KXDR yadro obyektlarini bir yilda yo‘q qilmoqchi

13:03 02 Iyul 2018 Dunyo
330 0

Kecha AQSH va KXDR delegatsiyalari Janubiy Koreyaning Pxanmundjom chegara hududida muzokaralar o‘tkazdi.

Aynan shu joyda Koreya yarim orolidagi davlat rahbarlari ham uchrashgan edi.

CNN xabariga ko‘ra, Amerika tomoniga Donald Tramp va Kim Chen In muloqotida bevosita ishtirok etgan AQSHning Filippindagi elchisi Sun Kim boshchilik qildi. Bu Vashington va Pxenyan o‘rtasida Singapur sammitidan keyingi ilk yuzma-yuz muloqotdir. Unda ikki davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shu kuni AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton esa CBS kanaliga bergan intervyusida KXDRdagi yadro qurollari va ballistik raketalar tayyorlanadigan obyektlarning aksariyat qismini bir yil ichida yo‘q qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqilganini ma’lum qildi.

U davlat kotibi Maykl Pompeo Shimoliy Koreya tomoni bilan birgalikda aynan shu masala bo‘yicha yaqin kunlar ichida konsultatsiyalarni boshlashini ta’kidlagan. J. Bolton KXDR bu borada strategik qarori asosida AQSH bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirsa, amerikaliklar tezda ishga kirishishini ham qayd etib o‘tgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?