Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

02:32 06 Aprel 2019 Hujjatlar
1474 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Soʻnggi yillarda respublikamizda koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni roʻyxatdan oʻtkazish sohasidagi davlat xizmatlari sifatini yaxshilashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, ushbu sohadagi davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish ularning tezkorligi va foydalanish imkoniyatlarini oshirishni, davlat organlari faoliyatining shaffofligiga erishishni va xizmatlardan foydalanuvchilarga axborot xizmati koʻrsatishni yaxshilashni taqozo etmoqda.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol joriy etish, tegishli tizimlarni davlat organlarining elektron maʼlumotlar bazalariga integratsiya qilish koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonini soddalashtirishning asosiy ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi.

Koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini oshirish, koʻchmas mulkni sotishda ortiqcha tartib-taomillarni qisqartirish, geodeziya va yer kadastri sohasiga tadbirkorlik subyektlarini jalb etish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, shuningdek, 2017 — 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturidagi vazifalarni bajarishni taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Adliya vazirligi, Markaziy bank hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining:

davlat notarial idoralari tomonidan — koʻchmas mulkka oid bitimlarni tasdiqlash ishlarini amalga oshirishda, koʻchmas mulkning bir qismiga boʻlgan huquqlar vujudga kelgan, boshqa shaxsga oʻtgan, cheklangan (yuklangan) va bekor boʻlgan hollar bundan mustasno;

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan — “E-IJRO AUKSION” Yagona elektron savdo maydonchasida koʻchmas mulkni (davlat aktivlari qismida) auksion orqali sotishda;

rieltorlik tashkilotlari tomonidan — noturar koʻchmas mulk boʻyicha rieltorlik xizmatlarini koʻrsatishda;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktyabrdagi PQ-2639-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2017 — 2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etayotgan tijorat banklari (keyingi oʻrinlarda — tijorat banklari) tomonidan — qurilishi tugallangan uy-joyni rasmiylashtirishda “yagona darcha” tamoyili asosida Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reyestridan (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) koʻchirma berish tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Belgilansinki:

2019 yil 1 sentyabrdan boshlab notarial harakatlar asosida vujudga keladigan Toshkent shahrida joylashgan koʻchmas mulkka, 2020 yil 1 yanvardan boshlab esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda joylashgan koʻchmas mulkka nisbatan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar haqidagi maʼlumotlar Reyestrga faqat davlat notarial idorasining talabnomasiga asosan elektron shakldagi kadastr pasporti tayyorlanganidan keyin notariuslar tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda huquq egasini oʻzgartirish shaklida kiritiladi va bir vaqtning oʻzida Reyestrdan koʻchirma beriladi;

2020 yilning 1 yanvaridan boshlab uy-joyga mulk huquqini hamda qonun asosidagi ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun uy-joyni foydalanishga qabul qilib olish dalolatnomasi va boshqa zarur hujjatlar tijorat banklari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining tegishli tuman (shahar) filiallariga (keyingi oʻrinlarda — davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organlar) axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yuboriladi;

2020 yil 1 yanvardan boshlab koʻchmas mulk obyektini “E-IJRO AUKSION” Yagona elektron savdo maydonchasida auksion orqali sotish (davlat aktivlari qismida) va rieltorlik xizmatlari koʻrsatish natijasida vujudga keladigan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar tegishlicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va rieltorlik tashkilotlari tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organlarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yuboriladi;

Reyestrdan koʻchirma Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, rieltorlik tashkilotlari va tijorat banklari (keyingi oʻrinlarda — tashkilotlar) tomonidan mulkdorning xohishiga koʻra elektron va (yoki) qogʻoz shaklida koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlar va qonun asosidagi ipoteka davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin ushbu bandda nazarda tutilgan muddatlarda beriladi.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

a) tashkilotlarning maʼlumotlari asosida mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida ariza talab etilmaydi;

b) koʻchmas mulkka nisbatan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni, shuningdek, qonun asosidagi ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun tashkilotlar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan roʻyxatga olish yigʻimlari undiriladi va ular quyidagi tartibda taqsimlanadi:

10 foizi Adliya vazirligi yoki Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (koʻchmas mulkni “E-IJRO AUKSION” Yagona elektron savdo maydonchasida auksion orqali sotishda va rieltorlik xizmatlari koʻrsatishda) byudjetdan tashqari jamgʻarmalarining shaxsiy hisobvaraqlariga yoxud tijorat banklarning bank hisob raqamiga;

qolgan mablagʻlar davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organlarning bank hisob raqamiga oʻtkaziladi;

v) 2020 yil 1 yanvardan boshlab koʻchmas mulkning yangi egalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ularga boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin tegishlicha davlat notarial idoralari va davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organlar tomonidan kommunal xizmatlarning axborot tizimlariga avtomatik tarzda yuboriladi. Bunda kommunal xizmatlar koʻchmas mulkning yangi egalaridan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilishga haqli emas.

4. Quyidagilar:

koʻchmas mulkni begonalashtirishda davlat notarial idorasiga Reyestrga ulanish imkoniyatini bergan holda, unga bino va inshootlarning tarkibi va tegishliligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani taqdim etishni;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan koʻchmas mulk egalaridan davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatga roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning yozuvi (shtampi) qoʻyilishini talab qilishni;

2020 yil 1 yanvardan boshlab qurilgan uy-joyga mulk huquqini hamda qonun asosidagi ipotekani Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi organlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlash, shuningdek, bankka roʻyxatdan oʻtkazilgan uy-joyga nisbatan mulk huquqi toʻgʻrisidagi hujjat nusxasini va qonun asosidagi ipoteka davlat roʻyxatidan oʻtkazilgani toʻgʻrisidagi shtamp qoʻyilgan kredit shartnomasini taqdim etish boʻyicha qarz oluvchining majburiyatlarini nazarda tutuvchi tartib bekor qilinsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Savdo-sanoat palatasining 2020 yil 1 yanvardan boshlab tajriba-sinov tariqasida Toshkent viloyati va Toshkent shahrida koʻchmas mulk boʻyicha kadastr muhandisi (keyingi oʻrinlarda — kadastr muhandisi) institutini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. Kadastr muhandisi shartnoma asosida koʻchmas mulk obyektlarini xatlovdan oʻtkazadi (birlamchi kadastr hisobi bundan mustasno), ularning qavatma-qavat rejalarini tuzadi, texnik rejalarini rasmiylashtiradi, shuningdek, ularni texnik hisobga qoʻyadi. Kadastr muhandislariga nisbatan quyidagi talablar nazarda tutiladi:

geodeziya va yer kadastri boʻyicha oliy maʼlumotga ega yoki kadastr munosabatlari sohasida kasbiy qayta tayyorgarlik dasturi boʻyicha taʼlim olgan, shuningdek, tegishli malaka komissiyalarining qarorlari asosida Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining malaka shahodatnomasini olgan shaxs kadastr muhandisi boʻlishi mumkin;

malaka shahodatnomasini olish uchun shaxs geodeziya va yer kadastri boʻyicha kamida bir yil ish stajiga ega boʻlishi va malaka imtihonini topshirishi shart;

kadastr muhandisi faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxs rieltorlik tashkilotlari bilan mehnat shartnomasini tuzadi.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Energetika vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan birgalikda 2019 yil 1 mayga qadar:

a) quyidagilarga imkoniyat beruvchi yagona tizim (integratsiya tarmogʻi)ni yaratish:

kommunal xizmatlar koʻrsatuvchi (gaz taʼminoti, sovuq suv taʼminoti va suv chiqarib tashlovchi, issiqlik taʼminoti (markaziy isitish va issiq suv taʼminoti), elektr taʼminoti, maishiy chiqindilarni olib ketish, oʻrnatib qoʻyilgan telefon aloqasi va boshqalar) korxonalarning axborot tizimlarini integratsiyalash;

texnik shartlarni olish, obyektlarni muhandis-texnik taʼminot tarmoqlariga ulash boʻyicha shartnomalarni tuzish uchun yagona ariza berish;

debitor va kreditor qarzdorlik toʻgʻrisidagi hisobni aktual holatda yuritish;

hisobga olish uskunalari koʻrsatkichlarini onlayn tartibda qayta ishlash; 

koʻchmas mulkning kadastr raqami asosida isteʼmolchining unifikatsiya qilingan shaxsiy hisobvaraqasini joriy etish;

isteʼmolchilarga kommunal xizmatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yagona shaxsiy kabinetdan olish imkoniyatini taqdim qilish;

isteʼmolchilarga koʻrsatilgan kommunal xizmatlar uchun hisoblangan toʻlovlarning yagona hisob-kitobini yuborish;

davlat organlariga yagona tizimda debitor va kreditor qarzdorligi toʻgʻrisidagi axborotni taqdim qilish;

b) yagona tizim (integratsiya tarmogʻi)ni yaratish va ishlatish, shuningdek, server uskunalari va tegishli hisoblash asboblarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida hamda xalqaro grantlarni jalb etgan holda xarid qilish va oʻrnatishning moliyalashtirish manbalarini belgilash;

v) kommunal xizmatlardan foydalanishning yagona hisobini yuritishni muvofiqlashtirish va tartibga solish boʻyicha vakolatli organni uning texnik va professional tayyorgarligini inobatga olgan holda belgilash boʻyicha takliflarni kiritsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi:

Davlat soliq qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat personallashtirish markazi bilan birgalikda 2019 yil 1 avgustga qadar Toshkent shahri boʻyicha, 2019 yil 1 dekabrga qadar muddatda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar boʻyicha mulkdorlar — jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya maʼlumotlari (JSH SHIM) va mulkdorlar — yuridik shaxslarning identifikatsiya raqamlari (INN) Reyestrga kiritilishini;

Adliya vazirligi va tijorat banklari bilan birgalikda mavjud axborot tizimlariga zarur oʻzgartirishlar kiritilishini hamda Reyestrning mavjud maʼlumotlar bazalari bilan integratsiyalashuvini;

Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda, shu jumladan, malaka shahodatnomasini berish, kadastr munosabatlari sohasidagi kasbiy qayta tayyorgarlik dasturi boʻyicha oʻqitish mexanizmini, shuningdek, kadastr muhandislari faoliyatini baholash va monitoring qilish mezonlarini nazarda tutuvchi kadastr muhandisi faoliyati bilan shugʻullanish tartibi ishlab chiqilishini;

kadastr muhandislari faoliyati monitoringi natijalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kadastr muhandisi institutini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritilishini taʼminlasin.

8. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2019 yil 1 dekabrga qadar rieltorlik xizmatlari koʻrsatish imkoniyatini taʼminlovchi yagona axborot tizimini ishlab chiqib, uni Reyestr bilan uygʻunlashtirsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda ushbu qarorning talablaridan kelib chiqqan holda tashkilotlar tomonidan maʼlumotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organlarga yuborish tartibi ishlab chiqilishini, shuningdek, koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi qayta koʻrib chiqilishini taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri A. J. Ramatov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti     Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2019-yil 5-aprel


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?