Klaster tizimi: Yutuqlar, tajribalar, imkoniyatlar koʻlami kun sayin kengaymoqda 

16:51 19 Mart 2020 Jamiyat
162 0

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-13-mart kunlari hududlar rivoji va aholi hayoti hamda xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish yoʻlida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar bilan tanishish maqsadida Xorazm viloyatiga tashrifi chogʻida ushbu hududda klaster uslubining samarali faoliyatini tashkil etish va takomillashtirish yuzasidan bir qator tavsiya va vazifalar belgilab bergandi. Ular ijrosini taʼminlash maqsadida Xorazm viloyati tuman va shahar hokimlaridan iboratdilegatsiya aʼzolari 16-17-mart kunlari Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanidagi “TST Agrocluster” koʻptarmoqli agrosanoat klasteri faoliyati bilan tanshdilar.

Mehmonlar bu yerda klaster uslubining yuqori samaradorligi tufayli erishilgan yutuqlarga bevosita guvoh boʻlishdi. Ayniqsa, bahorgi ekin ishlariga shay qilingan texnikalar, chigit qadash uchun dalalrda olib borilayotgan soʻnggi tayyorgarliklar xorazmliklarda katta qiziqish uygʻotdi.

Mehmonlarga tumanning “Beruniy” hududi markazida joylashgan bolalar bogʻchasi, madaniyat uyi, poyabzal fabrikasi, “Paxtazor” mahallasidagi sport majmuasi, “Otajonov” hududida bunyod etilgan madaniyat uyi, tikuv fabrikasi, istirohat bogʻi, zamonaviy uslubdagi koʻptarmoqli poliklinika, ayollar xizmati markazi tumanda keyingi yillarda erishilgan yutuqlar debochasi sifatida taqdim etildi.

“TST Agrocluster” koʻptarmoqli agrosanoat klasteri rahbari Murtazo Rahmatov delegatsiya aʼzolarini mazukr tizimning “Tashkent Cotton Textile” MCHJ, “TCT Rice” MCHJ, “TCT Milk” MCHJ, “TCT Meat” MCHJ, “TCT Fish” MCHJ kabi yangi loyihalari bilan tanishtirdi. Ularga koʻra, Toshkent viloyatida paxta va gʻalla yetishtirish, paxta xomashyosini qayta ishlash, goʻsht-sut ishlab chiqarish borasida yana-da yuksak natijalarga erishiladi. Birgina, “Tashkent Cotton Textile” MCHJ loyihasi birinchi bosqichining qiymati 47,3 million yevroga teng. U 2021-yilda foydalanishga topshiriladi. Dastlabki loyiha kalava ip yigirish imkoniyatini beradi. Keyingi bosqichda paxmoq matolar toʻqish va tayyor tikuvchilik mahsulotlari, sochiqlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Bu ishlar 2022-2023-yillarga moʻljallangan.

Keyingi loyihalar ham violoyat iqtisodiyotini yuksaltirishga yoʻnaltirilgan. 21 ming tonna sholi qayta ishlanib, 10,5 ming tonna guruch, 5,5 ming tonna sechka, 5 ming tonna yem ishlab chiqarish imkoniyati yuzaga keladi.

Ohangaron tumanidagi bepayon yaylovlarda chorva mollari parvarishlashga ixtisoslashtirilgan loyihada 5 ming bosh qoramol parvarishlanib, olingan 40 ming tonna sut shu yerning oʻzida qayta ishlanib, qatiq, qaymoq, pishloq, sariyogʻ ishlab chiqariladi. Ikkinchi yoʻnalishida esa, 10 ming bosh chorva mollari parvarishlanib, 2 ming tonna goʻsht yetishtiriladi. Kolbasa va kolbasa mahsulotlari tayyorlanadi. 2 million AQSH dollarilik tayyor mahsulotlar eksport qilinadi. Klaster rahbari M.Rahmatov, bu loyihada hattoki, bolajonlar uchun sevimli boʻlgan brend muzqaymoqlar tayyorlash ham eʼtibordan chetda qoldirilmaganini alohida taʼkidladi.

“TCT Fish” loyihasi respublikamizda kamyob boʻlgan baliq turlarini koʻpaytirish, baliq konservalari, ikra va boshqa mahsulotlar bilan ichki va tashqi isteʼmol bozorini toʻkin-sochin qilish koʻzda tutilganligi bilan ahamiyatlidir.

—Muhtarm Prezidentimizning tashabbuslari bilan Xorazm viloyatining barcha tuman hokimlaridan iborat dilegatsiya bu yerga kelishdi,-deydi Gurlan tumani hokimi Alisher Salayev. — Tashrifimiz davomida mamlakatimiz qishloq xoʻjaligini rivojlantirish maqsadidada joriy etilgan klaster tizimining afzalliklari bilan batafsil tanishmoqdamiz. “TST Agrocluster” koʻptarmoqli agrosanoat klasteri ishchi-xizmatchilarining paxta va gʻalla yetishtirish, xomashyoni qayta ishlapsh sohasida qoʻlga kiritayotgan yutuqlari bizni lol qoldirdi. Bu yerda takidlanganidek, tumanda fermer xoʻjaliklari davrida ishchilar soni 900 nafarga yaqinroq boʻlgan. Oylik maoshlari esa 550 ming soʻmdan oshmagan. Klaster tizimi tufayli 5536ta ish oʻrni yaratilgan. Oylik moddiy manfatdorlik ikki million soʻmdan oshgan. Paxta yetishtirish hosildorligi gektariga 32 sentnerni tashkil etgan. Davlat gʻaznasiga oldingi davrdagidan 6 barobar koʻp soliq tushumi kiritilgan. Aholi turmush farovonligi barqaror—mahalla va qishloqlar obod, yoʻllar ravon. Bu yutuqlarni tumanimizda ommalashtirishni shu yerdayoq rejalashtirib oldik. Quyi Chirchiq tajribasi biz uchun juda katta ibrat boʻldi.

—Muhtaram Prezidentimiz Xorazm viloyatiga tashrifi davomida tumanimizda klaster tizimini joriy etishda hanuzgacha ikkilanish borligini jiddiy tanqid qildilar,-deydi Qoʻshkoʻpir tumani hokimi Joʻrabek Rahimov. — Bu borada Toshkent viloyatida yetarli tajriba mavjudligi bois bu yerga tashrif buyurdik. Natijalar biz tasavvur qilganda-da yuqori. Muhtaram Prezidentimizning bu boradagi eʼtirozlari nechogʻli oʻrinli ekanligini angladik. Klaster tizimiga oʻtish biz uchun bugun nihoyatda zarurligi nomoyon boʻldi. Tasvvur qiling, “TST Agrocluster” koʻptarmoqli agrosanoat klasterida 2500dan ortiq zamonaviy texnikalar, jumladan, qoʻshkoʻpirliklar uchun suv bilan havodek zarur, ish unumdorligi nihoyatda yuqori boʻlgan haydov va chopiq traktorlari, qator orasiga ishlov beruvchi texnikalar, OVX apparatlari, oʻgʻit sochuvchi agregatlar, paxta terish mashinalari xullas, dehqon uchun nimaiki zarur boʻlsa hammasi muhayyo.

Suhbatdoshlarimiz taʼkidlaganidek, Toshkent viloyatida yuksak samaralarga erishayotgan mavjud klasterlar, jumladan, “TST Agrocluster” koʻptarmoqli agroklasteri jamoasining faoliyati tahsinga loyiq. Yutuqlar, tajribalar, imkoniyatlar koʻlami kun sayin kengaymoqda.

Shodiyor MUTAHAROV,
“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?