“Ko‘chki” nufuzli xalqaro festivalda namoyish etilmoqda

17:40 11 Iyun 2018 Madaniyat
207 0

Samarqand viloyat musiqali drama teatri jamoasi Qozog‘istonning Ostona shahrida boshlangan “Samg‘au” VI Xalqaro teatrlar festivalida ishtirok etadi.

To‘qqizinchi bor tashkil etilayotgan mazkur festivalda Rossiya, Serbiya, Tatariston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston teatrlari tanlov hay’atiga o‘zlarining repertuaridagi X. Myullerning “Medeya”, Gogolning “Revizor”, M. Avezovning “Qorako‘z”, U. Gadjibekovning “Arshin mal-alan”, D. Patrikning “Qimmatli Pamela”, A.Pushkinning “Yevgeniy Onegin” kabi sahna asarlarini taqdim etgan bo‘lib, shulardan 12 tasi festivalda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi.

“Samarqand teatri ijodkorlari festivalda “Ko‘chki” spektakli bilan ishtirok etmoqda. Teatr jamoasi mazkur asar bilan shu yilning aprel oyida Turkiyada bo‘lib o‘tgan Xalqaro teatrlar festivalida muvaffaqiyatli ishtirok etib, sovrindor bo‘lgan edi”, - deydi Madaniyat vazirligi matbuot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva.

Ostonadagi teatrlar anjumani doirasida spektakllar muhokamasi, mahorat saboqlari, yirik teatr jamoalari bilan uchrashuv va boshqa bir qator madaniy dasturlar bo‘lib o‘tadi.
Samarqand viloyat musiqali drama teatri ijodkorlarining nufuzli festivalda ishtiroki ikki qardosh xalqlarining o‘zaro madaniy hamkorligini, xususan, teatrlar o‘rtasidagi ijodiy munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Xalqaro festival 16 iyungacha davom etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?