Koʻngildan koʻkarar koʻklam kurtagi (Badia)

09:52 01 Mart 2019 Madaniyat
628 0

Nega inson oʻz umrini bahor bilan oʻlchaydi? Nechun hayotimning falon kuzi demaydi? Ayt-chi, bahor yo Sen bilan boshlanganmi, yashash ibtidosi? Yo Sen bilan bezaklimi, umr oʻlchovi?

Koʻklam asli nimadan boshlanadi?

Quyoshning tobora shimolga ogʻishidanmi, yo boychechakdanmi? Yoxud qurbaqaning qurillashidan,yo boʻlmasa qaldirgʻoch tashrifidanmi?

Ehtimol, bu sogʻintiruvchi faslning debochasi uzoq togʻ choʻqqqilaridagi muzdan uzilgan ilk tomchidan,yo momoqaymoqning zarrin ranglaridanmikan?

Balki, shoshqaloq bodom gullaridandir?

Yo boʻlmasa, uning ilk elchilari oʻyinqaroq bolakaylarning uchirgan varraklarimikan?

Bahordan andoza olgan iroqi doʻppilar va tolpopuklarmi, yo koʻklam mujdalari?

Ehtimol, oftobroʻyoga oshiqqan onaxonning oʻrik guliga tikilgan nigohlariga, balki “Omonlik,omonlik, hech koʻrmaylik yomonlik” deya sumalak totiyotgan otaxonlar nasibasidandir, bu sehrli fasl ibtidosi?

Assalom, Koʻklam! Sen qanday va nimadan boshlanma, nafasingni eng avval koʻngil sezadi, entikadi, toʻlqinlanadi va senga peshvoz chiqadi. Sen yaydoq yeru yalangʻoch shoxlarni yana yashil liboslarga burkaganingdek.koʻngillar ham yangi tuygʻular bilan toʻladi. Holbuki,bu tuygʻular yosh tanlamaydi. Senga barcha birdek oshiq boʻladi. Bu jamiki koʻngillarda tugʻilgan muhabbat faqat senga atalgan. Sengagina xosdir. Sen qaydan bilasan, oʻrik guliga oshufta onaxon qalbiga ham oʻn sakkiz yoshli bahori qaytgandir, otaxonning xotirasida esa qir-adirda nasiming alvon durrasini hilpiratgan maʼshuqasi chopqillayotgandir. Sen shunday sehrlisanki, har qalbni ishgʻol qilasan, har koʻngilda gʻalayon uygʻotasan. Tabiat bilan uygʻun va bir vaqtda koʻngil bahorini ham armugʻon etasan.

Nega inson oʻz umrini bahor bilan oʻlchaydi? Nechun hayotimning falon kuzi demaydi?

Ayt-chi bahor, yo sen bilan boshlanarmi,yashash ibtidosi? Yo sen bilan bezaklimi umr oʻlchovi?

Saksoninchi bahorini qarshilayotgan onaxon va oʻn sakkiz yoshli oypari qizning senga qadalgan nigohlarida nechuk bir maʼno? Ey yashartiruvchi fasl, nechun senga toʻymaydi inson? Har tashrifing betakrormi, yo ? Axir, yuz yil burun ochilgan lolang bugun hamon oʻsha-oʻsha : alvon rangda-ku. Yugurik jilgʻalaring-da,yulduzdek sochilgan chuchmomolaring,bir kechada chaman boʻlgʻusi olchazorlaring- bari hamon oʻsha-oʻsha – Sening azaliy manzaralaring-ku?! Yo har bahor umr bahori, koʻngil bahorimi? Shundanmikin, mening falon bahorim, degan umr oʻlchovi?!. Ehtimol, shudir sening yozdan-da, kuzdan-da, qishdan-da suyukliliging, inson va tabiat oldidagi bebaholiging.

Assalom, bahor! Sen rizq-roʻz dasturxonining yozguvchisidirsan, Sendan boshlanadi, rizqu nasibamiz fayzu barakasi. Samo karnaychisi- momaqaldiroqlarning guldurosida, beqaror bulutlarning sayrida, har yozilgan yaprogʻu gullagan shoxlaringda- sening har koʻrinishingda nozu-neʼmat, xirmon-xirmon hosil maqsadi mujassam. Hatto koʻrimsiz yantoqning koʻkarishida ham chorvaning rizqi bor. Chorvada esa inson nasibasi.

Nega inson Sen bilan ota-onasini sogʻingandek, yorini kutgandek diydorlashadi?

Sen kelganda nechun har bilakda oʻzgacha quvvat, har yurakda yangi orzu-maqsad paydo boʻladi?

Sirli sumalak tegrasida vojib boʻlgʻusi mehr-oqibat yuksakligining biror qiyosi bormikan? Saxovat qadriyatlari qoʻshib tugilgan koʻk somsalaring-chi?

Koinotning buzilmas qonuniyatlari asosida qaror topgan Navroʻzingdan aylanay, Sening ! Kun va tun barobarligi, tabiat uygʻonishi, yorugʻlik- bularning barida buyuk bir hikmat bor. Ming-ming yillar muqaddam belgilangan bu sana hozirgi zamon munajjimlari uchun qadim sharq donishmandligidan ulugʻ bir namunadir. Boy moziyga aniq ishoradir.

Assalom, Navroʻz!

Sening bu galgi tashrifingga ham sogʻinchdan poyondozlar toʻshadik, koʻngillar begʻuborligini xonadonlarimiz, koʻchalarimiz, mahallalarimiz. shaharu qishloqlarimizga ham koʻchirdik. Tomirlari allaqachon zamin bilan tillashayotgan ming-minglab nigohlarimizga oʻzing ona boʻl, Navroʻz!

Mana, qator-qator dalalar : kaftdek tekis, pahlavondek baquvvat. Uning oʻrtasida qoʻlini chakkasiga qoʻygan inson esa- Bobodehqon. Bilasan,seni eng orziqib kutgan bani-bashar vakili oʻsha. U seni qadim qadrdonini kutgandek kutadi, issiq taftingni tuprogʻidan sezadi.

Sening bu galgi tashrifing Yurtim -Oʻzbekiston uchun yanada yuksalish bahori hamdir.Bahor va Yuksalish. Har ikkisida ham bir maqsad mujassam: koʻklam tabiatga komillik baxsh etsa, taraqqiyot-yuksalish inson hayotini bahor kabi yashnatguvchidir.

Hush kelding, koʻngillarda yaratuvchilik, yurt ravnaqi yoʻlidagi gʻayratimiz-shijoatimizga yanada koʻtarinki ruh, yuksak niyatlarimiz ijobatiga ostona boʻlguvchi -Yuksalish bahori!

Ahmadali SHЕRNAZAROV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?