Konsert faoliyatini litsenziyalash mumtoz musiqa rivojlanishiga katta toʻsiq boʻladi – ekspert

10:19 30 Iyul 2020 Jamiyat
259 0

"Шашмақом Фестивaли"дан лавҳа - 2018 йил

Avvalroq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni loyihasi muhokama uchun eʼlon qilingani haqida xabar bergan edik.

Ushbu Farmon loyihasiga koʻra 2021-yil 1-yanvardan boshlab konsert-tomosha faoliyatiga litsenziya berish tartibini bekor qilgan holda konsert-tomosha faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik haqida xabarnoma taqdim etish tartibiga oʻtilishi mumkin. Xalqaro toifadagi madaniyat va sanʼat menejeri, dunyo musiqasi boʻyicha xalqaro ekspert Husniddin ATO farmon loyihasi boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi.

"Ushbu qaror loyihasida keltirilgan konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalashni bekor qilgan holda faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik haqida xabarnoma berish tartibini qoʻllab quvvatlayman. Aslida bu ish allaqachon amalga oshishi lozim edi. Rivojlangan hamda madaniyati mustahkam hech bir davlatda bunday amaliyot mavjud emas. Konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash tartibi faqat barmoq bilan sanarli davlatlarda mavjud boʻlib bu ijodni, ijodiy erkinlikni va ijodni namoyish etishni cheklash, jilovlash, boʻgʻish deganidir.

Konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash ayniqsa nomoddiy madaniy meros rivoji va targʻiboti, milliy cholgʻu ijrochiligi, hamda, professional konsertlar tashkil etilishida juda katta toʻsiq boʻlib, mahoratli, xalqaro raqobatga mos xonanda va sozandalar, jamoalarning yetishib chiqishiga, kelajagiga bolta urmoqda.

Har bir davlatning oʻz musiqiy merosi mavjud boʻlib bu yoʻnalishda faoliyat olib boradigan shaxslar va xizmat koʻrsatuvchilarga davlat tomonidan imtiyozlar, imkoniyatlar berilishi lozim. Oʻzbekistonda ushbu yoʻnalishda ijod qilayotgan ijodkorlarning qonun doirasida mustaqil faoliyat olib borishlari uchun biror hujjatda huquq va erkinliklar keltirib oʻtilmaganligi sababli ham asosan estrada yoʻnalishidagi konsert faoliyati uchun ishlab chiqilgan qoidalarga roʻpara boʻlishlariga toʻgʻri kelmoqda. Bu esa oʻz navbatida sekin kechayotgan anʼanaviy, xalq musiqasi va milliy raqslar targʻibotni va yoʻqolib borayotgan meroslarimizni saqlab qolinish va kelajak avlodga yetkazishda toʻsqinlik qilyapti.

Bir oʻylab koʻraylik, Oʻzbekistondagi musiqa siyosati borasida hech tahlil va tanqid eshitganmizmi? Shou-biznes vakillari axloqi va yurish-turishi, kiyinishlari haqidagilaridan tashqari, albatta.

Misol uchun quyidagi savollarga javob izlab koʻraylik:

  • Mumtoz musiqani yoʻnalishidagi konsert dasturlarini qayerda tinglash mumkin?
  • Shashmaqom turkumi, hamda, Katta ashula yoʻnalishidagi konsert dasturlarini-chi?
  • Toshkentda bir oyda/yilda necha bor mumtoz/shashmaqom/xalq musiqasi asosidagi konsertlar boʻlib oʻtadi? Estrada yoʻnalishida-chi?
  • Siz nechta estrada va nechta anʼanaviy yoʻnalishda ijod qilayotgan xonanda va sozandani sanay olasiz va ularni oxirgi konsertlari qachon, qayerda va necha kun davom etgan?
  • Anʼanaviy yoʻlda ijod qilayotgan qaysi sozandalarni bilasiz va ular qanday cholgʻularda ijro etishadi?
  • Oʻzbekiston Konservatoriyasini anʼanaviy ijrochilik boʻlimini bitirayotgan talabalarning necha foizi aynan shu yoʻnalishida ijod qilishyapti?
  • Mazkur boʻlimni bitirayotgan talabalar bugungi kunda Shashmaqom turkumidagi yirik asarlarni qayerlarda ijro etishyapti?

Bu arzimas savollar xolos. Ushbu savollarga beradigan javoblarga yana bir qancha qarama-qarshi savollar berishga ham tayyorman.

Anʼanaviy yoʻlda ijod qilayotgan, hattoki nomdor Xalq artistlarimiz va hofizlarimizni birorta ham konsertlarini uchratmasligimizning sababi ham aynan shu – litsenziya.

Shuningdek, har bir sozanda va xonanda professional konsertlar berishi, hech boʻlmasa xarajatlarini qoplanishiga haqli va u shu orqaligina oʻz professional sanʼatini rivojlantira oladi. Aks holda faqatgina toʻy-hashamlar ularning asosiy daromad manbai boʻlib yakkaxon konsertlar berish ularni qiziqtirmaydi.

Aslida milliy musiqamiz, maqomlarimiz, milliy cholgʻularimiz ishtirokida tashkil etadigan konsert dasturlari tashkillashtirilayotgan jismoniy va yuridik shaxslarni nafaqat litsenziyalardan ozod etish, balki hunarmandchilikka berilgani kabi imtiyozlar berilishi, respublika boʻylab konsertlar tashkillashtirishda hukumat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimi joriy etilishi lozim. Afsuski, konsert faoliyati borasidagi qaror va hujjatlarda milliy cholgʻular, maqomlar va xalq musiqa merosi anʼanalari asosidagi konsertlar borasida hech qanday satr keltirilmagan boʻlib, ushbu yoʻnalishdagi faoliyat turi bevosita estrada qoʻshiqchiligi uchun qoʻyiladigan talablar bilan bir xilda oʻrnatilgan. Axir bu nomoddiy madaniy merosga, milliy anʼanalarga nisbatan adolatsizlik emasmi?!

Misol uchun biz oʻtgan 2016-2018-yillarda xorij sahnalarida Oʻzbekiston mumtoz va xalq musiqa merosi, milliy raqslarini targʻiboti oʻlaroq 140dan ortiq konsert, chiqishlar, mahorat darslari tashkillashtirishga muvaffaq boʻldik. COVID-19 sababli 2020-yildagi yana 40ga yaqin xorijiy konsertlar bekor qilindi. Lekin, afsuski Oʻzbekistonning oʻzida bunday konsertlar tashkillashtirishning umuman imkoni mavjud emas. Sababi bu yerda konsert faoliyati uchun maxsus ruxsatnoma talab etilishi, munosib konsert zallarning mavjud emasligi, mavjud zallar uchun ijara toʻlovlari, sozanda va xonandalarga toʻlovlar, auditoriyaning kamayib ketganligi, chipta narxining pastligi va boshqa xarajatlar konsertlar tashkillashtirishga va bundan daromad qilish u yoqda tursin, xarajatini qoplashga imkon bermaydi.

Mumtoz, anʼanaviy, xalq musiqa merosi shunchaki musiqa merosi emas, u bitmas-tuganmas tarbiya vositasidir. Musiqiy tarbiya birdaniga oʻz mevasini bermaydi. Uning natijasini 20-30-40 yillar oʻtib sezishimiz mumkin.

Muammolarning eng kattasi shundaki boy va turfa xil musiqa merosga ega boʻlishimizga qaramasdan estrada yoʻnalishidagi konsert dasturlaridan farqli oʻlaroq, milliy, anʼanaviy, mumtoz kuy va qoʻshiqlarimiz, milliy cholgʻularimiz asosidagi jonli ijrodagi maxsus konsert dasturlari juda oz tashkillashtirilayotganligini, tashkillashtirilsa ham faqat davlat dasturi, asosida, davlat tasarrufidagi jamoalar asosida tashkillashtirilayotganligini guvohi boʻlishimiz mumkin. Hattoki, milliy musiqa merosimiz durdonasi boʻlgan “Shashmaqom”, va Katta ashula anʼanasi YUNESKO xalqaro tashkiloti tomonidan “Butunjahon ogʻzaki va nomoddiy madaniy merosi” roʻyxatiga kiritilganiga qaramasdan, yurtimizda “Shashmaqom”, mumtoz musiqa, katta ashula, yoki dostonchilik kechalariga guvoh boʻlishning imkoni yoʻq (shu yoʻnalishda faoliyat olib borayotgan oliy va oʻrta-maxsus taʼlim muassasalarida tashkillashtirib borilayotgan kechalar va dasturlar bundan mustasno). Qolaversa, Oʻzbekistonda “Shashmaqom” musiqa merosi bilan bir qatorda yashab kelayotgan Fargʻona-Toshkent maqom yoʻllari va Xorazm maqomlari kabi durdona milliy musiqa meroslarimiz ham mavjud.

Shunday ekan mumtoz musiqa merosimiz, nomoddiy maʼnaviy boyligimiz hisoblanadigan maqomlarimiz, xalq musiqa merosimiz, dostonlarimiz va milliy cholgʻularimiz ijrochilari hamda milliy musiqa asosida konsertlar tashkillashtiruvchi jismoniy va yuridik shaxslar litsenziyalar va soliqlar borasida alohida imkoniyatlar va imtiyozlarga ega boʻlishga toʻlaqonli haqlidir.

Agarda men hozir litsenziya faqat milliy mumtoz musiqa uchun bekor qilinishi kerak deydigan boʻlsam ertaga kichik maqomlarni, xalq qoʻshiqlarini aytib chiqib ham litsenziyasiz ijro etmoqchi boʻlganlar chiqadi. Va bunday holat fonogramma borasidagi tajribada kuzatilgan. Qolaversa sizlar kaygʻurayotgan masalalarni litsenziyasiz ham izga solsa boʻladi.

Litsenziyalash tartibini qoldirishni qoʻllab-quvvatlaydiganlarning izohlariga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, ularning katta qismini goʻyoki litsenziya bekor boʻladigan boʻlsa butun mamlakat maʼnaviy tanazzulga yoʻl tutadigandek. Balki maʼnaviy tanazzul aynan anʼanaviy va xalq musiqa merosiga asoslangan, umuman, professional musiqachilar konsertlarning mavjud emasligi sababli yuzaga kelar?! Sizlar ham sal kengroq oʻylanglar!

Litsenziyaning qolishini yoʻqlayotganlarga javoban aytgan boʻlardimki, sizlar xotirjam boʻlinglar, aynan oliy maʼlumotli xonanda va sozandalar uchun juda yaxshi boʻladi. Ijod sohasida shuncha yil taʼlim olib nega yana oʻz faoliyatini, ijodini davom ettirish uchun ruxsatnoma olishi kerak? Yoki Konservatoriya, Sanʼat va Madaniyat instituti, Oliy raqs maktabining bergan bilimi va sifatiga shubha qilasizlarmi? Qolaversa ushbu sohada mustahkam taʼlim olgan mutaxassis oʻz qadrini biladi, professional va mazmunli dastur tanlashga haqli. Sahnada qanday kiyinish va oʻzini qanday tutishi borasida ham hech qanday savol boʻlishi mumkin emas. Sahna zoʻrniki, agarda oliygohni bitirib ham mahoratli sozanda yo xonanda boʻlolmasa (va bu amaliyotda mavjud) hech qanday litsenziya uning mahoratiga mahorat qoʻshib qoʻya olmaydi. Yetarlicha mahorati boʻlmasa, hech qursa menga oʻxshab menejer, targʻibotchi boʻlar. Toʻgʻri, bugungi kunda targʻibotchi boʻlib roʻzgʻor tebratolmaydi, umid qilamizki yaqin yillarda hech boʻlmasa loyihalari xarajatlari qoplanadigan sharoitga kelib qolarmiz. Juda boʻlmasa oliygohlarni bitirganlarning qanchadan-qanchasi boshqa sohalarda faoliyat yuritishmoqda.

Litsenziya bekor qilinib har bir xizmat uchun tuzilgan shartnoma asosida soliq toʻlanadigan boʻlsa davlat gʻaznasiga koʻproq daromad tushadi. Istagan matematik va soliqchi buni hisoblab chiqishi mumkin. Shu bilan birgalikda xonanda va sozandalar ham faqatgina qilgan xizmatlari uchun shartnoma qilishlari, xizmatlari yoʻq mahal litsenziya uchun toʻlagan pullari kuyib qolishdan tashvishlanmasalar ham boʻladi. Xonandalarning toʻy-hashamlardagi xatti-harakatlari, kiyinishlari, va repertuarlarini bemalol shartnomada keltirgan holda buyurtmachi belgilashi mumkin. TV va radiolarning esa oʻzlarining tajribali badiiy muharrirlari yetarli. Xullas, imkoniyatlaringiz faqat litsenziyaga bogʻlanib qolmagan.

Aslida kim qanday taklif berishi oʻz ixtiyorida, lekin sizning taklifingiz nomoddiy madaniy meros targʻiboti, ijrochilari va konsert tomosha faoliyatiga, anʼanaviy va xalq musiqa merosi yoʻnalishida ijod qilayotgan har bir sozanda va xonandalarning mustaqil konsertlar berib, daromad qilishlari zarracha toʻsqinlik qilishi kerak emas.

Oliygohlarda yetishib chiqayotgan yoshlarning katta qismi turli taʼlim muassasalari, oʻrta maxsus bilim yurtlari va davlat tashkilotlarida faoliyat yuritmoqda.

Maʼlumki, barcha davlat muassasalari ham oliygohlarni tamomlayotgan mutaxassislarni ish bilan taʼminlashga qodir emas. Shunday ekan mustaqil badiiy jamoalar, ansambllar tashkil etilishi, soha mutaxassislari oʻz yoʻnalishlarida ijodni davom ettirishlari, Oʻzbekistonda va xorijda yakkaxon va jamoaviy konsert dasturlari berishlariga boʻlgan ehtiyojni yuzaga keltiradi.

Afsuski, konsert tashkilotchiligi bilan bogʻliq mavjud talablar ushbu professional mutaxassislarning mustaqil oʻz konsert dasturlarini tashkillashtirishga yoʻl qoʻymaydi va bu oliy maʼlumotli xonanda va sozandalarning (xonanda, naychi, tanburchi, saksofonchi, gitarachi, doirachi, raqqosa...) birortasini yakkaxon konsertini na poytaxtda va na viloyatlar markazlarida uchratishimiz mumkin boʻlmayapti.

Litsenziyaning bekor qilinib xabardor qilish tarziga oʻtkazilishi milliy cholgʻularimizning mahoratli ijrochilarining individual boʻlib shakllanishlariga, oʻz ustilarida jiddiy shugʻullanishlariga, mumtoz yoʻnalishda ijod qilayotgan sozanda va guruhlarning konsertlarini koʻproq tashkillashtirilishiga, chekka viloyatlarimiz musiqiy anʼanalarini va musiqachilarini ham rivojlanishlariga yoʻl ochadi.

Biz oʻzimizning mavjud xalqaro tajribamizdan foydalangan holda asta-sekinlik bilan mahalliy aholimizga, xorijlik mehmonlar va mutaxassislarga anʼanaviy va xalq musiqa merosimiz namunalarini sifatli va zamonaviy uslubda yetkazish borasida imkonimiz yetguncha harakat qilyapmiz. “Mumtoz musiqa oqshomi”, “Shashmaqom festivali”, “Doston kechasi” loyihalari shular jumlasidandir. Ming afsuski, amalga oshirayotgan konsertlarimiz, musiqa va doston kechalarimizdan daromad olish u yoqda tursin, hatto birortasini xarajatini qoplolmaganmiz. Unda ishtirok etgan sozanda va xonandalar ham oʻz sohasi fidoyisi boʻlgani uchun ham “labbay” deb ishtirok etib kelishmoqda.

Agarda konsert faoliyat bilan faqat puli, homiysi bor tadbirkorlargina yoki asosan moddiy daromad olish maqsadidagilar shugʻullanar ekan, asl anʼanalar hech qachon rivojlanmaydi va estrada sanʼati tarozining ikkinchi pallasini bosib turaveradi.

Anʼanaviy va xalq musiqasi merosi shinavandalari har qachon ham estrada sanʼati muxlislariga qaraganda juda ozchilikni tashkil qilgan. Hatto buni taqqoslashga ham odam uyaladi.

Balki biz umuman maqomlarimiz, anʼanaviy musiqa merosimiz, xalq ijodiyoti namunalari, milliy cholgʻularimizni saqlab qolish va rivojlantirib kelajak avlodga yetkazish haqida umuman bosh qotirishimiz va bunga vaqt sarflashimiz shart emasdir?! Agar shunday ekan ushbu nomoddiy madaniy meroslarimizni YUNESKO kabi xalqaro tashkilotlar roʻyxatiga kirishidan nima foyda? Va ushbu anʼanalarimiz “mavjudligi” haqidagi gʻururlanishdan ham nima naf?!

Ushbu fikrlarni 5 yil musiqa maktabi, 4 yil sanʼat bilim yurti, Konservatoriyaning bakalavr va magistratura bosqichlarini tamomlagan va 2002-yildan buyon anʼanaviy va xalq musiqa merosini ham Oʻzbekistonda ham xorijda targʻib qilib kelayotgan sanoqli mutaxassislardan biri sifatida bildirmoqdaman.

Va ushbu soha boʻyicha har qanday bahs va muzokaralarga, hamkorlikka tayyorligimni bildiraman", deydi ekspert.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?