“Koinotni oʻrganish boʻyicha Oʻzbekiston va Rossiya tomonidan rejalashtirilgan ishlar ikki davlatning bir-biriga yuksak ishonchidan dalolatdir”

18:59 25 Oktyabr 2018 Jamiyat
494 0

Yaqinda Toshkentda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston — Rossiya oliy darajadagi muzokaralarining natijalari xususida taniqli ekspertlar oʻz fikr-mulohazalarini bildirmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosati mintaqada mutlaqo yangicha muhit shakllanishiga xizmat qildi. Bu uning siyosiy tanlovi va tarixiy ahamiyatga ega xizmatidir, deydi Rossiya Maxsus mediametrik tadqiqotlar markazi eksperti Igor Nikolaychuk.

Yurtimizda va Markaziy Osiyoda ilk atom elektr stansiyasi qurilishi haqida toʻxtalar ekan, mutaxassis ushbu loyiha Oʻzbekistonda yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi tarmoqning yuzaga kelishiga koʻmaklashadi, deya fikr bildiradi. AES faqatgina yirik bir obyekt emas, balki koʻplab muhandis va ilmiy kadrlarni jalb qiladigan muhim strategik tanlovdir. Koinotni oʻrganish boʻyicha Oʻzbekiston va Rossiya tomonidan rejalashtirilgan ishlar, ekspertning soʻzlariga qaraganda, ikki davlatning bir-biriga yuksak ishonchidan dalolat beradi.

— Oʻzbekiston — ulkan imkoniyatlar mamlakati. Respublika rahbariyati zamonaviy ishlab chiqarish turlari va obyektlarini koʻpaytirishga jiddiy eʼtibor qaratayotir. Oʻzbekistonda sanoatlashuvning yangi bosqichi boshlandi, deyish mumkin. Ushbu jarayonda Rossiyaning ham ishtirok etishi har ikki davlat uchun birday manfaatlidir, — deya oʻz mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi Rossiya strategik tadqiqotlar instituti eksperti Dmitriy Aleksandrov.

Moskvada joylashgan Energetika va moliya instituti katta tadqiqotchisi Sergey Kondratyev aytib oʻtganidek, atom energetikasini rivojlantirish orqali Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi pozitsiyasini yanada mustahkamlaydi:

— AES qurilishi nafaqat iqtisodiy jihatdan, balki siyosiy tomondan ham muhim loyiha hisoblanadi. Birinchidan, Oʻzbekiston uchun bu nihoyatda katta manfaat keltiradi. Zero, atom elektr stansiyasi orqali mamlakat gazkimyo sohasidagi resurslarni tejash imkoniga ega boʻladi. Ikkinchidan, AES mintaqadagi oʻzaro hamkorlik tendensiyasining kuchayishiga koʻmaklashadi. Bundan tashqari, atom elektr stansiyasi butun mintaqaga foyda keltirib, uning yagona energetik makon sifatida shakllanishini taʼminlaydi.

Siyosatshunos Anton Kurilkin taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston rahbariyati doimo aniq kelishuvlarga erishishni maqsad qiladi va ularning bajarilishi ustidan qatʼiy nazoratni amalga oshiradi. Misol sifatida, Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil aprel oyida Rossiyaga davlat tashrifi chogʻida oʻzaro tovar ayriboshlash hajmini 5 milliardga yetkazish toʻgʻrisida muzokaralar yuritilgan edi. Joriy yilda ushbu koʻrsatkich besh emas, hatto olti milliard dollardan ortishi kutilmoqda. 2016 yil bilan solishtirganda tovar ayriboshlash hajmi deyarli uch barobar ortgani Oʻzbekistonning kelishuvlar ijrosiga qatʼiy eʼtibor qaratishidan dalolat beradi.

Iqtisodiy aloqalar mavzusini davom ettirar ekan, Lev Gumilev nomidagi markaz eksperti Aleksandr Razuvayev Oʻzbekiston tabiati va iqlimining oʻziyoq oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun katta omil ekanligiga urgʻu beradi. Uning fikricha, arzon va sifatli mahsulotlar orqali respublika tez surʼatlarda Rossiya bozorini egallab bormoqda.

— Tashrif doirasida boʻlib oʻtgan “Oʻzbekiston — Rossiya” birinchi hududlararo hamkorlik forumi kutilganidan ham yuqori darajada oʻtdi, — deydi “Osokins Consulting” konsalting va tahlil firmasi rahbari Roman Osokin. — Bunday tadbirlar respublikaning haqiqiy sarmoyaviy hamda savdo-iqtisodiy imkoniyatlari toʻgʻrisida batafsil va yaqqol maʼlumotlarni olish imkonini beradi.

Anvar MIRZAYEV (“Xalq soʻzi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?