“Klaster toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi quyi palatada koʻrib chiqiladi

15:03 06 Fevral 2019 Siyosat
580 0

Foto: D. Chirkova / Xalq soʻzi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi hamda OʻzLiDeP fraksiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan seminarda dolzarb masalalaridan biri sanalgan klasterlar tizimini rivojlantirishning qonunchilik asoslarini takomillashtirish masalalari muhokama etildi.

Klaster sohasidagi munosabatlarni tashkiliy va huquqiy asoslarini tartibga solishga yoʻnaltirilgan “Klaster toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini dastlabki tarzda koʻrib chiqish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish yuzasidan fikr almashildi. Ayni chogʻda mazkur qonun loyihasi tizim taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

Maʼlumot uchun, bugungi kunga kelib respublikamizda 16 ta paxta-toʻqimachilik klasterlari tashkil qilinib, 20 ta tumanda 164 ming gektar maydonda klaster usulida paxta yetishtirish yoʻlga qoʻyildi.2019 yilda klaster usulida paxta yetishtirishni kamida 52 foizga yetkazish uchun 48 ta paxta-toʻqimachilik klasterini tashkil etish rejalashtirilgan.

Kelgusida paxta yetishtiruvchi 133 ta tumandan 70 tasi toʻliq klaster tizimiga oʻtadi. Yangi tashkil etilayotgan klasterlar tarkibida 41 ta korxona ochilib, 23 mingga yaqin ish oʻrni yaratiladi. 2019 yilda ishlab chiqarilayotgan tolaning 78 foizi Oʻzbekistonda qayta ishlanadi va 2020 yilga borib esa, paxta tolasini respublikada toʻliq qayta ishlashga oʻtiladi. Tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish ulushi 40 foizdan kamida 60 foizga yetkaziladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?