Kollej zamonaviy kasb-hunarga oʻrgatish markaziga aylantirildi. Mutaxassislikni egallash uchun 3 oy oʻqish kifoya

13:19 11 Sentyabr 2020 Jamiyat
153 0

Yangilanayotgan Oʻzbekiston sharoitida son ketidan quvishdek zararli odatlardan voz kechilyapti. Masalan, yaqin-yaqinlarda ham “Kollejni faloncha oʻquvchi bitirib, ular uch tomonlama shartnoma asosida ishga joylashtirildi” qabilidagi, haqiqatga u qadar toʻgʻri kelavermaydigan hisobotlar eʼlon qilinardi. Endi bunday vaziyatlar oʻtmish xatosi sifatida tan olinmoqda. Taʼlimda samarasi seziladigan, odamlar uchun nafi tegadigan yoʻnalishlar tanlanmoqda. Bunga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kambagʻal va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga oʻqitishga qaratilgan hamda aholi bandligini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida faoliyatini boshlagan Toʻraqoʻrgʻon kasb-hunarga oʻqitish markazi ham misol boʻla oladi.

Shahand qishlogʻida faoliyat koʻrsatib kelayotgan kasb-hunar kolleji negizida joriy etilgan mazkur muassasada Namangan viloyatining 6 ta tumanidagi aholi vakillari 15 ta yoʻnalishdagi kasb-hunarga 3 oy muddat davomida oʻqitiladi. Tikuvchilik, elektrpaydvandchi, elektromontyor, chilangar, qandolatchi-oshpaz, ayollar sartaroshligi, buxgalteriya, kompyuter operatori, V hamda V, S toifali haydovchi singari mutaxassisliklarga oʻrgatish barobarida limonchilik, asalarichilik, quyonchilik, parrandachilik, chorvachilik, pillachilik, baliqchilik boʻyicha ham bilimlar beriladi. Shuningdek kelgusida alyuminiy profilli eshik va romlar hamda metallga ishlov beruvchi ustalar yetishtirish koʻzda tutilgan.

Kollejdan meros sifatida qolgan bino, inshootlar, avtomobil, stol-stul va boshqa moddiy resurslariga ega markazni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 1 milliard 244 million soʻmlik jihozlar bilan taʼminlash rejalashtirilgan. Hozirgacha 250 million soʻmlikdan ziyod turli jihozlar keltirildi. Bundan tashqari, 450 million soʻm mablagʻ sarflanib, muassasa joriy taʼmirdan chiqarildi. Agrobiznes doirasidagi oʻquv modellari uchun 7 ta xona sohaga oid koʻrgazmali vositalar bilan taʼminlandi.

— Kollejdan farqli tomoni, oʻquv markazimizda tinglovchilarga faqat tanlagan sohalari boʻyichagina bilim beriladi va koʻproq amaliy mashgʻulotlar oʻtkaziladi, - deydi muassasa direktori Murodilla Ibrohimov. - Maqsad qisqa muddatda yuqori malakali mutaxassislar yetishtirish boʻlgach, asosiy eʼtibor kasb-hunarni puxta oʻzlashtirishga qaratilgani maʼqulda.

Direktorning aytishicha, bu jarayon faqat nazariy bilimga ega oʻqituvchilar orqali emas, balki, ishlab chiqarishda uzoq yillar samarali faoliyat koʻrsatgan, oʻz kasbining ustasiga aylangan haqiqiy mutaxassislar yordamida amalga oshiriladi. Aksariyat kasb-hunarni oʻrgatish uchun aslida oʻquv markazi chegarasidan chiqish shart emas. Masalan, limonchilik boʻyicha amaliy mashgʻulotlarni shu yerning oʻzidagi issiqxonada, oshpazlik, qandolatchilik boʻyicha amaliyotni esa muassasadagi barcha imkoniyatlar yaratilgan oshxonada tashkillashtirish mumkin. Qolaversa, avtohavaskorlar tomonidan beriladigan “Mashinaning ichki detallari nimalardan iborat?”, “Uni qanday boshqarish kerak?”, “Nosozlik yuzaga kelsa, qanday qilib bartaraf etish mumkin?”, degan savollarga javob topish ham muammo emas. Sababi, markazda texnika vositalari yetarlicha va xohlagan paytda nazariyadan amaliy jarayonga oʻtish imkoniyati mavjud.

Yana bir eʼtiborli tarafi, mashgʻulotlar haftada 5 kun tashkil etiladigan mazkur oʻquv markazida oʻqish bepul, tinglovchilarning yoshi esa chegaralanmagan. “Temir daftar”da turadigan oilalarning farzandlariga, hattoki, mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori (223 ming soʻm) darajasida stipendiya ham beriladi.

Eng muhimi, oʻrgatiladigan hunarlar “yuqori”dan belgilab qoʻyilmaydi. Aksincha, muassasa rahbariyati bozor iqtisodiyoti sharoitida qaysi kasb-hunarga ehtiyoj koʻpligini nazarda tutgan holda yoʻnalish turini oʻzi mustaqil tanlaydi va oʻquvni tashkil etadi.

Ayni paytda 100 dan ziyod tinglovchilar 21 nafar oʻqituvchi tomonidan kasb-hunarga oʻrgatilayotgan muassasada oʻqishni tamomlaganlarga maxsus guvohnoma-sertifikat beriladi.

— Prezident qaroriga muvofiq bu hujjatning huquqiy maqomi kasb-hunar kollejini tamomlaganlarga berilgan diplomga tenglashtirildi, — deydi M. Ibrohimov.

Aytib oʻtish joiz, Toʻraqoʻrgʻon kasb-hunarga oʻqitish markazi viloyatdagi 2 ta markazning bittasi hisoblanadi. Ikkinchi shunday muassasa Uchqoʻrgʻonda faoliyat koʻrsatmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?