Kogonlik Fayziyevlar oilasi “Temir daftar”dan qanday chiqadi?

12:27 28 Oktyabr 2020 Jamiyat
135 0

Kogon tumani “Choloki” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi Qasri Orifon qishlogʻida yashovchi Qosim Fayziyev xonadonidamiz. Bizni bu yerga oila boshligʻining arizasi emas, kamsuqumligi, kamtarligi, xokisorligi boshlab keldi.

— Nochor ahvoldaligiga qaramay, bu oila boriga shukr qilib yashayapti,— deydi hamrohimiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Kogon tuman Xalq qabulxonasi mudiri Said Mirzayev. — Ayrim oʻziga toʻq, ammo u yetishmayapti, bu yetishmayapti, deya turli idoralar ostonasidan beri kelmayotgan kishilarga oʻxshab boqimandalik qilayotgani yoʻq. Biz ham 1 – sektor mutasaddilari qatori bu oilaning nochor shart-sharoitda yashayotganini eshitib, hol-ahvol soʻragani keldik.

Qosimjon – tugʻma nogiron. Oqsab yuradi. Ammo rasman nogironlar roʻyxatida turmaydi. Binobarin, davlatdan nafaqa olmaydi. Lekin “Bilagimda kuchim bor ekan, ishlashim kerak”, degan aqida bilan yashayapti. Qurilishda baholi qudrat mehnat qilib, roʻzgʻor tebratyapti. Ikki norasida bolasi bor. Turmush oʻrtogʻi Nazira Tosheva boʻqoq degan kasallikka chalingan. Ogʻir mehnatga yaramaydi.Uyda.

Kambagʻalni tuyani ustida ham it qopadi.Fayziyevlar uchun yomgʻir yogʻishining oʻzi ham turgan-bitgan tashvish. Chunki tomdan chakki oʻtadi. Uy zax. Oshxonaga kirgan kishining rang-quti oʻchadi. Oʻzini oʻtgan asrning 50- yillariga tushib qolgandek his etadi.

— Muzlatgichimiz yoʻq edi, yozda juda qiynalardik, — deydi Nazira Tosheva. — Xolam muzlatgich berdilar. Eski boʻlsa – da kunimizga yarab turibdi.Oilamiz “Temir daftar”ga kiritilgan.Tuman hokimligi, Xalq qabulxonasi, mahallamiz rahbarlari yordam berishyapti. Ming karra rahmat!

—1-sektor rahbariyati va ishchi guruh xonadonning oilaviy sharoitini atroflicha oʻrgandi,— deydi tuman Xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi Ixtiyor Rajabov.— Natijada nafaqat uy tom qismini taʼmirlash, balki qoʻshimcha xona qurib berish fikriga kelindi. Zarur qurilish materiallari yetkazib berildi. Koʻrib turganingizdek, tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan olib borilayotgan qurilish ishlari poyoniga yetmoqda.Quruvchilar mahalla tomonidan issiq ovqat bilan taʼminlangan.Xonadonga mahalliy Kengash deputati un, yogʻ, 10 bosh tovuq hadya qildi.Oilaning moʻjazgina tomorqasida issiqxona barpo etish ham koʻzda tutilgan.

Maʼlumotlarga koʻra, mahallada 665 ta xonadon bor.42 ta oila “Temir daftar”ga kiritilgan. Shu oilalarning 6 tasiga issiqxona qurib berildi.8 nafar kishi ishga joylashtirildi. Bu boradagi ishlar davom etyapti. Asosiy maqsad mazkur xonadonlarni kambagʻallikdan xalos qilmoqdir.Zero, xalqimiz topib aytgan: Qoʻldan berganga qush toʻymas.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?