Klaster — raqobatda yutib chiqishning eng oqilona yoʻli

13:47 22 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
433 0

Ekspertlar hisob-kitoblariga koʻra, bugungi kunda dunyodagi ilgʻor davlatlar iqtisodiyotining qariyb 50 foizi klaster usuliga oʻtgan. Masalan, Yevropa Ittifoqida 2 mingdan ziyod klasterlar mavjud boʻlib, ularda ishchi kuchining 38 foizi qamrab olingan. Daniya, Finlyandiya, Norvegiya, Shvetsiya sanoatida toʻliq klaster usuli tatbiq qilingan. AQSHda esa mamlakatdagi mavjud korxonalarning yarmidan ziyodi shu tizimda ishlab, ular tomonidan tayyorlanayotgan tovarlar yalpi ichki mahsulotning 60 foizini tashkil qiladi.

Ularning eng mashhuri sizu bizga tanish boʻlgan “Silikon vodiysi”dir. 87 mingta kompaniya, 40 ta tadqiqot markazi va oʻnlab universitetlar faoliyat yuritadigan mazkur innovatsion klaster infratuzilmasiga 180 ta venchur firmasi, 47 ta investitsiya va 700 ta tijorat banki xizmat koʻrsatib keladi. Xoʻsh, nima uchun jahonning eng ilgʻor iqtisodiyotlari aynan klasterlashtirish yoʻlidan bormoqda?

Germaniyalik mutaxassislar fikricha, aynan klaster kelajakdagi kuchli, murosasiz raqobat muhitida yutib chiqishning eng oqilona yoʻlidir. Zero, bunday mexanizm har qanday sharoitga moslasha oladi, ham iqtisodiy, ham ijtimoiy muammolarni izchillik bilan samarali yechib beradi, nafaqat muayyan hudud, balki davlatning xalqaro maydondagi raqobatdoshligini mustahkamlaydi, nufuzini oshiradi. Qolaversa, innovatsion iqtisodiyotga oʻtishning muhim bosqichi hisoblangan ushbu tizim ilm-fan, taʼlim hamda ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirish, yangi innovatsion texnologiyalarni amaliyotga jadal joriy etishga xizmat qiladi.

Oʻzbekistonda ham mamlakat va jamiyatning mukammal innovatsion qiyofasini yaratishda klaster usulidan foydalanishga katta eʼtibor qaratilyapti. Bunga agrar sohadagi saʼy-harakatlar yaqqol misol boʻla oladi. Ayni paytda paxta-toʻqimachilik klasterlari soni koʻpayib borayotgani, kelgusida paxta yetishtiruvchi 133 tumandan 70 tasi toʻliq klaster tizimiga oʻtishi, yangi tuzilayotgan klasterlar tomonidan 41 korxona tashkil etilib, 25 mingga yaqin ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilayotgani diqqatga sazovor. Biz bu yoʻnalishdagi islohotlarning ahamiyati haqida mutaxassislar fikri bilan qiziqdik.

Murtazo RAHMATOV, “BCT Cluster” xorijiy korxonasi rahbari (Rossiya):
— Oʻzbekiston sharoitida agroklasterlarni rivojlantirish eng toʻgʻri yoʻldir. Chunki qishloq xoʻjaligi uchun noqulay kelgan yillarda ham klasterning boshqa tashkilotlari hisobidan umumiy ish oʻrni va ish haqi saqlab qolinadi. Yaʼni tabiat injiqligining biznesga, ishlovchilar daromadiga taʼsiri kamayadi. Almashlab ekish imkoniyati paydo boʻladi va tuproq unumdorligi qayta tiklanadi.

Oʻzbekiston Prezidentining 2017 yil 19 maydagi Buxoro viloyatida zamonaviy paxta-toʻqimachilik klasterini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi qarori asosida tuzilgan “VST Cluster” xorijiy korxonamiz ham shunday mezonlar boʻyicha faoliyat yuritib kelmoqda. Mazkur klaster tizimida jami sakkizta kompaniya faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Ayni paytda tegishli oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish, ilmiy-amaliy izlanishlar olib borish boʻyicha hamkorlikni ham yoʻlga qoʻyganmiz.

Pan GAN, tadbirkor (Xitoy):
— Oʻzbekistonda hayotga tatbiq etilayotgan tashabbuslar biz kabi xorijlik investorlarga ham qoʻshimcha ragʻbat beryapti. Yurtingizda oʻn yildan buyon faoliyat olib boraman. Tan olish kerak, oʻn yil oldingi holat bilan bugungi kundagi imkoniyatlarni taqqoslash qiyin. Koʻp narsalar oʻzgarmoqda. Bundan ruhlanib, Andijon viloyatida qoramolchilik fermasini tashkil etdik. Buning uchun 1 000 gektar yer oldik, Germaniyadan 2 000 bosh zotdor qoramol keltirdik.

Viloyat hokimligi harakatlarimizni oʻz vaqtida qoʻllab turibdi. Kelgusida biz ham klaster usuliga toʻliq oʻtmoqchimiz.

Joʻshqin RЕNKLI OGʻLU, “BCT Cluster” xorijiy korxonasi menejeri (Turkiya):
— Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik sohasida klaster tizimini tanlab juda toʻgʻri qildi. Masalan, Turkiya 20 — 25 yil ichida jahon toʻqimachilik bozoridan oʻzining mustahkam oʻrnini egallashga erishdi. Mamlakatingiz esa klaster sharofati bilan bunday natijaga kelgusi ikki-uch yilda muvaffaq boʻladi, deb oʻylayman. Sababi yurtingizda kechayotgan jadal oʻzgarishlar, ayniqsa, har bir hududning oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqib klaster sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor shunday deyishimga asos boʻladi.

Oʻktam UMURZOQOV, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori:
— Davlatimiz rahbari dunyoning ilgʻor mamlakatlari qatoridan joy olish yoʻli, bu — agrar sohada, ilm-fanda, taʼlim tizimida va boshqa sohalarda klaster tizimlari joriy etilishi hisoblanishini koʻp bor taʼkidlab kelyapti. Yengil sanoat, neft-gaz, kimyo, biotexnologiya, AKT, avtomobilsozlik, transport-logistika, rekreatsion-turistik, oziq-ovqat, taʼlim, baliqchilik, parrandachilik, asalarichilik, ipakchilik shular jumlasidandir. Mazkur sohalarda klaster tizimlarini yaratish ilmiy tadqiqot va ishlanmalarni moliyalashtirish hajmini koʻpaytiradi, sifatini yaxshilaydi. Investitsiyaviy tashqi loyihalarda ishtirok etish, ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va malakasini oshirishning yangi imkoniyatlarini yaratadi.

Bundan tashqari, klaster tizimida taʼlim ishlanmalarini yaratish, ularni qisqa muddatda sinovdan oʻtkazish, ishlab chiqarish va ilmiy izlanishlardagi xodimlar hamda mutaxassislar mehnatlarini koʻproq ragʻbatlantirish, yangi tovarlarni Oʻzbekiston brendi bilan ixtiro qilish uchun keng imkoniyatlar va sharoit paydo boʻladi.

Saidjon MAXSUMOV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?