Kollej xorijga chiqib ketayotgan shaxslarni qisqa muddatda kasb-hunarga oʻqitish markaziga aylantiriladi

09:55 17 Sentyabr 2020 Jamiyat
151 0

Oʻz huquqini bilgan va qoʻlida kasbu kori boʻlgan kishi hech qachon hech qayerda xor boʻlmaydi. Agar u xorijda mehnat qilishni xohlasayu va shu davlatning tilini, madaniyatini, qonunlarini yaxshi bilsa nur ustiga aʼlo nur boʻlar edi.

Tan olish kerak, aksariyat yoshlarimiz qoʻshni davlatlarda mehnat qilmoqda. Ularning huquqlari va ijtimoiy holati har doim ham himoyalanmoqda, deya olmaymiz. Buning bir necha sabablari boʻlib, ulardan biri, yuqorida sanab oʻtilgan jihatlar bilan bogʻliq. Shunday ekan, balki, bu holatga barham berish vaqti kelgandir?

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi yangi loyihalarni amalga joriy etishga turtki boʻladi. Qaror ijrosini taʼminlash yuzasidan esa joylarda ibratli ishlar boshlab yuborildi. Misol uchun, Andijon shahrining “Bogʻishamol” dahasida joylashgan Andijon ijtimoiy iqtisodiyot va pedagogika kolleji kelgusida xorijga chiqib ketayotgan shaxslarni qisqa muddatda kasb-hunarga oʻqitish markaziga aylantiriladigan boʻldi.

— Besh yil mobaynida Rossiya davlatida mehnat qildim, — deydi Andijon shahrining A. Fitrat koʻchasida istiqomat qiluvchi Furqatbek Isroilov. – Eng katta xatoyim til bilmasligim boʻldi. Qolaversa, qoʻlimda tayinli hunarim boʻlmagani bois duch kelgan mayda-chuyda ishlarni bajarishimga toʻgʻri keldi. Daromadim ham shunga yarasha boʻldi. Bugun yaratilayotgan sharoitlar kelgusida xorijda mehnat qilishni ixtiyor etgan yurtdoshlarimiz uchun juda katta imkoniyat eshiklarini ochadi.

2021-yil 1-yanvardan boshlab bu yerda mehnat migratsiyasi yoʻli bilan xorijga chiqib ketayotgan shaxslarni ishga yuborishdan oldin majburiy tartibda kasb-hunarga oʻqitish tizimi joriy etiladi. Shuningdek, fuqaro oʻzi tanlagan davlatining qonunchiligi, migrantlar haq-huquqlari, tilini ham oʻzlashtirish imkoniga ega boʻladi.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?