KXDR va AQSH rahbarlari sammiti 13 iyun kuni ham davom etishi mumkin

16:07 11 Iyun 2018 Dunyo
1250 0
Foto: gazeta.ru

KXDR va AQSH rahbarlari Kim Chen In hamda Donald Tramp o‘rtasidagi Singapur sammiti Koreya yarim orolini denuklerizatsiya qilishdek yillab vaqt ketadigan uzun jarayonning faqat boshlanishi xolos.

Bu haqda Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In o‘z yordamchilari bilan uchrashuvi davomida aytib o‘tdi, deb xabar berdi Yonhap axborot agentligi.

“Chuqur ildiz otgan dushmanlik munosabatlari, shuningdek, Shimoliy Koreya yadro muammosi bilan bog‘liq masalani rahbarlar o‘rtasidagi bittagina uchrashuvda hal qilish mumkin emas. Hatto ikki yetakchi muloqotni yo‘lga qo‘yib olgandan so‘ng ham, bizga muammoni to‘liq yechish uchun bir yil, ikki yil yoki undan ham ko‘p vaqt oladigan uzoq jarayon talab etiladi”, - deydi Mun Chje In.

Mun Chje In mazkur protsessni nihoyasiga yetkazish uchun Koreya Respublikasi, KXDR va AQSH, qolaversa, boshqa tomonlarning “sofdil sa’y-harakatlari” kerak bo‘lishiga urg‘u bergan.

Mazkur tarixiy uchrashuv tashabbuskori va bu yo‘lda bor kuch-g‘ayratini ishga solgan siyosatchi ham Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In hisoblanadi.

Ushbu sammitgacha bo‘lgan yo‘l juda kutilmagan burilishlari bilan mashaqqatli kechdi. U gohida bekor qilindi, gohida yangilandi, gohida belgilangan sanasi muhokamalar markaziga chiqdi. Mazkur muloqot ikki tomonlama emas, hatto Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In va XXR raisi Si Szinpin qo‘shilishi hisobiga uch yoki to‘rt tomonlama ko‘rinish olishi haqida ham axborotlar tarqatildi. Lekin bular rasman tasdiqlanmadi.

Qisqa vaqt ichida Pxanmunjon chegara hududida Kim Chen In bilan ikki bor uchrashgani, soatlab suhbatlashgani, Vashingtonga rejadan tashqari tashrif buyurgani, bugun esa Donald Tramp bilan yana bir bor telefon orqali shu masalada fikr almashgani Mun Chje In mazkur sammitni o‘tkazishda ulkan vositachilik vazifasini professional tarzda amalga oshirganini anglatadi.

Mana shunday mashaqqatli mehnat va qat’iy sa’y-harakatlardan so‘ng, nihoyat, hammasi ayon bo‘ldi.

12 iyun. Singapur. Sentoza oroli. Capella mehmonxonasi. Soat 7:00 (Toshkent vaqti bilan) AQSH Prezidenti Donald Tramp va Kim Chen In o‘rtasida tarixiy sammit boshlanadi.

Janubiy Koreya, Singapur, Malayziya davlatlari hukumat rahbarlari mazkur uchrashuv Koreya yarim oroli, umuman, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida xavfsizlik va tinchlikni ta’minlashda katta rol o‘ynashini bildirdi.

Singapur TIV rahbari Vivian Balakrishnan esa VVS axborot agentligiga bergan intervyusida AQSH – KXDR rahbarlari sammiti faqat 12 iyun emas, ertasi kuni ham davom ettirilishi ehtimoli borligini ta’kidlab o‘tgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?