Klinton Zarafshon bilan birodar boʻlmoqchi

21:19 11 Aprel 2019 Jamiyat
473 0

AQSHning Klinton shahri va Navoiy viloyatining Zarafshon shahri oʻrtasida birodarlashgan shaharlar toʻgʻrisida kelishuv imzolanishi rejalashtirilmoqda.

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasining AQSHdagi Favqulodda va muxtor elchisi J. Vahobov Navoiy viloyati hokimi bilan oʻtkazilgan videokonferensaloqada maʼlum qildi.

Mazkur muloqot joriy yil 8 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida boʻlib oʻtgan yigʻilishda berilgan hududlarda xorijiy investitsiyalarning oʻz vaqtida samarali oʻzlashtirilishini taʼminlash borasida yangi nazorat tizimi joriy etish, har haftaning chorshanba kunini “Investorlar kuni” sifatida belgilash topshirigʻi ijrosi doirasida oʻtkazildi.

J. Vahobovning aytishicha, 15-16 may kunlari AQSH ishbilarmon doira vakillari bilan oʻtkaziladigan forumda 100 dan ortiq tadbirkorlar qatnashish istagida ekanligini bildirgan.

Shuningdek, oʻtkazilgan muloqotlarda davlatimiz rahbarining joriy yil 12-13 mart kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida maʼqullangan xorijlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikdagi investitsion loyihalarning ijrosi taʼminlanishi, yuzaga kelayotgan jihatlar va ularning yechimi muhokama ham qilindi.

Xususan, “US Inc.” kompaniyasi (AQSH)ning Navoiy shahrida tibbiy tez yordam markazi, diagnostik markaz hamda klinika barpo etish loyihasi boʻyicha korxona taʼsischilari tomonidan joriy yil 15-16 may kunlari korxonaga ajratilgan yer maydonida qurilish ishlarini boshlab, tamal toshi qoʻyish marosimi amalga oshirilishini, “Calatrava grace corporation” tomonidan arzon uy-joylar qurilishi uchun monobloklar ishlab chiqarish zavodi qurilishi loyihasi boʻyicha ham 15-16 may kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida investitsion kelishuv imzolanishi kutilayotganligi va mazkur forumga 100 nafardan ziyod amerikalik ishbilarmonlar kelmoqchi ekanligi inobatga olinib, Oʻzbekiston tomonidan ular bilan hamkorlik qiladigan korxonalar roʻyxatini shakllantirish hamda B2B-uchrashuvlarni tashkil etishga kelishib olindi.

Temur Eshboyev (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?