

V.Uspenskiy va R.Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseylari maktab-internatlar uchun belgilangan imtiyozlarni tatbiq etgan holda tegishlicha V.Uspenskiy va R.Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktablariga aylantirildi.

2020-yil sentyabr oyidan boshlab davlat muzeylarida har oyning birinchi yakshanbasi “ochiq eshiklar kuni” deb eʼlon qilindi.

“Ochiq eshiklar kuni”da fuqarolar davlat muzeylariga bepul kiritiladi.

2020-2025-yillar davomida bosqichma-bosqich har bir tuman va shaharda tarix va madaniyat davlat muzeylarining filiallari shaklida oʻlkashunoslik muzeylari tashkil etiladi.

Farmon bilan 15-aprel “Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sanʼat xodimlari kuni” deb eʼlon qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?