KXDR iqtisodiy sanksiyalar bo‘yicha Xitoydan ko‘mak so‘radi

12:41 02 Iyul 2018 Dunyo
1188 0
Foto: Reuters

KXDR yetakchisi Kim Chen In iyun oyida Xitoyga qilgan uchinchi tashrifi chog‘ida XXR raisi Si Szinpinga iqtisodiy sanksiyalar katta talafot keltirayotganini aytib o‘tgan.

Bu haqda mahalliy OAVga tayanib RIA Novosti xabar berdi. Xususan, uchrashuvda KXDR yetakchisi AQSH rahbari bilan sammit muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng cheklovlar tez orada bartaraf etilishiga umid bildirib, bu borada Xitoydan ko‘mak so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, Kim Chen In 19 — 20 iyun kunlari Chin o‘lkasiga ikki kunlik tashrifni amalga oshirdi. Safardan ko‘zlangan maqsad 12 iyun kuni Singapurda tashkil etilgan KXDR-AQSH tarixiy sammiti yakunlari, shuningdek, Koreya yarim orolini denuklerizatsiya qilish istiqbollari bo‘yicha fikr almashish edi.

Shimoliy Koreya rahbari 2011 yil hokimiyat tepasiga kelgandan keyin ilk bor xorijiy safarini joriy yil 25-28 mart kunlari aynan Xitoyga amalga oshirgandi. Shundan so‘ng 7-8 may kunlari yana Chin o‘lkasiga bordi.

Ma’lumot uchun, iyun oyi oxirida Donald Tramp KXDRga nisbatan sanksiyalarni yana bir yilga uzaytirdi. Ular KXDRning yadro dasturi, pullarni o‘zlashtirish, kiberhujumlar, inson huquqlarini buzilishiga qarshi qaratilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?