Kitobning jonli ijrosi

14:05 20 Iyun 2018 Madaniyat
256 0
Foto: “Xalq so‘zi”

O‘quvchilarning qishki ta’til kunlari hamma nabiralarimni to‘plab, Mustaqillik shohko‘chasidagi “Kitob olami” majmuasiga yurish qildik. Boshida kelishib oldik: kim qaysi kitobni tanlasa, birga maslahat qilamiz, hammaga ma’qul bo‘lsa, sotib olamiz.

Bir zumda bolalar kitob javonlari oralab tarqab ketishdi. Zimdan kuzataman: ularning yuz-ko‘zlaridagi xursandchilik alomatlari, o‘zgacha qiziqishlari dilimda ezgu his-tuyg‘ular uyg‘otdi. Bolajonlar archa bayramiga borganda ham bunchalik mamnun bo‘lishmagandi. Xuddi kitoblardan taralgan ziyo ularning yuz-ko‘zlarida aks etgandek. Dilmurod Dildora opasidan so‘raydi: “Mana shu kitobni olsam bo‘ladimi?” “Bu kitob menda bor, boshqasini tanla” dedi opasi. Azamat lug‘atlar ichidan o‘ziga keragini tanladi. Ozodbek yana bir kitobni akasiga ko‘rsatdi.

Xullas, uyga qaytayotganimizda nabiralarning har biri o‘zi tanlagan kitobini bag‘riga bosib, xuddi noyob boylikni qo‘lga kiritganday yo‘lga tushishdi. Qanday yaxshi, shu kitoblar ularga doimiy hamroh, yaqin suhbatdosh bo‘ladi. Eng muhimi, inson o‘z qo‘li bilan yaratgan ne’matni ko‘z qorachig‘iday asragani kabi, bolalar ham o‘z qo‘li bilan javondan olgan kitobni ehtiyotlab saqlaydi.

Ba’zan hamkasblarimiz “Nega hech kim kitob o‘qimay qo‘ydi?” deya yozg‘irganlarini o‘qib qolamiz. Ehtimol, bu gapda ham jon bordir. Lekin ushbu e’tirozni mutlaq haqiqat sifatida qabul qilmagan bo‘lardik. Bunga o‘sha “Kitob olami” majmuidagi manzarani tomosha qilganimizda ishonch hosil qildik.

Ma’naviyatning zamonaviy maskaniga kelgan odam, ayniqsa, yoshlar faqat kitob bilan cheklanishmaydi. “Kitob olami” ma’naviy-ma’rifiy savdo majmuasi direktori Shuhrat Oxunjonov bu dargohda qilinayotgan ishlar haqida ajib zavq bilan gapiradi:

— Faqat kitob bilan emas, balki o‘sha kitobning mualliflari va qahramonlari bilan yuzma-yuz muloqot qilish yoshlarimiz ma’naviy olamini boyitish, bilim cho‘qqilarini egallashda ma’qul vosita bo‘layapti. Aytaylik, kitobni o‘qish asnosida kitobxonda savol tug‘ilishi mumkin. Buning uchun muallif bilan muloqot juda qo‘l keladi.

Bu yerda oyiga kamida ikkita tadbir o‘tkaziladi. Taniqli rejissyorlar Bahodir Yo‘ldoshev va Sayfiddin Meliyev shogirdlari “Kitob olami” muxlislariga bir necha bor teatr tomoshalarini namoyish etishdi. “Arshin mololon”, “To‘maris”, “Charli Chaplin” dramalari tomoshabinlar ko‘z oldida yosh aktyorlar ijrosida o‘ynalganda bolajonlar ajib taassurot olishdi. Ovozsiz imo-ishoralar orqali kulgili hangomalar namoyish etilgandan keyin ota-onalar safida o‘tirgan adiblardan biri so‘z oldi:

— XX asrning mashhur olimi Albert Eynshteyn Charli Chaplinga xat yozibdi: “Azizim Charli. Siz dunyoda eng baxtli odamsiz. Chunki sizni hamma gap-so‘zsiz tushunadi”. Ch. Chaplin olimga shunday javob qilibdi: “Muhtaram Albert. Sizning fanda yaratgan nazariyangizni juda ko‘p odam tushunmaydi, lekin shunda ham siz olamga mashhursiz”. Qissadan hissa: “Kitob olami”ga tez-tez keladigan yoshlarimizdan Albert Eynshteyndek olamshumul kashfiyot qiladigan olimlar chiqsin. Bu lutfdan tadbirga kelgan kitobxonlaru san’atkorlar qarsak chalib yuborishdi.

Tohir Malik, Anvar Obidjon, Iqbol Mirzo, Farida Bo‘tayeva, Obiddin Mahmudov kabi shoir va yozuvchilar, “Jamiyat”, “Oila davrasida”, “Sog‘lom avlod”, “XXI asr” gazetalari ijodkorlari bu dargohda o‘tkaziladigan tadbirlarda tez-tez bo‘lib turishadi. “Kitob olami”dagi tadbirlar, davriy nashrlarda yoritilishidan tashqari, jurnalistlar uchun yangi mavzular shu yerda kurtak yozadi. Yosh kitobxonlar ilgari o‘qigan kitoblarining o‘ziga xos “jonli ijro”siga guvoh bo‘lishadi. Yosh avlod ongu shuurida shunday ta’sirchan vositalar orqali olam va odam haqidagi bilimlar muhrlanib qolishi ayni muddaodir.

Mazkur dargohda “Omadli kitobxon” loto o‘yini ko‘plab o‘quvchilarni jalb etishda yaxshi vosita bo‘lmoqda. Ushbu o‘yinda qatnashish uchun muayyan ro‘yxatdagi kitobni xarid qilgan muxlisga bittadan lotereya taqdim etiladi. Unga “Omadli kitobxon” tadbiri qachon o‘tkazilishi aytiladi. Belgilangan kuni taniqli yozuvchi va shoirlar, el nazaridagi san’atkorlar navbati bilan “bank”dan lotereya raqamlari yozilgan chiptalarni olishadi. Kimning omadi kelsa, unga noyob kitoblar to‘plami sovg‘a qilinadi. E’tibor qilsangiz, ana shu to‘plam “Kitob bu — mo‘jiza” deb yozilgan paketda taqdim qilinadi. Ushbu tadbir ikki yildan buyon juda ommalashib ketdi.

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 29-maktabning 1-9-sinf o‘quvchilari bu yerda “Kitob samimiy va sodiq do‘stimiz” mavzuida maroqli tadbir o‘tkazishdi. Bolalar bilan birga tashrif buyurgan ustozlar majmuadagi ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy, tarixiy, sport, jahon adabiyoti hamda bolalar adabiyotlari bilan oshno bo‘lishdi. Shu narsa quvonchliki, “Kitob olami” majmuasi Toshkentga kelgan turistlarning sayyohlik yo‘nalishiga kiritilgan bo‘lib, o‘zga yurtlardan kelgan mehmonlar ushbu ma’naviyat maskaniga yuksak baho berishmoqda. 

Insoniyat tarixida shunday asarlar borki, ular asrlar osha avloddan avlodga o‘tib, insonlarga ziyo taratishda davom etadi. Sohibqironning “Temur tuzuklari” asari kitoblar orasida eng oldingi o‘rinlardan birini egallaydi. Kitob Yer yuzida tinchlikni mustahkamlash, muruvvatli, saxiy, insonparvar va oliyjanob bo‘lish, Vatanni sevish kabi tamoyillarni targ‘ib qilish bilan birga, mazkur asarda davlat boshqaruvi, tashqi va ichki siyosat, harbiy san’at kabi mavzularga ham keng o‘rin berilgan. Endilikda mazkur kitob to‘rt tilda, ya’ni o‘zbek, ingliz, fransuz va rus tillarida tadim etiladi.

Kitobning so‘z bilan izohlab bo‘lmaydigan aurasi, yorug‘ nur kabi sho‘lasi, ohanrabosi bo‘ladi. Undagi ezgu g‘oyalar, ibratli xulosalar kitobxon qalbiga ajib bir muloyimlik bilan singib boradi. Bir fikr ikkinchisini keltirib chiqaradi. Intellektual ne’mat orqali inson ruhiyatida beg‘ubor kayfiyat uyg‘onadi. Bularni dildan his qilish uchun, avvalo, kitobga muhabbat bo‘lishi kerak. U esa aynan “Kitob olami”da tug‘iladi.

Ota-ona farzandiga biror buyum, kiyim, o‘yinchoq keltirganda oilaga qanday quvonch keltirishi barchamizga ma’lum. Lekin shu ne’matlar o‘rnida kitob bo‘lsa-chi. Bunga farzandni juda erta yoshdan o‘rgatish kerak. Bola kitobga qancha barvaqt mehr qo‘ysa, shuncha yaxshi. Shu ruhda tarbiya ko‘rmagan o‘g‘il-qiz uchun keyinchalik kitob oddiy qog‘oz to‘plami bo‘lishi mumkin.

Yosh avlodning qalbini oppoq qog‘ozga menzaydilar. Unga qanday bitiklar yozilsa, kelajakda inson hayoti o‘shanga hamohang ruhda davom etadi. Agar biz, kattalar murg‘ak bolani kitobga oshno holda tarbiyalasak, naryog‘i qiyin bo‘lmaydi. Aksincha bo‘lsa, ma’naviyatdan, ma’rifatdan yiroq odamga bir gap uqtirish oson emas.

2017 yil boshida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ezgu bir hujjatni e’lon qildi. Bu “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishdir. Bu degani aholi o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etish davlat maqomi darajasiga ko‘tarilganini anglatadi. Endi kitob tayyorlash, tarqatish, o‘quvchisiga yetkazish — hamma-hammasi monitoring qilinadi, xalqimiz nur va ziyo ramzi bo‘lmish kitobga oshno bo‘lib yashaydi.

Yurtboshimiz farmoyishida bir qator vazifalar aniq belgilab berilgan. Kitob chop etish va tarqatishning hozirgi tizimi talablarga javob bermaydi. Buning uchun soha mutaxassislari va ekspertlari ishtirokida dunyoning rivojlangan mamlakatlari tajribasi hisobga olinadi. Bunda aholi, ayniqsa, yoshlar orasida badiiy yuksak, intellektual saviyani o‘stiradigan kitoblarga bo‘lgan talab o‘rganiladi, ushbu maqsadga ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish, nashriyotlar tomonidan chiqariladigan badiiy, ma’rifiy, yoshlarning dunyoqarashini kengaytirishga doir adabiyotlarning umumiy buyurtma ro‘yxatini shakllantirish orqali erishiladi. Jahon adabiyotining durdona asarlari o‘zbek kitobxonining intellektual mulkiga aylanadi. Bolalar nashriyotlariga imtiyozlar beriladi. Ezgu tashabbus tufayli qishloqlarimizning gavjum joylarida ham “Kitob olami”ning bo‘limlari faoliyat yuritadi.

Keyingi yillarda Toshkentdagi G‘afur G‘ulom bog‘ida,mamlakatimizni yirik shaharlarida kitob bayramlari o‘tkazish ajoyib an’anaga aylandi. Bog‘ning turli tomonlari barcha nashriyotlar ishtirokida rang-barang ko‘rgazmalar bilan bezatiladi. Tabiat ne’matlari ma’naviyat mahsulotlari bilan uyg‘unlashib ketadi. Ziyolilarning, kitob shaydolarining haqiqiy bayrami bo‘ladi. Shunday tantanavor manzaralar go‘zal va osoyishta yurtimizga juda-juda yarashadi.
Insoniyatning buyuk kashfiyoti kitob har birimizga hamroh bo‘lsin.
Shuhrat JABBOROV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist,
“Xalq ta’limi homiysi” ko‘krak nishoni sohibi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?